“Fizika sohasidagi taʼlim sifatini oshirish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–5032-son, 19.03.2021-y.) qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
Qaror bilan 2021–2023-yillarda fizika fanlari boʻyicha taʼlim sifatini oshirish va fizika sohasidagi ilmiy tadqiqotlarning natijadorligini taʼminlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi (Kompleks dastur) tasdiqlandi.
Fizika fani boʻyicha kadrlarni, xususan, qishloq joylardagi maktablarning oʻqituvchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini rivojlantirish Kompleks dasturning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
2021–2022-yillarda bosqichma-bosqich respublika hududlarida fizika faniga ixtisoslashtirilgan jami 28 ta tayanch maktabi tashkil etilib, ularga tegishli OTMning kafedralari biriktiriladi.
Shuningdek, 2021–2023-yillarda jami 175 ta maktabda fizika fani chuqurlashtirib oʻqitiladigan sinflar tashkil etiladi.
2021/2022 oʻquv yilidan:
— umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida fizika fani kengroq oʻqitiladigan variativ oʻquv rejasi joriy qilinadi;
— ixtisoslashtirilgan maktablarda fizika fani tayanch oʻquv rejada belgilangan oʻquv soatlar doirasida haftasiga 3 soatdan oʻqitiladi.
2021-yil 1-oktyabrgacha fizika fani oʻqituvchilarining malakasini oshirish boʻyicha oʻquv modullari ishlab chiqiladi.
2022-yil 1-yanvargacha:
● Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi bittadan “Barkamol avlod” bolalar maktablarida “STEM” fizika klublari tashkil etiladi;
● fizika fanidan bilimlarni baholash boʻyicha milliy sertifikatlash tizimi joriy qilinadi.
2021/2022 oʻquv yilidan tajriba-sinov tariqasida 20 ta umumtaʼlim muassasasida “virtual laboratoriya” loyihasi taʼlim jarayoniga tatbiq etiladi.
2022-yil 1-sentyabrdan ixtisoslashtirilgan maktablarning fizika fani boʻyicha milliy sertifikatlash tizimida maksimal ballning 70 va undan yuqori foizini toʻplagan fizika fani oʻqituvchilariga bazaviy tarif stavkasiga nisbatan har oylik ustama haqi 50 foiz miqdorida toʻlanadi.