2048-yil

Kalit so`zlar: to`rtinchi axborot inqilobi, sun’iy intellekt (artificial intelligence), texnologik huquqiy xizmat (LawTech service), texnik huquqiy xizmat (LegalTech service), aqlli shartnomalar (smart contracts), blokcheyn (blockchain), robot-advokat, avtomatlashtirilgan yordamchi, yuridik-texnologik startap.

Kirish
XX asr, ayniqsa, uning ikkinchi yarmi dunyo xalqlari tarixida o`chmas iz qoldirdi. Bu davrda ayrim xalqlar farovonlik va barqarorlikning (oxirgi 2,5 million yil ichidagi) eng yuqori darajasiga erishgan bo`lsa, boshqa xalqlar qattiqqo`l, rahbarlik “mashaqqatini” o`zidan boshqaga ravo ko`rmaydigan, “taxt” tana a’zosiga aylanib ketgan diktatorlar rejimi ostida ezildi, iqtisodiy-ijtimoiy tushkunlikni boshdan kechirdi. Yana bir qator millatlar qog`ozdagi mustaqilliklarini tantana qilishdi.
Umuman olganda, XX asr ikki jahon urushidan chiqarilgan saboqlar, formal mustamlakachilikning tugatilishi, kapitalizmga muqobil bo`lishni da’vo qilgan tuzum halokati kabi belgilar bilan xarakterlanadi. Biroq mazkur yuz yillikning insoniyatga taqdim etgan eng katta tuhfasi ilm-fan ravnaqi, kommunitaksion va axborot texnologiyalarining taraqqiyoti (to`rtinchi axborot inqilobi) bo`ldi.

Xo`sh, 2048-yilga XX asrning nima aloqasi bor?

Uzoqdan boshlayman.
Birinchi isbot: 1417-yil London ko`chalarida chiroqlar o`rnatildi. Tezda bu yangilik butun Yevropaga tarqaldi. Ayni shu chiroqlarni kimdir yoqishi, o`chirishi, tozalashi va vaqti-vaqti bilan unga yonilg`i quyishi talab etilardi. Natijada yangi kasb – chiroq yoquvchi (lightkeeper) kasbi shakllandi (Oybekning “Fanorchi ota”sini eslang). XIX asr o`rtalaridan boshlab chiroqlar gaz yordamida avtomatik yonadigan bo`ldi. Bu esa Qashqadaryoda butun boshli tuman nomi berilgan kasbga nisbatan ehtiyojning yo`qolishiga olib keldi. Oqibat, hozirda siz va biz bilgan elektr chiroqlari ko`chalarni yoritib turibdi.
Ikkinchi isbot: XX asr boshlarida ham shahar transportining asosiy turi izvoshlar bo`lgan. Ot qo`shilgan aravani izvoshchilar boshqargan. 1870-yilda ichki yonuv dvigatelining kashf etilishi va uning keyingi rivoji avtomobillar yaratilishiga turtki bo`ldi. Avtomobillar XX asr 40-yillariga kelib izvoshlar o`rnini egalladi. Izvoshchilar tarixga (yoki haydovchilarga) aylanishdi. Oqibat, hozirda siz va biz bilgan taksistlar ko`chalarni to`ldirib yuribdi.

Gap nima haqida ketyapti?

Yuqorida keltirilgan misollarga e’tibor bersangiz, birinchisida – bir kasb o`rnini yangi texnika egallaganini (chiroqchi o`rniga gaz-chiroq), ikkinchi misolda esa bir kasbning boshqa kasbga (izvosh-aravakash haydovchiga) o`zgarganini ko`rishingiz mumkin. Ammo oradan ancha vaqt o`tdi. Hozir XXI asr. Endilikda texnologiyalar har qachongidan jadal sur`atlarda mukammallashib bormoqda. Texnologik rivojlanish hamda kompyuterlarning quvvati har 18 oyda 2 karra o`sayotgani rad etib bo`lmas ma’lumot. Natijada kompyuterlar “mangu barhayot” hisoblanmish sohalar – agrosanoat, tibbiyot va hattoki yurisprudensiyaga o`ta agressiv tarzda kirib kelishi kuzatilmoqda. Sun`iy intellekt (AI) xato qilishga moyil insoniyat o`rnini boschiqma-bosqich zabt etmoqda. Bevosita yurisprudensiya sohasi ham bugun kiber evrilishlar bo`sag`asida turganligini qo`rqmasdan aytish mumkin. Shunchaki faktlarga yuzlanamiz. 2000-yillarning boshlaridayoq AQSHda dasturiy ta’minot va texnologik huquqiy yechimlardan (LawTech) foydalangan holda yuridik xizmatlar ko`rsatuvchi kompaniyalar paydo bo`ldi. Ular mijozlarga hujjatlar va aqlli shartnomalar (smart contracts) tuzish, yuridik maslahatlar berishni taklif qildilar. Shuningdek, bu kompaniyalar yuridik firmalarning o`ziga ham texnik huquqiy vositalar (LegalTech), xususan yuridik hujjatlar avtomatizatsiyasi, ularni saqlash, kadrlar masalasi (HR), billing, onlayn yuridik xizmat maydonlari, yuristlar uchun robot-assistentlar ishlab chiqish orqali yordam berishdi. Keyinchalik, 2008-yildan boshlab blokcheyn (blockchain) texnologiyasining shakllanishi oqibatida to`laqonli aqlli shartnomalar tuzish imkoni vujudga keldi. Natijada yuridik sohani avtomatlashtirish hamda aqlli shartnomalar tuzuvchi dasturlar hajmi kutilganigan tezroq o`sdi. Ushbu texnologiyaning asosiy mazmuni shundan iboratki, bitimlardagi o`zaro ishonch o`rnini kriptografik isbot bilan almashtirish va shu orqali uchinchi shaxs – markaziy organ yoki ishonchli tomonni munosabatlardan chiqarib yuborishdir. Tasavvur qiling, siz uy sotib olmoqchisiz. Uyni tanladingiz va oldi-sotdi shartnomasini tasdiqlash maqsadida sotuvchi bilan birgalikda notarius huzuriga borasiz. Nega? Chunki sotuvchi bu uyning haqiqiy egasi ekanligiga, uyning nizoli emasligiga, eng asosiysi, kelajakda mulk bilan bog`liq hech qanday muammo kelib chiqmasligiga ishonch hosil qilishingiz kerak. Biroq amaliyotdan ma’lumki, ishonchning bu ko`rinishi har doim ham to`g`ri bo`lib chiqmaydi va blokcheyn texnologiyasi bunga muqobil yechim bo`lishi mumkin. Aqlli shartnomalarda muayyan ishonchli shaxsning (masalan, notariusning) tasdig`iga hojat yo`qligi tufayli hozirda ushbu soha bardavomligi so`roq ostida turibdi. Aslida, “LegalTech” va “LawTech” kompaniyalar an’anaviy huquqiy xizmatlar bozorini tag-tomiri bilan yo`qotish maqsadida tashkil etilgan startaplardir. Ushbu jarayonlarning barchasi konservativ yuridik bozor kushandasi sifatida ko`rilayotgan yangi tarmoq – huquqiy texnologiyalar sanoati shakllanishini boshlab berdi va u hozirgacha to`xtovsiz rivojlanib kelmoqda. Bunga an`anaviy yuridik xizmatlarning narxi haligacha yuqori saqlanib qolayotgani asosiy sabab qilib ko`rsatiladi. 2015-yildan boshlab Buyuk Britaniyada DoNotPaybot – maxsus internet boti ishga tushirilgan bo`lib, ushbu bot turli jarimalarni hisob-kitob qilishda yurist vazifasini bajarmoqda (dunyodagi ilk robot-advokat). Bu esa oddiy yurist xizmatidan ancha arzon. Keyinchalik, bunday maxsus bot AQSHda ham joriy etildi. Sun’iy intellekt va huquqshunoslarning ish samaradorligini aniqlash maqsadida 2018-yil ajoyib tadqiqot o`tkazildi. AQSHning eng tajribali 20 ta korporativ advokatlari hamda Law GeexAI kompyuteriga kundalik huquqiy topshiriq – shartnomalarni ko`rib chiqish, ehtimoliy noaniqliklarni bartaraf etish va tasdiqlash yuklatildi. Advokatlar bunga o`rtacha 92 daqiqa sarflagan holda 85 % aniqlikni qayd etdi. Sun’iy intellekt esa 26 soniyada 94 % aniqlik bilan topshiriqni bajardi. Yana bir tadqiqot Londondagi mashhur yuridik firmalarning 100dan ortiq yuristlari va “Case Cruncher Alpha” sun’iy intellekt dasturi o`rtasida olib borildi. Ikkala tomonga ham asosiy faktlarni qamrab olgan PPI (payment protection insurance) kechiktirilishi bo`yicha yuzlab real ishlar taqdim etildi. Ishtirokchilardan murojaatlarning qanchalik asosliligi va ular bo`yicha moliyaviy ombudsman tomonidan da’vo qo`zg`atish ehtimoli so`ralgan. Tadqiqot natijalarga ko`ra buni moliyaviy yuristlar 66,3 % aniqlikda, kompyuter 86,6 % aniqlikda ayta olgan.
Yaxshi huquqshunos bo`lish uchun qonunlarni puxta bilish, ularni to`g`ri talqin qilish yetarli emasligi ancha yillar oldin anglangan edi. Odatda, yuridik bozorda raqobatbardosh kadr amaliy ko`nikmalarni ham (soft skills) yuksak darajada o`zlashtirgan bo`lishi kerak. Boz ustiga yaqin kelajakda sun’iy intellekt va kompyuter texnologiyalari yuristlar ish o`rinlariga jiddiy xavf solib turibdi. Deloitte agentligining 2016-yilgi hisobotiga ko`ra faqatgina Buyuk Britaniyaning o`zidan 110 000dan ortiq huquq sohasidagi ish o`rinlari avtomatlashtirish natijasida keyingi 20 yilda yo`q bo`lib ketishi mumkin. Taniqli internet nashri Ideanomics.com ma’lumotlariga ko`ra 2026-yilga kelib yurist yordamchilariga ehtiyoj tugaydi. Avtomatlashtirilgan yordamchilar yuristlarga ham ko`proq asqotadi – ular tezroq ishlaydi, ko`proq narsa biladi va hech qachon dam olmaydi. 2017-yil 21-dekabrda Belorussiya aqlli shartnomalarni (smart contracts) qonunchilik bilan mustahkamlab qo`ygan birinchi mamlakat bo`ldi. “The Economics” fikriga ko`ra aqlli shartnomalar yaqin kelajakda blokcheyn texnologiyasi asosida yaratilgan ishlanmalarning eng samaralisiga aylanadi. Yuridik-texnologik staraplar allaqachon kam riskli yuridik protseslarni raqamlashga kirishib ketishgan. 2018-yilda Forbes nashri yuridik texnologiyalarga ajratilayotgan sarmoyalar hajmi 713 %ga oshganini xabar qildi.

Obrazli aytganda, hozirda huquqshunos kadrlar avtomatik yonuvchi chiroq (nisbatan mukammal raqamli huquqiy tizim) yaratilguniga qadar chiroq yoquvchi (lightkeeper) vazifasini bajarayotgan bo`lishlari ehtimoldan holi emas.

Qani ayt, maqsading nimadir sening?!

Aytmoqchi bo`lganim – insoniyat rivojlanishi tufayli jamiyatda ayrim kasblarga ehtiyoj yo`qolishi mumkin. Aslida bu normal holat. Rivojlanish o`zi bilan yangi kasb-korlarni olib keladi yoki eski kasblarning transformatsiyasi kuzatiladi (izvoshchining haydovchiga aylanishi). Yuridik sohaga yangi texnologiyalarning joriy etilishini ham to`g`ri qabul qilish kerak. Bundan qochib qutilib bo`lmaydi. Mashhur zamondoshimiz aytganidek “Avval odamlar robotdek ishlagan bo`lsa, endi robotlar odamdek ishlaydi”.
Texnologiya, kibernetika, meditsina, gen injeneriyasi va boshqa sohalarda erishilgan oxirgi yutuqlar “jins”, “makon”, “chegara”, “masofa” tushunchalarining tub ma’nosini o`zgartirib yubordi. Balki, vaqti kelib bizning tasavvurimizdagi “shaxs”, “jamiyat”, “davlat”, “huquq”, “hokimiyat”, “qonunchilik” kabi klassik tushunchalar ham o`z mazmunidan chekinar. Balki, hech qanday rahbar, vazir va amaldorlarga muhtoj bo`lmagan, inson omili maksimal darajada cheklangan, yagona, shaffof tizim asosida qurilgan yangi raqamli dunyo paydo bo`lar…

So`nggi so`z:

Men sizni umidvor qilmoqchimasman, kelajakdan hech narsa kutmang. Fikrlarimga qo`shilmasangiz ham mayli. Bularning barchasi amalga oshadimi-yo`qmi aniq bilmaymiz. “Tarix arzimagan tasodif tufayli bizga eng yaqin tuyulgan narsalarning ro`yobga chiqmay qolishi va mutlaqo aqlga sig`maydigan narsalar amalga oshishi mumkinligini o`rgatdi. Apollon 11 Oyga qo`ngach, ko`plab olimlar asr oxirigacha Mars va Plutonda koloniyalar qurilishini taxmin qilgandi. Ushbu bashoratlarning juda oz qismi amalga oshdi. Boshqa tomondan, hech kim Internet haqida og`iz ochmagan edi.” Ya’ni yuqoridagi fikrlarning barchasi shunchaki hozirgi tendensiyalarga tayanib chiqarilgan xulosalar hamda taxminlardan o`zga narsa emas. Bularning qanchalik haqiqatga mos kelishini esa vaqtning hukmiga havola qilamiz. 2048-yilga keladigan bo`lsak, u shunchaki ramziy ma’noda ishlatilgan. Har ehtimolga qarshi 2048-yilga tayyor turing.

Nosirov Nasim

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications