Skip to main content

TDYU Kiber huquq kafedrasi vakillari va talabalari Shvetsariya elchixonasiga tashrif buyurdi

2025 yil 22 yanvar kuni O’zbekistondagi Shvetsariya elchixonasiga Toshkent davlat yuridik universitetining zamonaviy va istiqbolli yo’nalishi – Kiber huquq kafedrasi o’qituvchilari Anna Ubaydullayeva, San’at Ergashev hamda ularning talabalari tashrif buyurdi.

Elchixonaning Diplomatik masalalar bo’yicha boshlig’i Alexander Schärer mehmonlarni qabul qilib, Shvetsariyaning xalqaro maydondagi kiber xavfsizlik siyosati, raqamli diplomatiya va innovatsion texnologiyalar sohasidagi tajribasi haqida taqdimot o’tkazdi. Taqdimot davomida kiber huquq sohasidagi xalqaro hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi.

TDYU Kiber huquq kafedrasi talabalari va professor-o’qituvchilar zamonaviy diplomatiyadagi raqamli transformatsiya, xalqaro kiberjinoyatchilikka qarshi kurash va kiber xavfsizlik sohasidagi davlatlararo hamkorlik bo’yicha o’zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Bu tashrif nafaqat nazariy bilimlarni amaliyot bilan bog’lash, balki kelajakda O’zbekistonning kiber huquq sohasidagi mutaxassislarini tayyorlash jarayonida muhim qadam bo’ldi. Bunday uchrashuvlar professor-o’qituvchilar va talabalarga xalqaro tajribani o’rganish va zamonaviy kiber huquq muammolarini global miqyosda tushunish imkonini beradi.

Categories: Yangiliklar