Skip to main content

O‘zboshimchalik bilan egallangan yer va undagi bino-inshootlarga egalik huquqlarini e’tirof etish: qonuniy asos va amaliyot

Kubaeva Ismigul Farxod qizi
Toshkent davlat yuridik universiteti,
Fuqarolik kafedrasi o‘qituvchisi

O‘zbekiston bo‘ylab fuqarolarning o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari va ularda qurilgan uy-joylariga egalik huquqlarini e’tirof etish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Bu jarayon 2024-yil 8-noyabrda kuchga kirgan “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda. Qonun fuqarolarning mulk huquqlarini qonuniylashtirish, mulkchilik munosabatlarida aniqlikni ta’minlash, shuningdek ijtimoiy barqarorlik va huquqiy ishonchni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Mazkur qonun bir nechta asosiy normalarni belgilaydi. Unga ko‘ra, 2018-yil 1-mayga qadar o‘zboshimchalik bilan egallangan va yakka tartibda qurilgan yer uchastkalari hamda ulardagi bino-inshootlarga egalik huquqi e’tirof etilishi mumkin. Bundan tashqari, hujjatda belgilangan maydondan ortiqcha egallangan yerlar va qurilmalar ham, agar ular qonuniy talablarga mos kelsa, rasmiylashtirilishi mumkin. Qonun yer maydoniga ijara huquqini berish muddatini yakka tartibdagi uy-joylar uchun 99 yil, boshqa obyektlar uchun esa 49 yil etib belgilaydi. Shuningdek, mulkni e’tirof etish uchun yer uchastkasining nizosiz bo‘lishi, soliq qarzdorligi mavjud emasligi va boshqa shartlar bajarilishi talab qilinadi. Jarayon tuman va shahar komissiyalari, xalq deputatlari kengashlari hamda jamoatchilik vakillari ishtirokida amalga oshiriladi, barcha qarorlar esa davlat kadastriga kiritiladi.

Qonunning amaliy ijrosi mamlakat bo‘ylab ko‘plab hududlarda aniq natijalar bermoqda. Toshkent viloyati Bekobod tumanida Adliya vazirining o‘rinbosari M.Istamov ishtirokida tuman Madaniyat markazida tantanali tadbir o‘tkazildi. Unda mulk huquqi e’tirof etilgan shaxslarga egalik huquqini tasdiqlovchi hujjatlar topshirildi. Tuman hokimi Z.Nizomiddinov, tuman faollari, nuroniylar, Kengash deputatlari va mulk egalari ishtirok etgan ushbu marosim nafaqat huquqiy, balki ijtimoiy ahamiyatga ham ega bo‘ldi. Natijada ko‘plab oilalar o‘z mulklariga qonuniy asosda egalik qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham jarayon jadal davom etmoqda. Kegeyli tumanidagi Xalqabad mahallasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining qarori asosida 51 nafar fuqaroning uy-joylari va yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlari e’tirof etildi. Umuman olganda, ushbu hududda 267 nafar fuqaro o‘z mulkini qonuniylashtirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu tadbir Qoraqalpog‘iston Respublikasi adliya vazirining birinchi o‘rinbosari A.Prenov tomonidan tantanali tarzda o‘tkazildi.

Andijon viloyatida joriy yil 22-iyul kuni Xalq deputatlari viloyat Kengashining o‘n sakkizinchi sessiyasida 125 nafar fuqaroning egalik huquqlari tan olindi. Shulardan 43 nafari Asaka tumanidan, 31 nafari Ulug‘nor tumanidan, 22 nafari Baliqchi tumanidan, 20 nafari Izboskan tumanidan, 4 nafari Qo‘rg‘ontepa tumanidan, 3 nafari Bo‘ston tumanidan, Oltinko‘l tumani va Andijon shahridan esa bittadan fuqaro o‘z mulkini qonuniylashtirdi. Qabul qilingan qarorlar fuqarolarga meros masalalarini hal etish, doimiy ro‘yxatga qo‘yilish va boshqa notarial amallarni amalga oshirish imkonini berdi.

Toshkent viloyatida esa Xalq deputatlari viloyat kengashi qaroriga muvofiq 69 nafar fuqaroning uy-joylariga egalik huquqlari e’tirof etildi. Bu hujjatlar kelgusida doimiy ro‘yxatga turish, meros huquqlarini rasmiylashtirish va boshqa huquqiy amallarni bajarishda asos bo‘lib xizmat qiladi.

Qonun ijrosining ijtimoiy va iqtisodiy ta’siri sezilarli darajada bo‘lib, fuqarolar hamda tadbirkorlarning mulklari qonuniylashtirilmoqda. Mulkchilik huquqlariga oid nizolar, jumladan, meros bilan bog‘liq tortishuvlar kamaymoqda. Hududlarni rivojlantirish va qurilish hujjatlarini rasmiylashtirishdagi to‘siqlar bartaraf etilmoqda. Bozorda qonuniy kapital aylanmasi kengaymoqda. Eng muhimi, aholining davlatga bo‘lgan ishonchi va kayfiyati ijobiy tomonga o‘zgarib bormoqda.

Jizzax viloyatida ham ushbu jarayon boshlangan. 2025-yil 30-iyul kuni Xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashining qarori bilan 44 nafar fuqaroning yer egaligi – ijara huquqi va u yerda qurilgan bino-inshootlarga mulk huquqi e’tirof etildi. Mulk huquqi e’tirof etilgan fuqarolar qatorida Jizzax shahri bilan birga G‘allaorol, Arnasoy, Baxmal, Zarbdor, Sh.Rashidov, Zomin va Forish tumanlaridan bo‘lganlar ham bor. Bu amaliyot viloyatda ijtimoiy adolatni ta’minlash va fuqarolarning huquqiy barqarorligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Viloyatda amalga oshirilgan ushbu dastlabki ishlar kelajakda yanada kengaytirilishi kutilmoqda. Bekobod, Andijon, Toshkent va Qoraqalpog‘istonda erishilgan muvaffaqiyatli natijalar Jizzax viloyatida ham katta miqyosda qo‘llanishi uchun zamin yaratmoqda. Kelgusida barcha tumanlarda ro‘yxatga olinmagan uy-joy va yer uchastkalari aniqlanib, ularga egalik huquqlarini e’tirof etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshiriladi. Bu esa fuqarolarning mulkini qonuniylashtirish, huquqiy madaniyatni oshirish va iqtisodiy faollikni kuchaytirishga xizmat qiladi. Yuqoridagi misollar shuni ko‘rsatadiki, o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari va ulardagi bino-inshootlarga egalik huquqini e’tirof etish bo‘yicha qonun mamlakat bo‘ylab samarali tatbiq etilmoqda. Bu jarayon har bir hududda nafaqat huquqiy tartibni mustahkamlash, balki aholining farovonligi va ijtimoiy ishonch muhitini kuchaytirish yo‘lida ham muhim ahamiyat kasb etadi. Jizzax viloyatida boshlanib ketgan amaliyot esa yaqin kelajakda yanada keng miqyosda amalga oshirilishi, barcha tuman va shaharlarni qamrab olishi va minglab fuqarolarga o‘z mulkini qonuniylashtirish imkoniyatini berishi kutilmoqda. Shu tariqa, mazkur qonun va uning amaliy ijrosi O‘zbekistonning huquqiy davlat sifatida rivojlanishida, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarishda va mulkchilik munosabatlarini tartibga solishda muhim bosqich bo‘lib qoladi.

Categories: Ilmiy maqolalar