Skip to main content

O‘zbekistonda kichik biznes va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun yangi imkoniyatlar

Temurbek Po’latov
Kiber huquq kafedrasi o’qituvchisi

O‘zbekistonda tadbirkorlik va kichik biznes sohasida yangi davr boshlanmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 12 avgustda qabul qilingan PQ-247-son qarori 13 avgustdan kuchga kirdi va u mamlakatimizda iqtisodiy jarayonlarning yangi bosqichga ko‘tarilishiga zamin yaratdi. Ushbu qarorning asosiy maqsadlari — yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, soliq tushumlarini oshirish, shaffof va adolatli bozor sharoiti yaratish hamda fuqarolarni qonuniy faoliyatga keng jalb qilishdan iborat.

Qarorga muvofiq, kichik biznes va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun yagona raqamli platforma tashkil etiladi. Bu platforma orqali fuqarolar o‘z faoliyatini ortiqcha qog‘ozbozlik va yugur-yugursiz, mutlaqo qulay sharoitda amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Ro‘yxatdan o‘tishdan tortib soliq to‘lashgacha bo‘lgan barcha jarayonlar avtomatlashtiriladi. Ya’ni, tadbirkor o‘z uyidan chiqmagan holda smartfon yoki kompyuter orqali quyidagi xizmatlardan foydalana oladi: ro‘yxatdan o‘tish va faoliyatni vaqtincha to‘xtatish, avtomatik tarzda soliqlarni hisoblash va to‘lash, deklaratsiyalarni to‘ldirish, fiskal cheklarni shakllantirish, davlat organlariga avtomatik hisobot yuborish. Shu bilan birga, bank hisob raqamlarini ochish va yuritish, hamkorlar bilan hisob-kitob qilish, ishchilarga maosh to‘lash, jismoniy shaxslar o‘rtasida pul o‘tkazish imkoniyatlari ham yaratiladi.

2025 yil 1 noyabrdan boshlab butunlay yangi tartib amalga kiritiladi. Individual tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tish uchun endilikda hujjatlarni qog‘oz ko‘rinishida topshirish shart emas. Bu jarayonni biometrik ma’lumotlar orqali masofadan turib yoki oddiy SMS orqali tasdiqlash mumkin bo‘ladi. Shuningdek, shartnomalar, schyot-fakturalar, aktlar kabi hujjatlarni ham SMS orqali tasdiqlash imkoniyati beriladi. Qonunchilikka muvofiq, bunday SMS orqali tasdiq qog‘ozda qo‘yilgan imzo bilan teng kuchga ega bo‘ladi.

Qarorda elektron hamyonlarga alohida urg‘u berilgan. Yagona raqamli platforma orqali ochilgan elektron hamyon to‘liq bank hisob raqamiga tenglashtiriladi. Bu esa tadbirkorlarga katta qulaylik yaratadi: ular daromadlarni qabul qilish, ishchilarga maosh to‘lash, hamkorlar va davlat organlari bilan hisob-kitoblarni amalga oshirish, soliqlar va majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lash imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Qolaversa, bir oy ichida banklar elektron pul emissiya qilish huquqini oladi. Bu esa elektron mablag‘larning chiqarilishi, hisobga olinishi va qaytarilishi bilan birga, ularning to‘liq aylanishi va muhofazasini kafolatlaydi.

Shuningdek, platformada zamonaviy to‘lov texnologiyalari joriy etiladi. Fuqarolar va tadbirkorlar QR-kod orqali to‘lovlar, «tap to pay» beskontaktli to‘lovi, elektron rekvizitlarni avtomatik shakllantirish, QR-kodlarni skaner qilish kabi imkoniyatlardan foydalanishlari mumkin bo‘ladi. Bu nafaqat hisob-kitoblarni tezlashtiradi, balki iqtisodiyotni yanada shaffoflashtiradi va har bir operatsiyaning fiskallashuvini ta’minlaydi.

Qaror ijrosini ta’minlash uchun Markaziy bank, Milliy istiqbolli loyihalar agentligi, Iqtisodiy va moliya vazirligi hamda Davlat soliq qo‘mitasi mas’ul etib belgilandi. Shu bilan birga, Savdo-sanoat palatasi va Kichik biznes uyushmasi raqamli platformalarning afzalliklarini tadbirkorlar va aholi orasida keng targ‘ib qilishi shart.

Xulosa sifatida aytish mumkinki, mazkur qaror nafaqat ma’muriy jarayonlarni yengillashtirish, balki mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan ulkan qadamdir. U tadbirkorlar uchun qulaylik va shaffoflik yaratadi, aholining turmush darajasini oshiradi, davlat uchun esa soliq tushumlarining ko‘payishi va iqtisodiy islohotlarga bo‘lgan ishonchning kuchayishiga xizmat qiladi.

Categories: Ilmiy maqolalar