Adliya vazirligi: rivojlanishga toʻsqinlik qilayotgan qonunchilik hujjatlari bekor qilindi

Bugun Milliy matbuot markazida Prezidentimizning “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni mazmun-mohiyatiga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Unda Adliya vazirligi masʼul xodimlari ishtirok etib, farmon qabul qilinishining maqsad va vazifalari, kutilayotgan yangiliklar hamda oʻzgartirishlar boʻyicha maʼlumot berdi.

Bugungi kunda milliy qonunchilik tizimida 35 mingdan ortiq qonunchilik hujjatlari mavjud boʻlib, ularning 95 foizdan ortiq qismini qonunosti hujjatlari tashkil etmoqda.

Taʼkidlanishicha Farmonda bir qator muhim masalalar oʻz aksini topgan.

Birinchidan, qonunchilik bazasini qisqartirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar natijasida yana 500 taga yaqin eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan hujjatlar bekor qilindi. (Eslatma Adliya vazirligining tashabbusi bilan jami 3 mingga yaqin eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan hujjatlar bekor qilingan boʻlib, bu amaldagi huquqiy bazaning qariyb 10 foizini tashkil yetadi).

Ikkinchidan, qonunchilikni son jihatdan tizimlashtirish endilikda sifat jihatdan yaxshilanmoqda.Haqiqatan ham oʻz ahamiyatini yoʻqotgan hujjatlardan qonunchilikni “tozalash”dan keyin navbat hujjatlar mazmunini yaxshilashga keldi.

Bu borada ikki yoʻnalishda ish olib borilishi rejalashtirilgan:

1) konsolidatsiya, yaʼni 120 dan ortiq davlat organlari faoliyatini tartibga soluvchi 1600 dan ziyod tarqoq hujjatlarni birlashtirilishi.

Chunki bugungi kunda bitta vazirlikning vakolatlarini tushunish uchun kamida oʻnlab normativ-huquqiy hujjatlarning mazmunini oʻrganish yoki qoʻshimcha vaqt va moliyaviy xarajatlarni talab qiladigan yuridik maslahat olish zarur. Oʻnlab turli normativ-huquqiy hujjatlarning oʻrniga, davlat organi faoliyatiga oid bitta hujjatning talablarini va mazmunini tushunish ancha qulay boʻladi.

2) amaldagi huquqiy bazani qonunchilik tarmoqlari boʻyicha tizimlashtirish. Buning uchun 60 ga yaqin eng muhim sohalar kesimida amaldagi hujjatlar tizimlashtiriladi. Tizimlashtirish jarayonida huquqni qoʻllash amaliyotida turli muammolarga olib keluvchi takrorlanishlar, ziddiyatlar, huquqiy boʻshliqlar va boshqa kamchiliklar bartaraf yetiladi.

Uchinchidan, Adliya vazirligi bu borada masʼul ijrochilarga uslubiy yordam koʻrsatadi, shuningdek, Farmonda belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli ijro etilishini taʼminlash choralarini koʻradi.

Farmonda belgilangan qoidalarini amalga oshirish mexanizmlarini ochib berishga alohida eʼtibor qaratilgan. Xususan, davlat organlari faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirish, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlarni Qonunchilik tarmoqlari boʻyicha tizimlashtirish boʻyicha ishlarni amalga oshirish tartibi masʼul ijrochilar uchun Farmonga ilova qilingan ikki sxemada batafsil koʻrsatilgan.

Shuningdek, Farmon bilan endilikda qonunchilikni sifat jihatidan tizimlashtirishning yangi bosqichini amalga oshirish boshlandi.

Rahim SHERQULOV
(“Xalq soʻzi”).

 

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications