O`g`lim birinchi turmushidan 2 farzandi bilan ajrashgan. Bolalari uchun aliment to`laydi. Ikkinchi turmushidan ham ikkita farzandli, uchinchisi ham dunyoga kelish arafasida. Hozirgi oilasidan ham farzandlari ko`paygach, sudga birinchi turmushidan tug`ilgan farzandlari uchun to`lanayotgan aliment miqdorini kamaytirib berish haqida murojaat bilan chiqdik. Murojaatimiz qondirilmadi. Hozirgi iqtisodiy qiyin ahvolimizni inobatga olib aliment miqdorini kamaytirsa bo`lmaydimi?
Voyaga yetmagan farzandlar ta`minoti uchun aliment undirish masalasi va aliment to`lovi bilan bog`liq nizolar O`zbekiston Respublikasining 1998 yil 30 aprelda tasdiqlangan Oila kodeksi hamda O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2016 yil 29 iyulda qabul qilingan “Sudlar tomonidan voyaga etmagan va voyaga etgan mehnatga layoqatsiz bolalar ta`minoti uchun aliment undirishga oid ishlar bo`yicha qonunchilikni qo`llash amaliyoti to`g`risida”gi 11-sonli qarori bilan tartibga solinadi.
Oila Kodeksining 105-moddasiga asosan aliment to`layotgan ota-onaning boshqa voyaga etmagan bolalari bo`lib, undan qonunda belgilangan mikdorda aliment undirilganda o`sha bolalar aliment olayotgan bolalarga nisbatan moddiy jihatdan kamroq ta`minlanib qoladigan bo`lsa, shuningdek aliment to`layotgan ota (ona) nogiron bo`lib, moddiy jihatdan qiynalib kelayotgan bo`lsa yoki aliment olayotgan shaxs mustaqil daromadga ega bo`lgan taqdirda, aliment miqdori sud tomonidan kamaytirilishi mumkin.
Qayd qilingan qonun talabidan kelib chiqqan holda ota birinchi turmushidagi farzandlari uchun aliment to`lovini amalga oshirib kelgan holda qaramog`ida ikkinchi turmushidan bolalari borligi holati uni aliment majburiyatidan ozod qilish yoki to`lanayotgan aliment miqdorini kamaytirish uchun asos bo`la olmaydi. Chunki aliment miqdorini kamaytirish asoslari qonunda aniq belgilangan.
Shu bilan birgalikda, O`zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 115- moddasiga asosan boshqa-boshqa ota-onadan tug`ilgan voyaga etmagan bolalar uchun sudning bir necha hal qiluv qarorlariga asosan bir ota (ona)dan undirilayotgan alimentning umumiy miqdori ushbu Kodeksning 99- moddasida nazarda tutilgan miqdordan oshib ketsa, aliment to`lovchi ota (ona) aliment to`lash haqidagi sudning hal qiluv qarori yoki sud buyrug`i kimning foydasiga chiqgan bo`lsa, o`sha shaxslarning har biriga nisbatan alimentning miqdorini tegishlicha kamaytirish to`g`risida da`vo taqdim etishi mumkin.