Voyaga yetmagan bolalar ta’minoti uchun alimentlar bola voyaga yetguniga qadar bo‘lgan davr uchun, shu jumladan ko‘chmas yoki ko‘char mulk yoxud boshqa qimmatli ashyoni berish yo‘li bilan oldindan to‘lanishi mumkin.
Alimentni oldindan to‘lash bola voyaga yetguniga qadar har qanday davr uchun, besh yildan kam bo‘lmagan muddatga amalga oshiriladi. Biroq alimentlarni oldindan to‘lash vaqtida agar bolalar voyaga yetguniga qadar bo‘lgan davr 5 yildan kam bo‘lsa, alimentlarni oldindan to‘lash qolgan davr uchun amalga oshiriladi.
Yodda tuting! Alimentlarni oldindan to‘lashga faqat qarzdorning aliment to‘lovlaridan qarzdorligi mavjud bo‘lmaganda amalga oshiriladi.
Alimentlarni oldindan to‘lash tartibi qanday?
Alimentni oldindan to‘lashda − qarzdor ijro hujjatini bergan sudga ijro hujjatini ijro etish usuli va tartibini o‘zgartirish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilishga sabab bo‘ladi.
Yodda tuting! Aliment(lar)ni undirish alimentlar to‘lash to‘g‘risidagi notarial tarzda tasdiqlangan kelishuvga asosan bo‘lsa, ariza ijro hujjati ish yurituvi Majburiy ijro byurosi (MIB)ning tuman (shahar) bo‘limi joylashgan hududdagi fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudiga beriladi.
Alimentlarni oldindan to‘lash haqidagi arizaga nimalar ilova qilinadi?
Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
- Ijro hujjatini ijro etish usuli va tartibini o‘zgartirish to‘g‘risidagi arizada, qarzdor aliment majburiyatlarini umumiy tartibda bajarish uchun to‘sqinlik qiluvchi ob’yektiv holatlarni ko‘rsatuvchi hujjatlar (boshqa mamlakatga tashrif buyurish to‘g‘risida taklifnoma, boshqa mamlakatda ishga tayinlanganligi to‘g‘risidagi buyruq va h.k.);
- Majburiy ijro byurosi (MIB) tomonidan berilgan aliment to‘lovlaridan qarzdorligi mavjud emasligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma;
- davlat ijrochisining oldindan to‘lash belgilangan alimentlar summasini hisoblash to‘g‘risidagi qarori;
- baholash tashkilotining alimentlarni oldindan to‘lash hisobiga undiruvchiga o‘tkazib berilishi lozim bo‘lgan mol-mulkni baholash xulosasi;
- qarzdorning mazkur mol-mulkka egalik huquqini tasdiqlovchi hujjatlar nusxalari.
Esda tuting! Majburiy ijro byurosi (MIB) tomonidan qarzdorga (undiruvchiga):
- Aliment to‘lovlaridan qarzdorligi mavjud emasligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma;
- Davlat ijrochisining oldindan to‘lanadigan aliment summasini hisob-kitob qilish to‘g‘risidagi qarori;
Ushbu hujjatlarni olish qarzdorning (zarur bo‘lganda undiruvchining ham) MIB ga yozgan arizasiga (shu jumladan, elektron pochta orqali kiritgan arizasiga) asosan beriladi.
Qarzdor arizaga quyidagilarni ilova qiladi:
- avvalgi davrlar uchun to‘langan (ushlab qolingan) aliment summalari;
- oylik ish haqi va boshqa daromadlari;
- chet elda olingan daromadlarini tasdiqlovchi hujjatlar.
Majburiy ijro byurosi tomonidan qarzdor bergan ariza qancha muddatda ko‘rib chiqiladi?
Qarzdorlik mavjud emasligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma va davlat ijrochisining oldindan to‘lash belgilangan alimentlar miqdorini hisoblash to‘g‘risidagi qarorini berish to‘g‘risidagi ariza yetti ish kuni davomida ko‘rib chiqiladi. Hujjatlarni qo‘shimcha o‘rganish talab etilganda ariza o‘n besh ish kuni ichida ko‘rib chiqilishi mumkin.
Yodda tuting!
Qarzdor tomonidan taqdim etilgan hujjatlar haqqoniyligiga shubha tug‘ilganda va ularni boshqa tashkilotlarga so‘rovnoma yuborish orqali tekshirish zarur bo‘lganda, arizani ko‘rib chiqish muddati bir oy muddatga uzaytirilishi mumkin.
Arizani ko‘rib chiqish muddatini uzaytirish MIB ning tuman (shahar) bo‘limi boshlig‘i tomonidan arizani ko‘rib chiqayotgan davlat ijrochisining asoslantirilgan bildirgisiga asosan amalga oshiriladi.
Arizani ko‘rib chiqish muddati uzaytirilganligi to‘g‘risida arizachi xabardor qilinadi.