Aybga iqrorlik bo`yicha kelishuv – milliy qonunchilikdagi yangi institut

Shaxsning huquq va erkinliklarini ta’minlash bugungi kunda dunyo hamjamiyati oldida turgan eng muhim masalalardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, jinoyat protsessida shaxsning huquq va erkinliklari himoya qilinishini ta’minlaydigan mexanizmlarning takomillashtirilishi dolzarb ahamiyatga ega.

Joriy yilning 18-fevral kuni Prezidentimiz tomonidan milliy qonunchiliklarimiz Jinoyat va Jinoyat – protsessual kodekslariga o`zgartirishlar kiritish bo`yicha” Qonunni imzoladi. Ushbu qonunga ko`ra mamlakatimiz milliy protsessual qonunchiligiga yangi xorij tajribalariga asoslangan “Aybga iqrorlik to`g`risidaagi kelishuv instituti amaliyoti” joriy etildi.

Mamlakatimiz jinoyat – protsessual qonunchiligi tarixida mutlaqo yangi ushbu institut rivojlangan xorij mamlakatlari – jumladan Yevropa, AQSH va MDX davlatlarida keng qo`llanilib kelinadi.

Xozirgi kunda mamlakatimizda davlatning jinoiy siyosati va jinoiy qonunchilikni insonparvarlik, qonuniylik va shaxsning huquqlari va qonuniy manfaatlariga qaratilgan ko`plab chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, jinoyat – protsessual qonunchilikka joriy etilgan aybga iqrorlik to`g`risidagi kelishuvning amaliyotga tatbiq etilgani  fikrimiz dalilidir.

Jinoyat-protsessual qonunchilikka joriy etilgan aybga iqrorlik to`g`risidagi kelishuvning asosiy maqsadi – davlat ayblovchisining ayblanuvchini amalga oshirgan qilmishi ustidan uning iqrorligi asosida sudda yengilroq jazo tayinlanishiga erishish, shuningdek, bexuda ovoragarchiliklarga sabab bo`ladigan uzoq muddatli sud jarayonlarini qisqartirishtirishdan iboratdir.

Aybga iqrorlik to`g`risidagi kelishuv – jinoyat ishini yuritishni o`ziga qo`yilgan gumonga, ayblovga rozi bo`lgan shaxs va prokuror orqali tuziladi. Bunda asosiy shart – gumonlanuvchi yoxud ayblanuvchi jinoyatning ochilishiga faol tarzda yordam bergan hamda keltirilgan zararni qoplagan bo`lishi kerak.

Shuni ta’kidlash joizki,  bunday kelushuvlar faqatgina uncha og`ir bo`lmagan va og`ir jinoyatlar bo`yicha tuziladi. Bunday kelishuv qulay va manfaatli maqsadlarni ta`minlashdan iborat bo`libgina qolmay, balki, ayblanuvchi va qonun o`rtasida adolat ila kelushuvni namayon etadi.

Xorij tajribalariga e`tibor qaratidigan bo`lsak, ushbu amaliyot Buyuk Britaniya sudlov tizimida o`rta asrlardayoq qo`llanila boshlagan, shu bilan birgalikda AQSH qonunchiligida ham bu amaliyot muhim o`rin tutadi va ayni damda AQSH qonunchilik tizimi ushbu institutdan samarali foydalanib kelmoqda. So`zimiz dalilini raqamlar bilan isbotlaydigan bo`lsak, xususan 2019 yilda ushbu mamlakatda 95 foiz sud ishlari kelishuv asosida o`z yechimini topgan.

Mazkur amaliyotning qulayliklariga nazar soladigan bo`lsak:

Sudlov va ayblov organlarining qimmatli vaqtlarini va naqdlarini salmoqli tarzda tejalishiga muhim hissa qo`shadi, bu esa mazkur organlar ushbu vaqtlarini muhim bo`lgan og`ir jinoyatchiliklarni ochishga qaratishga hizmat qiladi. Shuningdek, sudlarda yuki og`ir bo`lgan jinoyat deb atalmish qilmishlarning kamayishiga ham sabab bo`ladi.

Ayblanuvchi yoki sudlanuvchining aybiga iqrorlik bildirishiga tayyorligi hamda jazoning o`tay boshlashi. Ushbu protsess jinoyat uchun belgilangan jazoning maqsadga yetganligi hamda o`z ta`sirini ko`rsatganligini anglatadi.

O`zaro ziddiyatda bo`lgan taraflarning tez fursatda yumshashi. Mazkur  protsessdan ko`zlangan maqsad – azal azaldan aksariyat xalqning miyasiga singib ketgan huquqni muhofaza qilish organlariga nisbatan sovuqqon fikrni o`zgartirishiga, ularga nisbatan chin insoniy va adolat timsolida qarashga zamin yaratibgina qolmay, ularga nisbatan chinakam ishonch tuyg`usini paydo bo`lishiga munosib hissasini qo`shadi.

Xalq qachonki huquqni muhofaza qilish organlariga nisbatan chinakam ishonch bilan, ularning adolat ximoyachisi ekanligini anglasa, sodir etilajak jinoyatlarning ham oson va aniq ochilishi, yoinki, ular o`zlarini sud va huquqni muhofaza qilish organlari sud va sudyalarga bemalol topshirish imkoniyati mavjud bo`ladi.

Nazariyaga yuzlanadigan bo`lsak, ayrim olimlarning fikricha, aybga iqrorlik bo`yicha kelishuv instituti birmuncha salbiy jihatlarga ham ega ekanligini ko`rish mumkin. Bu holatlar ko`pincha jinoyat protsessini yurituvchi taraflar, jumladan tergov faoliyati organlari har qanday vaziyatda tan oldirishga intilishi natijasida aybdor o`zini yolg`on ayblash yoxud aybdor qolib aybsiz shaxslarning ayblanuvchiga aylanib ketish holatlarini keltirib o`tishgan.

Shunday va shu kabi holatlarning kelib chiqishini oldini olish maqsadida O`zbekistonda ushbu institut sud tomonidan batafsil ko`rib, keng ko`lamda o`rganib chiqilgandan so`ng tasdiqlanishi ma`lum qilinadi.

Bu yerda aynan ayblanuvchi yoxud sudlanuvching o`z aybiga iqror bo`lgani, uni tan olgani – shu ish yuzasidan ochilgan sud muhokamasidan voz kechganligini anglatadi. Bunday holatlarda sudlanuvchi yoki ayblanuvchi ayblov organi bilan kelishuv imzolashi ham mumkin bo`ladi. Ushbu amaliyot chet elda “plea bargaining” deb ham ataladi.

Mazkur kelishuv esa aybdorga bir qator yuridik yengillik (imtiyoz) larni ham beradi. Xususan:

  • jazo tizimining miqdori hamda tartiblari qonunda ko`rsatilgandan ham yengilrog`i bilan almashtirilishi;
  • ablov salmog`ining kamaytirilishi yoxud shu ayblov doirasidagi ba`zi qismlarning chiqarilishi va kvalifikatsiyaning ham yengilrog`i bilan almashtirilishi;

Ushbu holatda sud jarayonida sudlanuvchiga uning barcha huquq va majburiyatlari batafsil tushuntiriladi.

Sud ayblanuvchiga kelishuvni rad qilish mumkinligini ham tushintirib o`tishi lozim bo`ladi yoki aybdor shaxsiga oid bo`lgan ma`lumotlarni to`liq o`rganib chiqish maqsadida ishni ko`rmasdan qoldirishi ham mumkin.

Mazkur institutga xorijiy davlatlaridan farqli ravishda millliy, Sharqiy mentalitetga xos bo`lgan qadriyatlar asosida yondashildi. Xususan, jabrlangan taraf yoxud da`vogarning fikrlari bu yerda asosiy shartlaridan biri hisoblanadi. Shu yerda AQSH amaliyotini ko`zdan kechiradigan bo`lsak, mazkur iqrorlik kelishuvi tuzilgan paytda ayblanuvchiga nisbatan jabrlanuvchi, fuqaroviy da`vogarning fikri deyarli inobatga olinmasligini ko`rish mumkin. Shu bilan birgalikda jabrlanuvchi hamda fuqaroviy da`vogarga yetkazilgan zararni qoplash choralari ham sud hukmida namoyon bo`lmaydi.

Milliy qonunchiligimizda aynan ushbu kriteriyalar ham e`tibordan chetda qolmaganligining guvohi bo`lish mumkin. Mazkur kelishuv yuzasidan jinoyat bo`yicha tayinladigan jazo muddatlariga to`xtaladigan bo`lsak, bunday holatlarda jazo muddatlari va miqdorlari Jinoyat qonunining moddalarida belgilangan eng ko`p jazoning yarmidan oshmasligi kerakligi belgilab qo`yilgan.

Xulosa o`rnida shuni aytish lozimki, Xalqaro institutlarning mamlakatimizning jinoyat, jinoyat-protsessual qonunchiligiga kiritilgani har bir shaxsga nisbatan insonparparlik nuqtai nazaridan  munosib yondoshilayotganligi, eng muhimi qonunlardan ko`zlangan maqsadlarga erishish, shaxsni tarbiyalash, uni qayta jinoyat sodir qilishni qaytarishga qaratilgan zamonaviy chora-tadbirlar profilaktika tadbirlarini amalga oshirishda muhim omil bo`la oladi.

Xadicha Abduvoxidova Boqibulla qizi
Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali 2-kurs talabasi

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications