Bosh qomusimiz – Konstitusiyamizga ko‘ra, erkaklar va ayollar teng huquqlidirlar. Biroq bu ayollarga ayrim erkaklarda yo‘q huquqlardan foydalanishga halaqit bermaydi. Ayollar tabiatan nozik xilqat bo‘lgani tufayli, ularga qaratilgan har qanday nohaqlik jamiyatda “noroziliklar bo‘roni”ni keltirib chiqaradi. Shu sababdan, ayollarni huquqlarini himoya qilish va ularga yanada ko‘proq imkoniyatlar yaratib berish jamiyatimizda dolzarb masala hisoblanadi. Ammo bunga qanchalik erishiladi, bu umuman boshqa mavzu. Quyida ayollarning alohida huquqlariga to‘xtalib o‘tiladi.
Homiladorlik va tug‘ish ta’tillari olish
O‘zbekistonda 2 turdagi “dekret” ta’tillari mavjud: homiladorlik va tug‘ish hamda bolani parvarish qilish uchun olinadigan ta’tillar. Ikkinchisini birdek ayollar ham, erkaklar ham ololsalar, birinchisi esa faqatgina ayollargagina beriladi. Bu O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksining 233-moddasida belgilab qo‘yilgan: “Ayollarga tuqqunga qadar 70 kalendar kun va tuqqanidan keyin 56 kalendar kun muddati bilan hmiladorlik va tug‘ish ta’tillari berilib, ijtimoiy sug‘urta bo‘yicha nafaqa to‘lanadi”. Qonunchilik yana bir muhim masalani ko‘zdan qochirmagan, ya’ni hmiladorlik og‘ir kechgan yoki 2 va undan ortiq bola dunyoga kelganda ayollarimizning vaziyati ancha mushkullashishini hisobga olgan holda bunday hollarda 56 emas 70 kun ta’til olish huquqini bergan (MK 233-modda). Ushbu ta’til mobaynida ayollar ishlamaydilar va homiladorlik ta’til boshlangan oydan oldingi 12 oy davrida olgan mukofotlarining 1/12 qismi va oylik ish haqi qo‘shilib aniqlangan o‘rtacha oylik ish haqini oladilar.
Erkaklar ham bolani parvarishlash uchun beriladigan ta’tildan foydalanishlari mumkin (MK 234-modda). Masalan, agar bolani ona emas ota parvarish qilishi to‘g‘risida kelishib olishsa, unda ayollar homiladorlik va tug‘ish ta’tilidan ertaroq chiqishlari yoki uni umuman rasmiylashtirmasliklari mumkin. Bunday vaziyatda ota bola parvarishi uchun ta’tilni rasmiylashtirib oladi. Biroq bir vaqtning o‘zida ham ona, ham ota bu bola parvarishi uchun ta’tildan foydalanishlari mumkin emas.
Homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqa shu bo‘yicha Nizomning 4-bandi 48-punktiga muvofiq ish haqining 100 foizi miqdorida beriladi. Ammo bola parvarishi uchun olinadigan ta’til uchun nisbatan kamroq to‘lanadi. Bunda ayollar ham, erkaklar ham ta’til boshlangan oydan oldingi 12 oy davrida olgan mukofotlarining 1/12 qismi va oylik ish haqi qo‘shilib aniqlangan o‘rtacha oylik ish haqini oladilar.
Statistikaga ko‘ra, bola parvarishi uchun beriladigan ta’tilni 1% otalar olar ekan.
Ota-onalarda bolasi yo‘q shaxslarga nisbatan mehnat huquqlari ko‘proq. Bu ota-onalar o‘zlaridan tashqari bolalarini ham ta’minlashlari, tarbiya qilishlari va ular bilan vaqt o‘tkazishlari zaruriyati bilan bog‘liq. Shu sababdan ham, ish beruvchi barcha ota-onalarni ham xizmat safariga yubora olmaydi. Mehnat kodeksining 228-moddasi ta’kidlashicha, homilador ayollarni va 14 yoshga to‘lmagan bolasi yoxud 16 yoshga to‘lmagan nogiron bolasi bor ayollarni ularning roziligisiz xizmat safariga yuborishga yo‘l qo‘yilmaydi. Qo‘shimcha tarzda bunday onalar tungi ishlardan, ish vaqtidan tashqari ishlardan va dam olish kuni ishlashdan vos kechishlari mumkin. Ish beruvchi ularni majbur qilmaydi va, aksincha, ish vaqtlarini qisqartirib berishlarini, qo‘shimcha bir kun dam olish kuni yoki qo‘shimcha ta’til so‘rab ish beruvchiga murojaat qilishlari mumkin (MK XIV bob).
Erkaklarga esa Mehnat kodeksining 228-moddasida sanalgan imtiyozlardan bolani yolg‘iz, ya’ni onasiz, tarbiya qilayotgan bo‘lsalargina foydalansalar bo‘ladi (MK 238-moddasi).
Ish beruvchi shtatni qisqartirish to‘g‘risida bosh qotirayotgan paytda bolali shaxslarning ishda qolish ehtimoli yuqoriroq. Ayniqsa yosh bolali ayollarning huquqlari ko‘proq. Agar bola 3 yoshga to‘lmagan bo‘lsa, onasini shtatni qisqartirish vaji yoki attestasiyadan o‘tolmaganligi uchun bo‘shatib yuborib bo‘lmaydi.
Bola parvarishi bo‘yicha ta’tilda o‘tirgan ota-onalarni ishdan bo‘shatish haqida esa gap bo‘lishi ham mumkin emas. Bunday holatlarga korxona butunlay tugatilgan va boshqa faoliyat yuritmayotgan bo‘lsagina, yo‘l qo‘yilishi mumkin. Bunday hollarda mehnat shartnomasi ularni albatta ishga joylashtirish sharti bilan bekor qilinadi. Mazkur ayollarni ishga joylashtirishni mahalliy mehnat organi ularni ishga joylashtirish davrida qonunchilikda belgilangan tegishli ijtimoiy to‘lovlar bilan ta’minlagan holda amalga oshiradi (MK 237-modda).
Ayollarda bunday himoya ishlab turgan yoki ta’tilda, eri bor yoki yo‘q va eri qancha ishlab topishidan qat’i nazar ishlaydi.
Ishda ortiqcha yuk ko‘tarmaslik huquqi
Qonun bo‘yicha ayollarning ular uchun mumkin bo‘lgan normadan ortiq yukni ko‘tarishlari va tashishlari man etiladi. Yukni ko‘tarish va tashish 9 kg,gacha xar soat ko‘pi bilan 2 marotaba; doimiy tashish 6 kg.gacha; ish vaqti davomida 300kg.gacha, poldan ko‘tarish bo‘lsa 150kg.gacha tashishga yo‘l qo‘yiladi.
Tashishlari mumkin bo‘lgan yuk normalarining chegarasini O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federasiyasi Kengashi va ish beruvchilarning vakillari maslahatini olgan holda tasdiqlaydi.
Oila a’zolari bir-birlaridan o‘zaro moliyaviy yordam olishga haqlari bor. Ota-onalar voyaga yetmagan farzandlarini, er-xotinlar esa, agar ikkisidan biri mehnatga layoqatini yo‘qotgan bo‘lsa, ta’minlashi shart. Erkak esa xotini homilador bo‘lsa yoki farzandi 3 yoshga to‘lmagan bo‘lsa, ta’minlashi shart. Bu sobiq xotinlarga ham tegishli. Ya’ni ajrimda ayol eridan farzandi 3 yoshga to‘lguniga qadar o‘zi uchun ham aliment talab qilishi mumkin. Erkaklar esa xotinidan faqatgina bola ota bilan qolgan taqdirdagina aliment talab qilishi mumkin.
Aliment summasi borasida o‘zaro murosaga kelolmayotgan er-xotinlar sudga murojaat qilishlari kerak.
Qonun erkaklarga 2 xil vaziyatda ajrashish tashabbusi bilan chiqishni ta’qiqlaydi:
- Xotini homilador bo‘lsa;
- Bola tug‘ilganiga 1 yil to‘lmagan bo‘lsa.
Bu vaziyatda ajrashishga ayolgina qaror qabul qilishi mumkin. Bu qoida bola o‘lik tug‘ilgan yoki tug‘ilgandan so‘ng 1 yil ichida vafot etgan hollarga ham tatbiq etiladi.
Yuqoridagi vaziyatda erning ajrashish uchun da’vosini sud hattoki ko‘rib ham chiqmaydi.
“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti” to‘g‘risidagi Qonuniga ko‘ra, ayollar erkaklardan 5 yil oldin nafaqaga chiqishadi. Undan tashqari ayollarning qo‘shimcha huquqlari bor. Masalan, agar ular bolalikdan nogiron farzandlarning onalari ularni sakkiz yoshgacha tarbiyalagan bo‘lsa — ish staji kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda. Basharti, ayol o‘gay o‘g‘il va o‘gay qizni ular 8 yoshga to‘lguniga qadar kamida 5 yil tarbiyalagan bo‘lsa, ularning nafaqaga chiqish yoshi imtiyozli ravishda yana 5 yilga qisqartirilishi mumkin.
Qolaversa, imtiyozli pensiyalar tayinlash chog‘ia ham ayollarga yengillik berilgan. Misol uchun, yerosti ishlarida, mehnat sharoiti o‘ta zararli va o‘ta og‘ir ishlarda to‘liq ish kuni davomida band bo‘lgan xodim erkaklarning ish staji kamida 20 yil bo‘lib, bundan kamida 10 yili shu ishlarga to‘g‘ri kelsa yoshlari 10 yilga qisqartirilgan holda imtiyozli pensiya oladilar. Ayollarda esa ish staji kamida 15 yil, undan 7 yilu 6 oyi shu ishga to‘g‘ri kelsa bas.
2 yoshgacha bo‘lgan bolalari parvarishi hamda 14 yoshgacha bo‘lgan bolalari uchun ayollar nafaqa olishlari mumkin.
Prezident farmoni bilan 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab amalda bo‘lgan kam ta’minlangan oilalarga 14 yoshgacha bolalari uchun nafaqa va 2 yoshgacha bolani parvarish qilish nafaqasi o‘rniga yagona bolalar nafaqasi joriy etiladi. Bunda, ushbu nafaqani tayinlashda:
- bolalar yoshi me’yori 14 yoshdan 18 yoshgacha oshiriladi;
- to‘lov muddati 6 oydan 12 oygacha uzaytiriladi;
- nafaqa miqdori oiladagi bolalar sonidan kelib chiqib belgilanadi;
- farzandi bo‘lmagan yoki farzandlari 18 yoshdan katta bo‘lgan kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam tayinlanadi.
Bolalar nafaqasi va kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam to‘lovlarining quyidagi yangi miqdorlari belgilanmoqda. Bolalar nafaqasi oilaning:
- 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bitta farzandi uchun – 250 000 so‘m (+56 000 so‘m);
- 3 yoshgacha bo‘lgan bitta kichik farzandi uchun – 325 000 so‘m (+131 000 so‘m);
- ikkinchi farzandi uchun qo‘shimcha – 150 000 so‘m (+186 000 so‘m);
- uchinchi va undan keyingi har bir farzandi uchun – 100 000 so‘mdan (amaldagi 190 ming so‘mdan 290 ming so‘mgacha ko‘p);
- moddiy yordamning miqdori – 380 000 so‘m.
Yana bir faqat yurtimizda mavjud bo‘lgan xotin-qizlar uchun yaratilgan qulayliklardan biri – bu “Xotin-qizlar granti”. Ijtimoiy muhtoj oilalardan chiqqan xotin-qizlar uchun OTMlarda qo‘shimcha grant o‘rinlari ajratilgan bo‘lib, oliy ma’lumot olishni istayotgan va 2021 yil 3 iyunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan “Oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish va ularni o‘qishga qabul qilishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2020 yil 23 iyundagi 402-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida” gi №338-sonli qaroriga ko‘ra ushbu nizomning mezonlariga mos kelgan qizlar o‘zlari istagan OTMda davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinishlari mumkin. Mezonlar deganda Oilaning ehtiyojmandlik darajasini “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalarning qiz farzandlari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar to‘g‘risida so‘z ketmoqda.
Jazo berishda ham ayollarga yengilliklar yaratilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 29-moddasiga binoan Ma’muriy qamoqqa olish chorasi homilador ayollarga, uch yoshgacha bolasi bo‘lgan ayollarga, o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan bolasini yakka o‘zi tarbiyalayotgan shaxslarga mumkin emas.
Qo‘shimcha qiladigan bo‘lsak, Jinoyat kodeksining 21²-moddasiga ko‘ra homilador va uch yoshgacha bolasi bor ayollarga majburiy mehnat jazosi va ahloq tuzatish ishlari qo‘llanilmaydi. Jinoyat kodeksida eng uzoq muddatli ozodlikdan maxrum etish muddati etib 25 yil belgilangan bo‘lib, ayollar umrbod ozodlikdan maxrum etilmaydilar va ularga tayinlanadigan jazo ushbu muddatning 2/3 qismidan ko‘p bo‘lishi mumkin emas.
Jamiyatning nozik nuqtalaridan biri – xotin-qizlarga nisbatan bo‘lgan tazyiq va zo‘ravonlikni ham kamaytirish va bu orqali ayollarni oila va ishda himoya qilish maqsadida 2019 yil sentyabrida «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida» qonun e’lon qilindi. Qonunga asosan, ayollar bir qator vakolatli organlar – Vazirlar Mahkamasi, joylardagi mahalliy davlat organlari, ichki ishlar organlari, mehnat organlari, ta’limni davlat tomonidan boshqarish organlari hamda ta’lim muassasalari, sog‘liqni saqlash tizimi va sog‘liqni saqlash muassasalari, Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan turli shaklda himoya qilinishi ko‘zda tutilgan.
Mentalitetimizdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, ayollarimiz tazyiq va zo‘ravonlikka uchraganlarida bu haqida vakolatli organlarga xabar berishdan uyalishadi. Shu sabab ushbu qonunda xotin-qizlarga himoya orderini nafaqat jabrlanuvchining, balki yon-atrofdagilarning murojaatiga ko‘ra berish ko‘zda tutilgan. Jumladan, jamoatchilik, ish joylaridagi faollar, rahbarlar, mahalladagi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mutaxassislar, qo‘ni-qo‘shnilar. Himoya orderi berish tartibi shundayki, xabar berilganidan profilaktika inspektori voqea joyiga zudlik bilan borib, hujjatlarni rasmiylashtiradi va [jabrlanuvchiga] himoya orderini beradi.
Rashidova Mushtariybegim
Toshkent davlat yuridik universiteti 4-bosqich talabasi