Ayrim nodavlat taʼlim tashkilotlari ijara toʻlovidan ozod etiladi

“Nodavlat taʼlim tashkilotlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va taʼlim jarayonida yoshlar uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi

Qarorga koʻra, 2021-yil 1-iyuldan 2024-yil 1-yanvarga qadar vazirlik va idoralar tizimidagi kollej va texnikumlarning bino va inshootlarida (Toshkent va Samarqand shaharlaridan tashqari) faoliyatini amalga oshiradigan nodavlat taʼlim tashkilotlari:

ijara toʻlovidan ozod etiladi (saqlash va kommunal toʻlovlar boʻyicha xarajatlar bundan mustasno);

taʼlim jarayoni natijasida olingan, oʻzlari ishlab chiqargan mahsulotlarni (ish va xizmatlarni) taʼlim tashkilotlari uchun nazarda tutilgan imtiyozlar (qoʻshilgan qiymat soligʻi va foyda soligʻi boʻyicha) tatbiq etilgan holda realizatsiya qilish huquqiga ega.

Darsdan boʻsh vaqtlarda, shu jumladan yozgi taʼtil vaqtida quyidagi davlat mulki obyektlari nodavlat taʼlim tashkilotlariga ijaraga beriladi:

maktabdan tashqari taʼlim kurslarini, shuningdek, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash kurslarini tashkil etish uchun davlat umumiy oʻrta va OTM boʻsh maydonlari;

aholining kompyuter savodxonligi boʻyicha kurslar tashkil etish uchun qishloq joylarda joylashgan davlat umumiy oʻrta va professional taʼlim muassasalaridagi kompyuter sinflari.

Shuningdek, aholining kompyuter savodxonligi boʻyicha kurslar tashkil etish uchun nodavlat taʼlim tashkilotlari tomonidan jalb qilingan oʻqituvchilar ish haqi xarajatlarining bir qismi oyiga BHMning 6 barobarigacha miqdorida 2024-yil 1-yanvarga qadar kompensatsiya qilinadi.

Qishloq hududlarida xorijiy tillarni oʻqitish faoliyatini tashkil etish uchun tadbirkorlarga 50 mln soʻmgacha bir martalik subsidiya ajratiladi.

2021-yil 1-oktyabrdan soliq toʻlovchi tomonidan tegishli xalqaro uyushmaga aʼzo boʻlish uchun aʼzolik badallariga hamda qayta tayyorlash va malakasini oshirish uchun nodavlat taʼlim tashkilotlariga yoʻnaltiriladigan oʻzining ish haqi va boshqa daromadlari summasi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan ozod qilinadi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications