Bankda hisobvaraq qanday ochiladi?

Siz hisob-kitob va bank xizmatlarini ko‘rsatish uchun bankni mustaqil tanlash hamda bir yoki bir nechta banklarda milliy va chet el valyutasida hisobvaraqlar ochish huquqiga egasiz.

Milliy yoki chet el valyutasida hisobvaraq ochish uchun Ariza va shaxsni tasdiqlovchi hujjat  shaxsan mijoz tomonidan bankka topshiriladi. Shaxsni tasdiqlovchi hujjatning nusxasi olib qolinib, asli qaytariladi.

Bankda hisobvaraq ochish uchun siz va bank o‘rtasida shartnoma tuziladi. Bank hisobvarag‘i shartnomasi yozma shaklda tuzilishi kerak. Shartnomaning bir nusxasi mijozga beriladi.

Shartnoma tuzish uchun kerakli hujjatlarni bankka taqdim qilgan holda shartnoma tuzilgandan keyin sizga bank 1 ish kuni ichida hisobvaraq ochib berishi lozim.

Hisobvaraq ochganlik uchun to‘lov undirilmaydi.

Siz banklarda quyidagi turdagi hisobvaraqlar ochishingiz mumkin:

  1. Jamg‘arma depozit hisobvarag‘i;

bu mijozlarning davriy badallari asosida shakllanib, muayyan maqsadni amalga oshirish uchun jamg‘ariladigan va shu maqsad uchun yo‘naltiriladigan yoxud shartnoma bekor qilinishi natijasida qaytariladigan mablag‘lar hisobi yuritiladigan hisobvaraq. Jamg‘arma depozit hisobvaraqda saqlanadigan mablag‘lar uchun bank va mijoz o‘rtasida tuziladigan shartnomada nazarda tutilgan miqdorda foizlar to‘lanadi.

2. Muddatli depozit hisobvarag‘i;

shartnomada qat’iy kelishilgan muddatga qo‘yilgan mijozlarning mablag‘lari hisobi yuritiladigan hisobvaraq. Bankda foiz evaziga pullar muddatli omonatga qo‘yilganda, mazkur hisobvaraq ochiladi.

3. Ssuda hisobvarag‘i;

belgilangan tartibda mijozlarga berilgan kreditlarning hisobi yuritiladigan hisobvaraq.

4. Talab qilib olinguncha depozit hisobvarag‘i.

mijozlarning birinchi talabi bilanoq beriladigan yoki o‘tkazib beriladigan mablag‘larning hisobi yuritiladigan hisobvaraq. Odatda oylik ish haqi ko‘chirib beriladigan plastik kartochkalar uchun talab qilib olguncha depozit hisobvarag‘i ochiladi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications