Bir oylik harbiy xizmat o’tash tartibi qanday?

Fuqarolarning safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga chaqirilishi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga asosan yiliga bir marta — fevral-mart oylarida o`tkaziladi. Muddatli harbiy xizmatni o`tashga yaroqli hamda chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etilish huquqiga ega bo`lmagan, biroq Qurolli Kuchlar safiga navbatdagi muddatga chaqirilmagan shaxslar safarbarlik chaqiruvi rezervi safiga olinadilar.

Fuqarolarning safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmati O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 22 fevraldagi 99-sonli “O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining safarbarlik chaqiruv rezervidagi xizmatini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Qarori bilan tasdiqlangan “O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining safarbarlik chaqiruvi rezervida xizmatni o`tash tartibi to`g`risida Nizom”ga muvofiq tashkil qilinadi va amalga oshiriladi.

Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmat hududiy prinsip asosida oylik yig`inlar tarzida tashkil etiladi hamda chaqiriluvchilar tomonidan O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining maxsus hisob varag`iga pul badallari kiritilishini nazarda tutadi.

Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni o`tagan fuqarolar 27 yoshga to`lganlaridan keyin Qurolli Kuchlar rezervi tarkibiga o`tkaziladilar.

Bir oylik harbiy xizmat davrida ish joyi va maosh saqlanadimi?

— “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining 32-moddasi talablariga muvofiq, harbiy yig`inlar davrida, shu jumladan ular o`tkaziladigan joyga borish va u erdan qaytib kelish davrida harbiy xizmatga majburlarning ish joyi (lavozimi) va ish joyidagi o`rtacha ish haqi saqlanib qoladi. Mazkur shaxslar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi chaqiruv qog`ozi olingan kundan harbiy yig`inlardan qaytilgunga qadar bo`lgan davrda ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilinishi mumkin emas, korxona, muassasa va tashkilot tugatilgan hollar bundan mustasno.

Yosh chegarasi

Tinchlik davrida oddiy askarlar va serjantlar tarkibi lavozimlarida muddatli harbiy xizmatga, shuningdek safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga 18 yoshdan 27 yoshgacha bo`lgan, salomatligiga ko`ra Qurolli Kuchlar safida harbiy xizmatni o`tashga yaroqli erkak fuqarolar chaqiriladilar.

Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmat safiga olingan va belgilangan pul badalini Moliya vazirligining Maxsus hisob raqamiga to`liq hajmda to`lagan shaxslar oylik o`quv yig`inlariga jalb etiladi.

Xizmat o`taladigan hududni fuqaroning o`zi tanlash huquqi bormi?

Harbiy yig`inlar Mudofaa vazirligining harbiy qismlari bazasida hududiy prinsip asosida tashkil etiladi. Bu o`rinda safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatchisiga tanlash huquqi berilmaydi.

Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmat safiga olish va uni o‘tash tartibi

Tuman (shahar) chaqiruv komissiyasi fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga chaqirish bo‘yicha belgilangan naryad bajarilgandan keyin jismoniy va aqliy jihatdan eng yaxshi tayyorlangan chaqiriluvchilarni tanlash yo‘li bilan qolgan chaqiriluvchilarni safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmat safiga olish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmat safiga olingan fuqarolar bilan yakka tartibda suhbat o‘tkazilgandan keyin Mudofaa vazirligi tomonidan Maxsus hisob raqamiga badal o‘tkazish tartibi to‘g‘risida yozma shartnoma tuziladi.

Shartnoma shartlari:

Maxsus hisob raqamiga badallar to‘lash muddatlari, miqdori va tartibini;

safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmat safiga olinadigan shaxslarning butun xizmat davri mobaynida qonun hujjatlarida belgilangan ajburiyatlarni vijdonan bajarish majburiyatini;

Mudofaa vazirligining qonun hujjatlariga muvofiq fuqaroga safarbarlik chaqiruvi rezervida xizmatni o‘tashini, xizmat tamom o‘lgandan keyin esa uni Qurolli Kuchlar rezervi tarkibiga o‘tkazishni ta’minlash majburiyatini;

uchinchi shaxs (kafil) tomonidan safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmat safiga olingan shaxs tomonidan tegishli moliyaviy majburiyatlar zarur tarzda bajarilishi kafolatini;

shartnomani to‘xtatish shartlarini nazarda tutadi.

Shartnomada quyidagilar ko‘rsatiladi: safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmat safiga olingan shaxsning va uning kafilining familiyasi, ismi, otasining ismi, ularning pasportiga oid ma’lumotlar; Mudofaa vazirligi nomidan shartnomani imzolagan mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘ining harbiy unvoni, familiyasi hamda ismi va otasi ismining bosh harflari; shartnoma imzolangan sana.

Shartnoma Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan muddatli harbiy xizmatga fuqarolarni navbatdagi chaqirish muddati davomida mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmat safiga olingan shaxs va kafil tomonidan imzolanishi hamda mudofaa ishlari bo‘limi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan va muhrlangan bo‘lishi kerak.

Maxsus hisob raqamiga pul mablag‘lari safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmat safiga olingan shaxs yoki uning kafili (yuridik va jismoniy shaxs) tomonidan Davlat-tijorat Xalq bankining filial tarmog‘i orqali to‘lanadi.

Budjet mablag‘lari hisobiga pul badali to‘lash qat’iyan taqiqlanadi.

Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmat safiga olingan shaxslar tomonidan pul badallari to‘lash xizmatga olingandan keyin bir yil mobaynida to‘lanadi. Tomonlarning kelishuviga ko‘ra to‘lov shartnomada belgilangan muddat mobaynida to‘liq hajmda bir yo‘la yoxud bosqichma-bosqich amalga oshirilishi mumkin.

Pul badali to‘langanligi to‘g‘risida Xalq banki filialining belgisi qo‘yilgan kvitansiya nusxasini (agar badal naqd pulsiz o‘tkazish yo‘li bilan to‘lansa elektron to‘lov ko‘chirmasi) safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmat safiga olingan shaxs uni shaxsiy hisobga qo‘yish uchun tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘limiga taqdim etadi. Kvitansiya mudofaa ishlari bo‘limida imzolangan shartnomada ilova sifatida saqlanadi.

Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni o‘tash davrida fuqarolar yigirma yetti yoshgacha mudofaa ishlari bo‘limlarida alohida harbiy hisobda turadilar.

Pul badalini to‘liq miqdorda to‘lagan shaxslarga safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmat safiga olingan kundan boshlab o‘n ikki oy o‘tgandan keyin ularning safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatda bo‘lganliklari to‘g‘risida belgi qo‘yilgan harbiy guvohnomalar beriladi.

Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni o‘tayotgan shaxs keyinchalik tinch davrda harbiy xizmatga yaroqsiz yoki urush davrida harbiy xizmatga cheklangan darajada yaroqli deb topilgan taqdirda u zaxiraga o‘tkazilishi kerak, u tomonidan pul badallari to‘lash esa to‘xtatiladi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications