Bir qiz yig’lar – Muhammad Yusuf

Bir qiz yig’lar buloq boshida,
Ma’yus majnuntollar qoshida,
Ko’ngil ohi ko’zin yoshida:
Bevafo ko’p ekan dunyoda…

Nigohida oftoblari bor,
Nolishlarin javoblari bor,
So’ngan sevgi azoblari bor,
Bevafo ko’p ekan dunyoda…

Tovoniga tushgan kokillar,
Qizginaga qo’shilib yig’lar,
Bir so’z dilga sanchadi tig’lar —
Bevafo ko’p ekan dunyoda…

Dildan ko’chib ketsa xayollar,
Yomonga yo’q ekan jazolar,
Yolg’on dunyo ekan dunyolar,
Bevafo ko’p ekan dunyoda…

Ermak ekan endi Laylolar,
Majnun g’arib kezgan sahrolar,
Ertak ekan Tohir-Zuhrolar,
Bevafo ko’p ekan dunyoda.

Bir qiz yig’lar buloq boshida,
Ma’yus majnuntollar qoshida.
Ko’ngil zori ko’zin yoshida:
Bevafo ko’p ekan dunyoda.

Qo’y yig’lama, mening jon singlim,
Men ham sendek bag’ri qon, singlim
Menga ham yo’q mehribon, singlim,
Bevafo ko’p ekan dunyoda,
Muhabbat yo’q ekan dunyoda!

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications