Birinchi yillik asosiy mehnat taʼtilini muddatidan oldin olishim mumkinmi?

Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 143-moddasida belgilanishicha, yillik asosiy taʼtil birinchi ish yili uchun 6 oy ishlagandan soʻng beriladi.
Ammo, mazkur normani istisno qiluvchi holatlar ham mavjud. Yaʼni, yuqoridagi moddaga binoan quyidagi xodimlarga taʼtil ularning xohishi boʻyicha olti oy oʻtmasdan oldin beriladi:
-ayollar – homiladorlik va tug‘ish ta’tili oldidan yoki undan keyin;
-I va II guruh nogironlari;
-18 yoshga to‘lmagan shaxslar;
-muddatli harbiy xizmatdan rezervga bo‘shatilgan va ishga joylashgan harbiy xizmatchilar;
-o‘rindoshlik asosida ishlayotganlar – asosiy ish joyidagi ta’til bilan bir vaqtda, o‘rindoshlik asosida ishlagan vaqtiga mutanosib ravishda haq to‘lagan holda;
-ishlab chiqarishdan ajralmagan holda umumiy ta’lim maktablarida, oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar o‘quv yurtlarida, kadrlarning malakasini oshirish, ularni tayyorlash va qayta tayyorlash institutlari va kurslarida o‘qiyotganlar, agar ular o‘zlarining yillik ta’tillarini imtihonlar, sinovlar (zachyotlar) topshirish, diplom, kurs, laboratoriya va boshqa o‘quv ishlarini bajarish vaqtiga to‘g‘rilab olishni xohlasalar;
-texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ishlar xususiyati o‘zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi munosabati bilan ishdan ozod etilgan xodimlar.

Shuningdek, aytib oʻtishimiz lozimki, maktablar, oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar o‘quv yurtlari, kadrlarning malakasini oshirish, ularni tayyorlash va qayta tayyorlash institutlari va kurslarining muallimlar tarkibiga birinchi ish yilida yillik ta’til ularning mazkur o‘quv yurtiga ishga kirgan vaqtidan qat’i nazar haqiqiy ishlagan vaqtiga mutanosib ravishda haq to‘lagan holda yozgi ta’til davrida to‘liq beriladi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications