Skip to main content

Bitimni notarial tasdiqlash qoidasiga rioya qilmaslik oqibatlari

Amaldagi Fuqarolik kodeksining 112-moddasida bitimlarni notarial tasdiqlash va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish talabiga rioya qilmaslik oqibati keltirib o‘tilgan bo‘lib, unda keltirilishicha: Bitimning notarial shakliga yoki uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish talabiga rioya qilmaslik bitimning haqiqiy emasligini keltirib chiqaradi. Bunday bitim o‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmaydi.

Agar taraflardan biri notarial tasdiqlash talab qilinadigan bitimni to‘la yoki qisman bajargan bo‘lsa, ikkinchi taraf esa — bitimni notarial rasmiylashtirishdan bosh tortsa, sud bitimni bajargan tarafning talabi bo‘yicha uni haqiqiy deb hisoblashga haqlidir. Bu holda bitimni keyinchalik notarial rasmiylashtirish talab qilinmaydi.

Agar davlat ro‘yxatidan o‘tkazish talab qilinadigan bitim kerakli shaklda tuzilgan bo‘lib, ammo taraflardan biri uni ro‘yxatdan o‘tkazishdan bosh tortsa, sud boshqa tarafning talabi bilan bitimni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida qaror chiqarishga haqli. Bunday holda bitim sud qaroriga muvofiq ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda bitimni notarial tasdiqlash yoki davlat ro‘yxatidan o‘tkazishdan asossiz bosh tortayotgan taraf bitimni tuzish kechiktirilganligi tufayli yetkazilgan zararni ikkinchi tarafga to‘lashi lozim.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi bilan mustahkamlangan bitimlarning majburiy notarial shakliga rioya qilmaslik barcha hollarda bitimning haqiqiy emasligini keltirib chiqaradi. Ya’ni, bunday bitimlarning haqiqiy emasligi ularning hech qanday ahamiyatga ega emasligi sifatida tushuniladi. Uni bitim taraflari va uchinchi shaxslar bilan ijro etilishi qonun bilan taqiqlangan. Bunday bitimni bajarish uchun sodir etilgan harakatlar bitim taraflari uchun ham, uchinchi shaxslarga nisbatan ham huquq va majburiyatlarni yuzaga keltirmaydi.

Agar taraflardan biri bitimni to‘la yoki qisman bajargan bo‘lsa, ikkinchi taraf esa uni notarial rasmiylashtirishdan bosh tortsa, bu holda qonun bajargan tarafni o‘z himoyasiga oladi. Sud bitimni bajargan tarafning talabi bo‘yicha uni haqiqiy deb hisoblashga haqlidir. Bu holda sud qarori bitimni tegishlicha rasmiylashtirish o‘rnini bosadi, ya’ni sud qarori chiqqandan so‘ng mazkur bitimni qaytadan notarial tasdiqlash shart emas.

Bir tarafning bitimni notarial tasdiqlashdan bosh tortishini turli vajlar: bitimni foydasiz shartlar asosida ijro etishni istamaslik, bitimni bekor qilishni yoki  haqiqiy emas deb topishni xohlash va boshqa sabablar yuzaga keltirishi mumkin. Bunday hollarda ikkinchi taraf, agar u bitimni to‘la yoki qisman bajargan bo‘lsa, bitimni haqiqiy deb topish talabi bilan sudga murojaat qilishga haqlidir. Agar sud barcha qonun talablariga rioya etilganini aniqlasa, bitim tegishlicha rasmiylashtirilgan deb tan olinadi va qonuniy kuchga kiradi.

Professor Hojiakbar Rahmonqulovning fikriga ko‘ra FKning
112-moddasidagi talab umumiy qoida sifatida bitimni notarial tartibda tasdiqlashga va davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga ham taalluqli, agar qonunda ular haqida imperativ norma o‘rnatilgan bo‘lsa. Shuning bilan birga qonunda notarial tartibda tasdiqlashga nisbatan ma’lum darajada istisnoga yo‘l qo‘yiladi. Masalan, 112-moddaning 2-qismiga binoan, agar taraflardan biri notarial tasdiqlash talab qilingan bitimni to‘la yoki qisman bajargan bo‘lsa, ikkinchi taraf esa – bitimni notarial rasmiylashtirishdan bosh tortsa, sud bitimni bajargan tarafning talabi bo‘yicha uni haqiqiy deb hisoblashga haqlidir. Bu holda bitimni keyinchalik notarial rasmiylashtirish talab qilinmaydi. Demak, sud bitimni notarial tasdiqlashga majbur qilmaydi, u o‘z qarori bilan bitimni notarial tartibda tasdiqlangan deb tan oladi. Bitimni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga nisbatan bunday istesnoga yo‘l qo‘yilmaydi. Masalan, 112-moddaning 3-qismiga binoan, agar davlat ro‘yxatidan o‘tkazish talab qilingan bitim kerakli shaklda tuzilgan bo‘lib, ammo taraflardan biri uni ro‘yxatdan o‘tkazishdan bosh tortsa, sud boshqa tarafning talabi bilan bitimni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida qaror chiqarishga haqli. Bunday holda bitim sud qaroriga muvofiq ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Demak, sud o‘z qarori bilan bitimni ro‘yxatdan o‘tkazilgan deb tan olmaydi, balki uni ro‘yxatdan o‘tkazilishini talab qiladi.

Demak, bitimning notarial shaklini qo‘llash qonunda nazarda tutilgan yoki bu haqda taraflar o‘rtasida kelishuv mavjud bo‘lgan hollarda yuz berishi mumkin. Bitimni notarial tartibda tasdiqlanishi haqida talab qo‘yilishi qonunda ko‘p uchramaydi. Bunday talab asosan jamiyat va davlat uchun deyarli muhim ahamiyatga ega bo‘lgan mol-mulklar bo‘yicha tuziladigan bitimlarga nisbatan qo‘llanadi. Masalan, uy-kvartirani sotish shartnomasi, ko‘chmas mulkni hadya qilish shartnomasi , korxonani sotish shartnomasi, avtotransport vositasini sotish kabi shartnomalar shular jumlasidandir. 

Bitimlarni haqiqiy emasligi fuqarolik qonunchiligida ancha bahsli munosabatlardan biri hisoblanadi. Shu sababli mazkur munosaatni tartibga solish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining 2006 yil 22 dekabrdagi “Sud amaliyotida bitimlarni tartibga soluvchi qonunchilik normalarini tatbiq qilishda vujudga keladigan ayrim masalalar to‘g‘risida”gi 17-son Qarori qabul qilingan. Mazkur qarorning 9-bandida ta’kidlanishicha Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, FKning 9- bobida qayd etilgan qoidalar bitimlarni haqiqiy emas deb topishning qat’iy asoslari hisoblanadi.

Yuqorida keltirilgan Oliy Sud Plenumining qaroridan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Xo‘jalik Sudi Plenumining 2014 yil
28 noyabrdagi “Iqtisodiy sudlar tomonidan bitimlarni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi fuqarolik qonun hujjatlari normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi 269-son Qarori ham ayni shu masalani, ya’ni bitimlarni haqiqiy emasligi bilan bog‘liq muammolarni va kelishmovchiliklarni oldini olish uchun qabul qilingan bo‘lib, unda bitimlarni notarial tasdiqlash qoidasiga rioya qilmaslik oqibati ham keltirib o‘tilgan. Jumladan, qarorning 11 va 111-bandlarida sudlarga tegishincha quyidagi tushuntirishlar berilgan: Agar qonun hujjatlari talablariga yoki bitim taraflarining kelishuviga ko‘ra, u notarial tasdiqlanishi yoki qonun hujjatlariga muvofiq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim bo‘lsa, sud notarial shakliga yoki davlat ro‘yxatidan o‘tkazish talabiga rioya etilmaganligi sababli bitimni haqiqiy emas deb topishi mumkin.

Bunda sudlar inobatga olishlari lozimki, FK 115-moddasiga muvofiq bitimning qonun talab qiladigan shakliga rioya qilmaslik qonunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilgan holdagina uning haqiqiy emasligiga olib keladi.

Agar notarial tartibda tasdiqlash talab qilinadigan bitim bir taraf tomonidan to‘liq yoki qisman bajarilib, ikkinchi taraf uni notarial tartibda tasdiqlashdan bosh tortayotgan bo‘lsa, sud bitimni notarial tartibda tasdiqlashni bajargan tarafning da’vosiga ko‘ra, FKning 112-moddasiga muvofiq uni haqiqiy deb topishi mumkin va bunday holatda uning keyinchalik notarial tartibda tasdiqlanishi talab etilmaydi. Agar bunday bitimni tuzishga qonun hujjatlarida cheklov (taqiq) belgilangan yoki taraflar tomonidan uning barcha asosiy shartlari bo‘yicha kelishuvga erishilmagan bo‘lsa, bitim sud tomonidan haqiqiy deb topilishi mumkin emas.

Notarial tartibda tasdiqlash talab qilinadigan bitimni haqiqiy deb topish bilan bog‘liq nizolarni hal etishda uning tuzilganligi, bir taraf tomonidan to‘liq yoki qisman bajarilganligi holati faqat yozma dalillar bilan tasdiqlanishi mumkin, agar boshqacha holat qonun hujjatlarida nazarda tutilgan bo‘lmasa. To‘g‘ri, plenum qarorlari sudlar uchun imperativ norma emas va majburiy ahamiyat kasb etmaydi, lekin tegishli sud sudyasi tomonidan qabul qilingan hal qiluv qarorining qonun hujjatlariga mosligi, adolatliligini baholashda aynan plenum qarorining o‘rni kattadir.

N.Manazarova


TDYUU Ixtisoslashtirilgan filiali 
2-bosqich talabasi

Davlat-huquqiy fanlar 
kafedrasi katta o‘qituvchisi
U.Shonazarov rahbarligida
Categories: Fuqarolik huquqi