Bloggerlik nima? | Birinchi dars.

Share on telegram
Share on facebook
Share on twitter
Share on linkedin
Share on whatsapp
Share on odnoklassniki
Share on vk

Bugungi kundagi “blog” tushunchasi inglizcha “web log” — “veb-kundalik” birikmasidan kelib chiqqani ko‘pchilikka ma’lum bo‘lsa kerak. Bu ibora boshida “web log”, keyinroq “weblog” holida qo‘llanilgan bo‘lsa, ko‘p o‘tmay “blog” holiga kelgan.

Afsuski, bugun jamiyatimizda ko’pchilik bloggerlikni juda tor ma’noda tushunishadi. Ko’pchilik blogger deganda faqat jamiyatdagi kamchiliklarni aytib, tanqid qiluvchi shaxsni, blog deganda esa facebook profili, sahifasi telegram kanalini tushunishadi. Aslida esa blog juda keng ma’noga ega. Blogning quyidagi turlari mavjud:

  1. Shaxsiy blog
  2. Moda blogi.
  3. Taomlar retsepti blogi
  4. Sayohat blogi
  5. Musiqa blogi
  6. Hayot tarzi blogi. (Lifestyle)
  7. Fitness blogi
  8. Layfhak blogi
  9. Sport blogi
  10. Moliya blogi
  11. Siyosiy blog
  12. Bola parvarishi haqidagi blog
  13. Biznes blog
  14. Filmlar blogi
  15. Avtomobillar blogi
  16. Yangiliklar blogi
  17. Uy-hayvonlari blogi
  18. Kompyuter o’yinlari blogi va boshqalar

Demak, blog — bu, onlayn-kundalik. Blogger esa uni yuritadigan odam. O‘z-o‘zidan, bloggerlik degani blog yuritish ekanligi kelib chiqadi.

Jastin Xoll va Yoren Barger (“weblog” so‘zini o‘ylab topishgan) o‘zlarining onlayn-kundaligini yuritishni boshlaganida, oradan bir necha yil o‘tib, blog yuritish shunchaki qiziqish yoki xobbi emas, balki biznes, hatto alohida kasbga aylanishi mumkinligi haqida o‘ylab ko‘rmagan ham bo‘lsa kerak.

Buning ustiga bloggerlik juda ajoyib kasb. Balki, dunyodagi eng yaxshi kasbdir. Nimaga deysizmi? Javobni quyidan izlang.

  1. Bloggerlar — kuchli raqobatchilar. Internetda millionlab bloglar mavjud. Birgina WordPress platformasida ishlovchi bloglarning soni 76.5 millionga yaqin (2019-yil holatiga). Bundan tashqari yana BloggerTumblrva boshqa yirik blog platformalari ham mavjud. Misol uchun Civil.uz sayti ham WordPress platformasida ishlaydi.

Agar dunyodagi eng mashhur bloglar haqida bilishni xohlasnagiz, unda nufuzli Technorati reytingiga murojaat qilishingiz mumkin.

Blogger juda tor sohada ijod qilgan taqdirda ham, unga albatta raqobatchi topiladi. Ularning orasida eng yaxshisi bo‘lish uchun tinmay mehnat qilish lozim. Lekin, yaxshi yangilikdan biri shuki, O’zbekiston sharoitida hali yoritilmagan sohalar juda ko’p. Borlari ham talabga javob beradigan darajada emas. Bu esa yangi blogerlar uchun juda yaxshi imkoniyat, negaki ularga raqobatdoshlar deyarli mavjud emas.

  1. Bloggerlar — universal odamlardir. Mualliflik blogi — bu, mini-gazeta demakdir. Unda faqatgina bitta xodim ishlaydi xolos. Bloggerning o‘zi ham muallif, ham tuzatuvchi, ham muharrir, ham verstkachi (dizayn bilan ishlovchi) bo‘ladi. Ko‘p hollarda, maqolani o‘qigan o‘quvchi uning ortida qanchalik mehnat yotganini his qila olmaydi, hatto bittagina “layk”ni ham qizg‘onadi.

Grammatika, uslubshunoslik, HTML, SEO, dizayn va hatto, psixologiya — yaxshi blogger bu sohalarning har biridan oz-moz bilimga ega bo‘lishi lozim. Xudo xohlasa, bular haqida keying maqolalarimizda batafsil ma’lumot berishga harakat qilamiz.

  1. Bloggerlar — yuqori kompyuter savodxonligiga ega odamlardir. Agar blog muallifi uchun eng asosiysi — yaxshi yozish, deb o‘ylasangiz, adashasiz. To‘g‘ri, orfogorafik va tinish belgilari bo‘yicha savodxonlik ham kam ahamiyatga ega emas, lekin bundan tashqari blogger texnikani ham yaxshi tushunishi lozim. Agar gap shaxsiy blog haqida ketsa, bloggerning oldiga hech kim kelib, uning blogini tekinga sozlab bermaydi. Shuning uchun ham blogger dasturlash, veb-dizayn, qidiruv tizimlari va ijtimoiy tarmoqlar bilan ishlash sohalarida ham yetarlicha bilimga ega bo‘lishi lozim. Bundan tashqari, bloggerga o‘z blogini spam yoki fishing-hujumlardan ham himoya qilishni bilishi ham zarar qilmaydi.
  2. Bloggerlar — marketing gurularidir. Maqola yozildi, blogda e’lon qilindi, bo‘ldimi? Aslo unday emas! Blog mo‘ljallangan auditoriya uni o‘qishi uchun blogger internet-marketing strategiyalarini o‘rganadi: qidiruv tizimlari uchun optimallashtirish, ijtimoiy tarmoqlarda targ‘ib qilish, matnli reklama… Bularni maktabda yoki universitetda o‘qitishmaydi. Dunyoning qaysidir bir burchagida yashovchi hamda kulinariyaga oid blog yurituvchi uy bekasi yuqoridagilarni o‘zi o‘zlashtirishi lozim.
  3. Bloggerlar — tavakkalchilardir. Blogosferadagi muvaffaqiyat ko‘pincha oddiy tavakkalchilikdan boshlanadi. Ammo, yo‘l-yo‘lakay uni rivojlantirish uchun ko‘proq e‘tibor qaratish lozim bo‘ladi. Bloggerlar o‘ziga yoqmaydigan yoki amakisining firmasidagi ishni tashlab, o‘zi pul topishga kirishadi. Aynan shu lahzadan boshlab blogger tadbirkorga aylanadi. Barcha moliyaviy risklarni o‘z bo‘yniga oladi. Eng katta muammo shundaki, blogger o‘z blogini foydaga chiqara oladimi?

AQSH, Yevropa hamda Osiyoning ba’zi mamlakatlarida blog yuritib, keyinchalik yirik kompaniyaga aylanib ketgan tajribalar juda ko‘p. Bilasizmi-yo‘qmi, lekin The Huffington Post, Mashable, TechCrunch kabi internet-nashrlar ham boshida oddiygina blog sifatida ish boshlagan. Bugungi kunga kelib esa ular bir necha million dollalrik kompaniyalarga aylanishdi.

  1. Bloggerlar — biznesmenlardir. Blogger o‘z blogidan foyda olishi uchun u biznesmen bo‘lishi darkor. Mijozlarni qidirish, sotuv, reklama — bularning barchasi biznes yuritishning elementlari hisoblanadi. Boshida oddiygina shaxsiy blog sifatida ochilgan bloglar, bugungi kunda yirik biznes loyihalariga ham aylanib ketgan.
  2. Bloggerlar — yaxshi boshqaruvchilardir. Ular o‘z vaqtini to‘g‘ri taqsimlay bilishi lozim. Blogger o‘z vaqtini to‘g‘ri rejalashtira olsagina, uning blogi doimiy ravishda yangilanib turadi. Agar blog jamoaviy yoki korporativ bo‘lsa, uning rahbari jamoani boshqarib turishi kerak bo‘ladi: muallif va kontent-menejerlarni qidirish va ishga yollash, uydan turib ishlashni tashkillashtirish hamda uni nazorat qilish. Blogger har kuni boshqaruvga oid ko‘plab muhim qarorlarni qabul qiladigan odamdir.

Yaxshi bloggerlardan yaxshi boshqaruvchilar chiqishiga shubha yo‘q.

  1. Bloggerlar — ijodkorlardir. Qobiliyatli inson har sohada qobiliyatli bo‘ladi. Bu ibora to‘lig‘icha bloggerlarning xususiyatlariga to‘g‘ri keladi. Internetda qiziq narsalar haqida yozadiganlar kam. Hatto, faqat matn asosiga qurilgan bloglarda ham foto va video-materiallar bo‘lishi tabiiy. Shuning uchun ham, bloggerlar o‘z qobiliyatini yozuvchilik, rasm, video va boshqa sohalarda ham sinab ko‘radigan ijodkorlar bo‘lishadi.
  2. Bloggerlar — tadqiqotchilardir. Shunchaki “Internet — foydali” yoki “Internet — foydasiz” deyish yaxshimas. Buni isbotlash kerak. Buning uchun blogger izlanish olib borishi, statistik ma’lumotlarni yig‘ishi, so‘rov o‘tkazishi va h.k. ishlarni amalga oshirishi lozim. Yaxshi blogger o‘z pozitsiyasini argumentlar bilan ko‘rsatib bera oladi.
  3. Bloggerlar — bilim ulashuvchilardir. Biror odamning kundalik hayoti haqidagi onlayn-jurnal hech kimga kerak emas. Odamlar yangi bilimlarni beradigan resurslarni o‘qishni xohlaydi. Bunday bloglar O’zbekistonda qo’l bilan sanarli va borlari ham asosan ingliz va rus tillarini o’rganishga qaratilgan.
  4. Bloggerlar — jamoat fikrini shakllantiruvchilardir. Blog — muhokama uchun maydondir. U shunday joyki, har kim biror mavzu yuzasidan o‘zining pozitsiyasini erkin bildirishi mumkin. Bloglar — odamlarning ongi va kayfiyatiga kuchli ta’sir etkazuvchi vositalardir. Shou-biznes va siyosat vakillari bekorga bloggerga aylanib qolishgani yo‘q.
  5. Bloggerlar — tartibli odamlardir. O‘zini hurmat qiladigan blogger shubhali ma’lumotni yozmaydi, auditoriyani haqorat qilmaydi yoki provokatorlik qilmaydi. U o‘zining mas’uliyatini his qila oladi. Shuning uchun ham blogger kompyuter etikasi va umumqabul qilingan ahloq normalariga amal qilishi lozim.

Rus bloggerlari orasida Ilya VarlamovArtemiy Lebedev kabilar o‘z blog postlarida so‘kinib yozishi bilan ham nom qozongan. Biroq, bunday narsalar bizning o‘zbek mentalitetimizga mos kelmaydi.

Xulosa qiladigan bo’lsak, bloggerlik faqat jamiyatdagi kamchiliklarni topib tanqid qilish emas, balki juda keng qamrovli faoliyat hisoblanadi. Blogger bo’lish uchun sizdan professional yozuvchi bo’lishni talab qilmaydi. Shunchaki ozgina kompyuter savodxonligi va yozadigan sohangizga qiziqish bo’lsa, kifoya.

 

Share on telegram
Share on facebook
Share on twitter
Share on linkedin
Share on whatsapp
Share on odnoklassniki
Share on vk
Scroll to Top