Bobotogʻ hududidagi yoshlar uchun oʻqishga kirishda qoʻshimcha davlat grantlari ajratiladi

Prezident qarori ilan 2021–2023-yillarda Surxondaryo viloyati Uzun tumani Bobotogʻ hududini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi.

Dasturga koʻra, belgilangan yillarda Bobotogʻ hududida sanoat, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligi sohalarida jami 75 ta loyiha amalga oshirilishi, bu orqali 419 ish oʻrni yaratilishi nazarda tutilgan.

Qarorga muvofiq, 2024-yil 1-yanvargacha:

➖yangi tashkil qilinadigan tadbirkorlik subyektlari, shu jumladan klaster tashkilotlari yer soligʻi, mol-mulk soligʻi, foyda soligʻi, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, kichik korxonalar aylanmasidan olinadigan soliq, yakka tartibdagi tadbirkorlarning qatʼiy miqdordagi daromad soligʻining;

➖jismoniy shaxslar yer soligʻi va mol-mulk soligʻining 50 foizini toʻlashdan ozod qilinadi.

Bobotogʻ hududida tadbirkorlarning biznes loyihalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida summasi 10 milliard soʻmdan, foiz stavkasi Markaziy banki asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmaydigan milliy valyutadagi kreditlar uchun — asosiy stavkadan oshadigan, lekin 5 foiz punktidan koʻp boʻlmagan qismi boʻyicha kompensatsiya beriladi.

Shuningdek, salohiyatli tadbirkorlarga Bobotogʻ hududida qayta foydalanishga kiritiladigan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer maydonlari biriktirib beriladi hamda sabzavot-polizchilik, mevali bogʻ va uzumchilik, chorvachilik yoʻnalishidagi klasterlar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Hududda tunu-kun xizmat koʻrsatuvchi navbatchi hamshiralik guruhi tashkil etiladi.

2021-2022-yillarda Bobotogʻ davlat oʻrmon xoʻjaligining togʻ va togʻoldi hududlarida 1400 gektar maydonda pista plantatsiyalari barpo etiladi.

2021/2022 oʻquv yilidan kelgusi uch oʻquv yili davomida Uzun tumani Bobotogʻ hududidagi yoshlar uchun davlat grantlari boʻyicha kvotalarni oshirish limitlari doirasida Surxondaryo viloyatidagi pedagogika va tibbiyot yoʻnalishlaridagi oliy taʼlim muassasalariga qoʻshimcha maxsus kvotalar ajratiladi.

Bunda, maxsus kvota boʻyicha oʻqishga qabul qilingan yoshlar oliy maʼlumotga ega boʻlganidan soʻng, oʻz hududida kamida 5 yil davomida mehnat qilishi zarur.

2021-yil oxiriga qadar hududda Davlat xavfsizlik xizmati chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari uchun namunaviy (koʻp qavatli 30 xonadonli turar joy binolari) loyihalar asosida xizmat uylari quriladi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications