Bola puli kimlarga beriladi?

Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 15-fevraldagi “Kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga ko‘ra, bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam har bir oila a’zosiga o‘rtacha oylik jami daromad miqdori jami daromad aniqlanayotgan davr uchun belgilangan eng kam oylik ish haqining 1,5 baravardan ortiq bo‘lmagan oilalarga tayinlanadi.

Bunday moddiy yordam ariza beruvchining o‘zini o‘zi boshqarish organiga (yashab turgan mahallasiga) murojaat qilgan oyning keyingi oyidan boshlab to‘lanadi. 

Bolali oilalarga nafaqa va moddiy yordam 6 oy muddatga, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa esa – 12 oyga tayinlanadi. Biroq bu bola ikki yoshga to‘lgan oydan keyingi oyga o‘tmasligi kerak. Bundan tashqari, agar tug‘ilgan, farzandlikka olingan yoki vasiylikka qabul qilingan ikki va undan ortiq bola parvarish qilinsa, u holda bola parvarishi bo‘yicha nafaqa kichik bola ikki yoshga to‘lgunga qadar bir baravar miqdorda to‘lanadi. 

Nomi zikr etilgan qarorga ko‘ra, bola parvarishi bo‘yicha nafaqani kelgusida ham olishga muhtojligi bo‘lgan taqdirda uni olgan shaxs to‘lovlarning avvalgi o‘n ikki oylik muddati tugashidan bir oy oldin, bola ikki yoshga to‘lgunga qadar ushbu nafaqani uzluksiz to‘lanishini davom ettirish masalasini hal etish uchun belgilangan tartibda mahalla fuqarolar yig‘iniga takroran murojaat etish huquqiga ega. 

Bolali oilalarga nafaqa va moddiy yordam to‘lashning belgilangan muddati tugagandan so‘ng ariza beruvchi nafaqa va moddiy yordam to‘lashni yangi muddatga davom ettirilishini so‘rab ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega. Bolali oilalarga nafaqa va moddiy yordam olish uchun ariza oldingi davrda tayinlangan nafaqa va moddiy yordam to‘lash muddati tugayotgan oydan keyingi oyga beriladi. Takroriy murojaatlarni ko‘rib chiqish umumiy belgilangan tartibda amalga oshiriladi. 

 

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications