Skip to main content

Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini aniqlash, zo‘ravonlik xavfi darajasini baholash, himoya qilish rejasini ishlab chiqish hamda uni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni jamiyatimizdagi ahamiyati

Xusnora Jo’rayeva
Maʼmuriy va moliya huquqi kafedrasi oʻqituvchi-yordamchisi

Jamiyatimizda hozirgi kunda eng dolzarb muammolardan biri bolalarga bo‘lgan zo‘ravonlik holatlarining mavjudligidir. Kelajak biz katta qilayotgan, ta’lim berayotgan farzandlar, yoshlar qo‘lidadir. Ular bolaligidan zo‘ravonlikka uchragan bo‘lsa, bunday yoshlardan qanday qilib jamiyat barpo etilishi bizni havotirlarimizdan chetda qolishi mumkin emas. Shu boisdan O‘zbekiston Respublikasining “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, shuningdek, bolalarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari tazyiq va zo‘ravonlikdan ishonchli himoya qilinishini ta’minlash borasidagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi 14.07.2025 yildagi 440-sonli “Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini aniqlash, zo‘ravonlik xavfi darajasini baholash, himoya qilish rejasini ishlab chiqish hamda uni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida qaror chiqardi.

Statistik tahlil

Hozirgi kunda O‘zbekistonda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, 2025 yilning birinchi yarmida bola huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) tomonidan jami 885 ta murojaat ko‘rib chiqilgan va bular orasida 20 ta murojaat aynan bolalar tomonidan berilgan. Internet monitoring orqali aniqlangan 185 ta holat natijasida, 60 ta zo‘ravonlik holati tasdiqlangan – bu orqali 16 ta jinoyat ishi va 22 ta ma’muriy jarima qo‘zg‘atilgan. Bundan tashqari internet monitoring orqali aniqlangan 185 ta holat natijasida, 60 ta zo‘ravonlik holati tasdiqlangan – bu orqali 16 ta jinoyat ishi va 22 ta ma’muriy jarima qo‘zg‘atilgan. Qonunchilik doirasida, 2021 yilda bolalarga nisbatan jinoyatlar soni 1,831 ta bo‘lgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 2,194 taga yetgan. Shu jumladan, 334 ta jinsiy huquqbuzarlik 2021 yilda aniqlangan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 395 taga yetgan – ya’ni, bu holatlar jami zo‘ravonliklar ichida taxminan 18% ni tashkil etgan. Oila ichidagi zo‘ravonlik holatlarga to‘xtalsak: 1-14 yoshdagi bolalarning 62 foizi zo‘ravon tarbiya usullari bilan tarbiyalangan, ulardan 29% jismoniy zarba, 4% esa og‘ir jismoniy jazolarga duch kelgan. 60% psixologik zo‘ravonlik ko‘rgan, va umuman olganda 62% tarbiyada zo‘ravonlik elementlari bor.

Ushbu ko‘rsatkichlar bizning jamiyatimizda sodir bo‘lgan bo‘lsa, xalqaro miqyosda ham bunday zo‘ravonliklar kam deb ayta olmaymiz. Jahon bo‘yicha har yili 1 milliard atrofida bola jismoniy, emotsional yoki jinsiy zo‘ravonlikka uchrashi mumkin. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (WHO) ma’lumotlariga ko‘ra: 5 yoshgacha boʻlgan har 6 boladan biri (~400 million) jismoniy yoki psixologik jihatdan zo‘ravonlik ko‘radi. Ayollarning beshdan biri, erkaklarning esa yettidan biri bolalikda jinsiy tajovuzga uchragan.

Zo‘ravonlik turlari

  1. Jismoniy zo‘ravonlik;
  2. U bolaning tanasiga zarar yetkazish, urish, tepish, qamab qo‘yish, issiq/sovuq bilan jazolash, och qoldirish kabi holatlarni o‘z ichiga oladi.Natijasi: jarohat, nogironlik, salomatlik buzilishi, hatto o‘limga olib kelishi mumkin.
  3. O‘zbekistonda ayrim hollarda ota-onalar yoki pedagoglar “tarbiya” deb noto‘g‘ri talqin qilgan jismoniy jazolar ham bu toifaga kiradi.
  4. Ruhiy (psixologik) zo‘ravonlik;
  5. Bola ustidan nazoratni suiiste’mol qilish, doimiy tanqid qilish, haqoratlash, qo‘rqitish, tahdid qilish, inkor etish yoki yolg‘on va’dalar berish. Ruhiy travmalar, o‘ziga ishonchsizlik, depressiya, o‘z joniga qasd qilish kabi oqibatlarga olib kelishi mumkin.
  6. Jinsiy zo‘ravonlik;
  7. Bolani jinsiy faoliyatga jalb qilish, jinsiy harakatlar ko‘rsatish, suratga olish, onlayn ekspluatatsiya.Buning natijasi bola ongining buzilishi, hayotga ishonch yo‘qolishi, ruhiy iztirob va travma bilan yakunlanadi.
  8. Beparvolik (nazar-pisand qilmaslik);
  9. Bola ehtiyojlariga e’tibor bermaslik: ovqat, kiyim, tibbiy yordam, maktab, emotsional iliqlik yetishmovchiligi.Uzoq muddatli beparvolik bola rivojlanishini sekinlashtiradi, ijtimoiy va hissiy muammolar keltirib chiqaradi.

Aynan Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan ushbu Nizom bolalarga qilinayotgan zo‘ravoliklarni aniqlashda va baholashda hamda oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Nizomning maqsadi:

Ushbu Nizomning maqsadi — bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini erta aniqlash, ularning xavfsizligini ta’minlash, zo‘ravonlik xavfi darajasini tizimli baholash, individual himoya rejasini ishlab chiqish va uni izchil amalga oshirish orqali bolani zo‘ravonlikdan himoya qilish mexanizmlarini belgilashdan iborat.

Nizomning vazifalari:

  • Bolaga nisbatan sodir etilgan yoki sodir etilishi mumkin bo‘lgan zo‘ravonlik holatlarini aniqlash tartibini belgilash;
  • Bolaga nisbatan zo‘ravonlik xavfi darajasini aniqlash mezonlari va uni baholash usullarini joriy etish;
  • Bolani himoya qilish bo‘yicha kompleks va sektorlararo yondashuv asosida individual reja ishlab chiqish mexanizmini yaratish;
  • Himoya rejasini amalga oshirishda ishtirok etuvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik tartibini belgilash;
  • Zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki xavf ostida bo‘lgan bolalarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularni reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirish choralarini ko‘rish.

Qonunchilik va keng tizimli jamiyat yondashuvi

Bu nizom Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risidagi qonun (2024-yil 31-mayda qabul qilingan, 2025-yil 15-mayda kuchga kirgan) orqali davlat siyosatini mustahkamlashga xizmat qiladi, jamiyatda bolalarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro majburiyatlarni amalda bajaradi.

Jarayonda ishtirok etadigan organlar: Ichki ishlar vazirligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa mutasaddi idoralar, hamda nodavlat tashkilotlar va mahalliy hokimiyat.

Tarixiy kontekst

Prezidentning bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashni shaxsan nazoratga olgani, bu masalaga davlat siyosatining yuqori darajada e’tibor qaratuvchi ekanining isboti hisoblanadi. Yana bir teran nuqta – zo‘ravonlikning nafaqat jismoniy, balki ruhiy, iqtisodiy va yangi shakllariga (“g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik”, kiber-bulling, ekspluatatsiya) qarshi tizimli choralar ko‘rilmoqda

Xulosa o‘rinda shuni aytish mumkinki, ushbu Nizom nafaqat bolalarga zo‘ravonlik sodir bo‘lgandan keyin emas, balki zo‘ravonlik xavfini erta aniqlash va oldini olishga qaratilgan eng muhim normativ hujjatlardan biridir. U bolani nafaqat jismonan, balki ruhiy, axloqiy va ijtimoiy jihatdan ham himoya qilishni maqsad qiladi. Shuningdek, zo‘ravonlikka qarshi kurashda davlat, jamiyat va oilaning birgalikdagi mas’uliyatini mustahkamlaydi. Bu tizim orqali har bir bola xavfsiz, sog‘lom va zo‘ravonlikdan holi muhitda yashash huquqiga ega bo‘lishi ta’minlanadi — bu esa inson huquqlarining eng asosiy va muqaddas tamoyillaridan biridir.

Categories: Ilmiy maqolalar