Bolani bog’chaga berish tartibi qanday?

Bog’cha yoshi

Davlat bog‘chalariga 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar qabul qilinadilar.

Xususiy bog‘chalarga qabul qilish yoshi va tartibi ushbu bog‘chalar tomonidan mustaqil belgilanadi.

Anketa to’ldirish

Davlat bog‘chasiga bolani joylashtirish uchun yo‘llanma olish haqida anketani to‘ldirish zarur. Anketani ikki xil usulda to‘ldirish mumkin.

  1. Ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilish.
  2. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida tegishli ankyetani to‘ldirish. Ankyeta to‘ldirish uchun havola ustiga bosing.

Yo‘llanma olish uchun faqatgina tegishli so‘rovnomani to‘ldirish talab etiladi. Bunda faqatgina yo‘llanma olishda imtiyozlar mavjud bo‘lsa tegishli hujjatlarning asl nusxalari ko‘rsatiladi.

Imtiyozlar

Quyidagi shaxslarga bolani bog‘chaga qo‘yishda imtiyozlar beriladi:

  • nogiron bo‘lgan shaxslarning bolalari;
  • uch nafar yoki undan ko‘p bolalari bo‘lgan oilalarning bolalari;
  • harbiy xizmatchilarning va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining bolalari;
  • talabalar va pedagoglarning bolalari;
  • yetim bolalar yoki ota-onasining qarovisiz qolgan bolalar;
  • boshqa muassasalardan o‘tkazilgan bolalar;
  • akalari yoki opalari ushbu muassasaning tarbiyalanuvchilari jumlasidan bo‘lgan bolalar.

Bunda mazkur ro‘yxatdagi bolalarga bog‘chada bo‘sh o‘rinlar mavjud bo‘lganda birinchi navbatda yo‘llanma beriladi.

Yo’llanma olish

Bog‘chaga berish haqida anketa to‘ldirilayotganda tanlangan bog‘chada bo‘sh o‘rin mavjud yoki mavjud emasligi avtomatik ravishda ma’lum bo‘ladi. Agar bo‘sh o‘rin bo‘lmasa unda:

  • bo‘sh o‘rinlarga ega bo‘lgan boshqa bog‘chani tanlash (yo‘llanma olish);
  • bo‘sh o‘rin bo‘lganda yo‘llanma olish uchun navbatga kirish (bunda bir yo‘la ikkita bog‘chani tanlash mumkin);
  • bo‘sh o‘rinlarga ega bo‘lgan boshqa bog‘chani tanlash (yo‘llanma olish) va bo‘sh o‘rinlarga ega bog‘chaga navbatga qo‘yish mumkin.

Taqdim etgan anketada ishonchsiz yoki noto‘g‘ri ma’lumotlarning mavjudligi yo‘llanmalar berishning rad etilishi uchun asos hisoblanadi. Boshqa asoslar bo‘yicha yo‘llanma berishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Yo‘llanma berish muddati

Yo‘llanma bo‘sh joy paydo bo‘lgan kundan boshlab bir ish kuni ichida taqdim etiladi.

Yo‘llanma olingandan keyin 15 kun ichida bog‘chaga olib borilishi kerak. Mazkur muddat o‘tgandan keyin taqdim etilgan yo‘llanma qabul qilinmaydi.

Bola bog‘chaga yo‘llanma taqdim etilgandan keyin bir ish kuni ichida qabul qilinadi.

Bolalarni bog‘chaga qabul qilish bepul amalga oshiriladi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 244-sonli Bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida  qarori.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications