Bolani xorijga olib chiqish uchun otaning ruxsati kerakmi?

Ayol erining ruxsatisiz farzandini chet elga olib chiqib ketishi mumkinmi? Bunda qanday hujjatlarni va qaysi tartibda rasmiylashtirish zarur?
– Voyaga yetmaganlar uchun xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirishda ham otaning, ham onaning notarial tasdiqlangan roziligi bo‘lishi zarur (Prezidentining 26.12.2018 dagi PQ–4079-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 18-bandining 8-xatboshi).

Faqatgina ayrim holatlarda ota-onalardan birining roziligi zarur emas (boshqa ota-onaning roziligi mavjud bo‘lganda):

ota-onaning biri vafot etganligida (vafot etganlik to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi taqdim etilgan taqdirda);
FHDYo organi tomonidan berilgan yolg‘iz onaning ma’lumotnomasi mavjud bo‘lganida;
agar bolaning ota-onasidan biri xorij fuqarosi bo‘lganida;
ota-onadan biri sud tomonidan ota-onalik huquqlaridan mahrum qilinganida (sud qarorining nusxasi taqdim etilgan taqdirda);
ota-onadan biri sud tomonidan bedarak yo‘qolgan deb topilganida (sud qarorining nusxasi taqdim etilgan taqdirda);
ota-onadan biri sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilganida (sud qarorining nusxasi taqdim etilgan taqdirda);
agar ota-onadan birining O‘zbekiston Respublikasi hududidagi doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxati xorijga doimiy yashashga ketganligi munosabati bilan bekor qilinganida (Prezidentining 26.12.2018 dagi PQ–4079-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 21-bandining 1–8-xatboshilari).
Qo‘shimcha ma’lumot: Voyaga yetmagan fuqaroga chet elga chiqishda hamrohlik qiluvchi shaxsning notarial tasdiqlangan majburiyati ham bo‘lishi lozim. Ammo 15 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar ota-onalar, vasiylar (homiylar)ning voyaga yetmagan shaxsning mustaqil ravishda xorijga chiqishiga notarial tasdiqlangan roziligi bo‘lgan taqdirda xorijga kuzatuvchisiz chiqishi mumkin (Prezidentining 26.12.2018 dagi PQ–4079-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 18-bandining 9, 10-xatboshilari).

Bu masalada barcha nizolar sud tartibida hal qilinadi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications