Davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayoni jadallashtiriladi

“Davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayonlarini yana-da jadallashtirish toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.

Farmonga muvofiq, tegishli davlat aktivlarini ommaviy savdolarga qoʻyishda va ularni sotish jarayonlarini tashkil etishda:

➖ professional tashkilotlar (xalqaro konsalting, auditorlik va investitsiya maslahatchilari, investitsiya banklari va boshqa ixtisoslashgan kompaniyalar)ni jalb etish Davlat aktivlarini boshqarish agentligi yoki “UzAssets” investitsiya kompaniyasi tomonidan eng yaxshi takliflarni tanlab olish asosida amalga oshiriladi. Bunda, ular bilan tuziladigan shartnomalarni ekspertizadan oʻtkazish talab etilmaydi;

➖ professional tashkilotlar tomonidan davlat aktivlarini sotish maqsadida aniqlangan qiymat yoki qiymatlar oraligʻi (baholash faoliyatining milliy standarti talablaridan qatʼi nazar) savdo jarayonida moʻljal sifatida hisobga olinishiga ruxsat beriladi;

➖ baholash tashkilotining baholash toʻgʻrisidagi hisobotida tavsiya etilgan va uning ekspertiza xulosasida aniqlangan narxni davlat aktivining boshlangʻich narxi sifatida majburiy belgilash toʻgʻrisidagi talab amal qilmaydi;

➖ Davlat mulkini sotishda tender savdolarini oʻtkazish boʻyicha davlat komissiyasiga davlat aktivlarining boshlangʻich narxini eʼlon qilmagan holda sotish toʻgʻrisida eʼlonlar berish hamda 2 tadan kam boʻlmagan takliflar orasida eng yaxshisi asosida sotish boʻyicha qarorlar qabul qilish vakolati beriladi (baholash toʻgʻrisidagi hisobotda tavsiya etilgan va ekspertiza xulosasida aniqlangan narxdan qatʼi nazar).

2021-yil 1-avgustgacha davlat mulkini xususiylashtirishda baholovchi tashkilotlarni tanlash, ularning xizmatlari qiymatini aniqlash va toʻlashning eng yaxshi tijorat takliflarini tanlab olish tartibi joriy etiladi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications