Yangiliklar
Bosh sahifa / Davlat boji stavkalari / Davlat boji qanday hollarda qaytarib beriladi?

Davlat boji qanday hollarda qaytarib beriladi?

Davlat boji quyidagi hollarda to‘liq yoki qisman qaytarilishi kerak:
1) davlat boji qonun hujjatlarida talab qilinganidan ortiqcha miqdorda to‘langanida;
2) sud da’vo arizasini (arizani, shikoyatni) qaytarganda yoki qabul qilishni rad etganda, shuningdek davlat notarial idoralari notarial harakatlarni amalga oshirishni rad etganda;
3) apellatsiya, kassatsiya va nazorat shikoyati qaytarilganda yoki uni qabul qilish rad etilganda;
4) davlat boji to‘langan da’vo arizasi (ariza, shikoyat) yoki apellatsiya, kassatsiya va nazorat shikoyati sudga kelib tushmaganda;
5) agar ish sudga taalluqli bo‘lmasa, ishni yuritish tugatilganda;
6) ariza ko‘rmasdan qoldirilganda, agar u muomalaga layoqatsiz shaxs tomonidan berilgan bo‘lsa;
7) sudning yoki hakamlik sudining ish yurituvida ayni bir taraflar o‘rtasidagi, ayni bir predmet to‘g‘risidagi va ayni bir asoslar bo‘yicha nizo yuzasidan ish mavjud bo‘lsa, ariza ko‘rmasdan qoldirilganda;
8) agar taraflar o‘rtasida nizoni hal qilish uchun hakamlik sudiga topshirish to‘g‘risida hakamlik bitimi tuzilgan bo‘lsa, ariza ko‘rmasdan qoldirilganda;
9) agar taraflar o‘rtasida mediativ kelishuv tuzilgan bo‘lsa, ariza ko‘rmasdan qoldirilganda;
10) ishda ishtirok etgan shaxs vafot etganida, agar nizoli huquqiy munosabat huquqiy vorislikka yo‘l qo‘ymasa;
11) da’vogar nizoni sudga qadar hal etish (e’tiroz bildirish) tartibiga rioya etmaganda, agar bu hol qonunda ushbu toifadagi nizolar uchun yoki taraflarning shartnomasida nazarda tutilgan hamda bunday hal etish imkoniyati boy berilgan bo‘lsa;
12) voyaga yetmagan bolalari bo‘lmagan er-xotinning nikohi o‘zaro rozilik asosida bekor qilinganligini qayd etish uchun davlat boji to‘langanda, agar er-xotinning yarashishi yoki ulardan birining sudga kelmaganligi tufayli nikohni bekor qilish amalga oshirilmagan bo‘lsa;
13) agar ishda ishtirok etayotgan yuridik shaxs tugatilgan bo‘lsa;
14) sud buyrug‘ini chiqarish to‘g‘risidagi arizani qabul qilish rad etilganda;
15) O‘zbekiston Respublikasining fuqarolariga chet elga chiqish huquqi uchun hujjat berish rad etilganda.
Davlat boji summalarini qaytarish to‘lovchining yozma arizasiga binoan yoki sudning hal qiluv qarorlari asosida amalga oshiriladi. Davlat boji summasini qaytarish uchun arizachi davlat bojini undirgan tegishli davlat organiga yoki tashkilotga murojaat qilishi kerak. Davlat bojini undirgan davlat organi yoki tashkilotning rahbari uni qaytarish qonuniyligini tasdiqlagan taqdirda, davlat organi yoki tashkilot va davlat bojining boshqa oluvchilari ilgari o‘z hisobvaraqlariga o‘tkazilgan davlat boji summalarining tegishli qismlarini to‘lovchining yozma arizasi olingan kundan e’tiboran besh kun ichida yoki sud hujjatlari asosida qaytaradi. O‘z navbatida davlat organi yoki tashkilot qaytarilishi lozim bo‘lgan, ilgari O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti daromadiga o‘tkazilgan davlat boji summasining bir qismini qaytarish to‘g‘risida davlat soliq xizmati organiga yozma shaklda xabar yuboradi.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti daromadiga o‘tkazilgan davlat bojini qaytarish to‘g‘risidagi qaror soliq organi tomonidan davlat organi yoki tashkilotning tegishli xabarnomasi olingan kundan e’tiboran o‘n kun ichida qabul qilinadi. Davlat bojini qaytarish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda soliq organi davlat bojini to‘lovchiga qaytarishni amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasining G‘aznachiligiga qaytarish to‘g‘risida tegishli topshiriqnoma yuboradi.
0