Davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik belgilandi

“Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun Prezident tomonidan imzolandi.

Kodeks 175⁸-modda bilan toʻldirildi.

Unga muvofiq:

➖ davlat xaridlari rejalarini, shu jumladan reja-jadvallarini shakllantirish va joylashtirish tartibi boʻyicha qonunchilik talablariga rioya etmaslik, davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda davlat xaridlarini amalga oshirish chogʻida maxsus axborot portaliga davlat xaridlari boʻyicha eʼlonlar joylashtirish tartibini, majburiy muhokama oʻtkazish tartibi va muddatlarini hamda davlat xaridi natijalarini joylashtirish muddatlarini buzish mansabdor shaxslarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha (1 mln 115 ming soʻmdan 2 mln 230 ming soʻmgacha) miqdorda;

➖ davlat xaridlari toʻgʻrisidagi eʼlonlarga va xarid hujjatlariga qonunchilikda taqiqlangan hamda raqobatni cheklovchi axborotni, havolalar va talablarni kiritish, xarid hujjatlarini tasdiqlash hamda buyurtmalarni shakllantirish tartiblarini buzish mansabdor shaxslarga BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha (2 mln 230 ming soʻmdan 3 mln 345 ming soʻmgacha) miqdorda;

➖ tovarlarni, ishlarni va xizmatlarni yetkazib beruvchilarni tender oʻtkazish yoʻli bilan aniqlash talablarini buzish mansabdor shaxslarga BHMning 15 baravaridan 20 baravarigacha (3 mln 345 ming soʻmdan 4 mln 460 ming soʻmgacha) miqdorda;

➖ davlat xaridlari jarayonidagi affillanganlik va manfaatlar toʻqnashuvi haqida davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan tartibda xabar bermaslik mansabdor shaxslarga BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha (4 mln 460 ming soʻmdan 6 mln 690 ming soʻmgacha) miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications