“Ekologik audit toʻgʻrisida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi

“Ekologik audit toʻgʻrisida”gi Qonun (OʻRQ–678-son, 15.03.2021-y.) Prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Qonunga koʻra, ekologik audit ekologik auditorlik tashkiloti va ekologik audit buyurtmachisi oʻrtasida tuziladigan, ekologik audit oʻtkazish muddatlari va boshqa shartlari belgilanadigan shartnoma asosida oʻtkaziladi.

Ekologik audit subyektining faoliyati tegishli normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiq boʻlgan taqdirda, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan bir yil davomida tekshirilmaydi.

Ekologik audit ixtiyoriy yoki majburiy shaklda oʻtkazilishi mumkin.

Atrof-muhitga taʼsir koʻrsatish xavfi kam boʻlgan yoki unchalik kam boʻlmagan (lokal taʼsirga ega) ekologik audit subyektlarining faoliyatiga nisbatan ekologik audit ixtiyoriy tartibda oʻtkaziladi.

Atrof-muhitga yuqori va oʻrtacha taʼsir koʻrsatish xavfiga ega boʻlgan ekologik audit subyektlari har yilgi majburiy ekologik auditdan oʻtkazilishi lozim.

Ekologik audit oʻtkazish yakunlari boʻyicha ekologik audit xulosasi tuziladi.

Ushbu xulosa maxfiy hujjat boʻlib, ekologik audit buyurtmachisining roziligisiz oshkor qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Qonunga koʻra, ekologik auditorlik tashkilotlari oʻz faoliyatini amalga oshirish chogʻida mustaqildir.

Ekologik auditorlik xizmatlari koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnoma faqat ekologik auditorlik tashkilotining fuqarolik javobgarligi sugʻurta polisi mavjud boʻlgan taqdirda tuziladi.

Ekologik auditorlik tashkilotlari Davlat xizmatlari agentligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim.

Ekologik auditorlik tashkilotlari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan tashkil etilishi mumkin emas.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications