Ekologik xavfli mahsulotlar majburiy sertifikatlashtiriladi

Hukumat qarori bilan Oʻzbekiston hududiga olib kirish va respublika hududidan olib chiqishda ekologik xavfli mahsulotlar va chiqindilarni majburiy ekologik sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga koʻra, ekologik xavfli mahsulotlar va chiqindilarni Oʻzbekistonga olib kirish va olib chiqish Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tizimidagi akkreditatsiyadan oʻtgan ekologik sertifikatlash organi tomonidan beriladigan ekologik sertifikat asosida amalga oshiriladi.

Ekologik sertifikat olish uchun ariza beruvchi “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali yoki toʻgʻridan-toʻgʻri Davlat ekologiya qoʻmitasi tizimidagi ekologik sertifikatlash organiga ariza bilan murojaat qiladi.

Ekologik sertifikatlash organi 1 ish kuni mobaynida taqdim etilgan hujjatlarni tahlil qiladi va hujjatlar toʻliq boʻlganda ekologik xavfli mahsulotlar va chiqindilarni sertifikatlashni amalga oshirish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.

Ekologik sertifikat:

➖ olib kirilayotgan ekologik xavfli mahsulotlar va chiqindilarga (transport vositalaridan tashqari) aniq hajmi (soni) koʻrsatilgan bitta tashqi savdo shartnomasi (kontrakti) va yetkazib beruvchi hamda qabul qiluvchi oʻrtasida tuzilgan kelishuv(lar) nusxasiga asosan – bir kalendar yildan oshmagan muddatga;

➖ ekologik xavfli mahsulotlar va chiqindilarning har toʻpiga – bir yildan oshmagan muddatga;

➖ mahsulotlarni seriyalab ishlab chiqarish jarayonlariga esa – 3 yil muddatga beriladi.

Mazkur tartib 2021-yil 1-maydan boshlab kuchga kiradi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications