Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.
“Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan qoʻshimchalarga koʻra, Prezident qarorlari asosida davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimlar va Hukumat orqali jalb etilgan chet el investitsiyalari loyihalari boʻyicha Oʻzbekistonda realizatsiya qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) narxlari chet el valyutalariga va shartli birliklarga bogʻlanishi mumkin.
Ilgari mazkur tartib mavjud emas edi.
Konsessiyalar bilan bogʻliq munosabatlar “Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi Qonun bilan tartibga solinadi.
Konsessiya loyihalarini roʻyobga chiqarish davlat-xususiy sheriklik loyihalari uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Endilikda faqatgina qiymati 1 million dollardan ortiq loyihalarining tender hujjatlari va davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimlarning loyihalari kelishiladi.
Kiritilgan qoʻshimchalar bilan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining davlat-xususiy sheriklik sohasidagi vakolatlari belgilandi.
Davlat-xususiy sheriklik loyihalariga oid maʼlumotlarning eʼlon qilinadigan qismi aniqlashtirildi.
Xususan, bunda quyidagi maʼlumotlar rasmiy veb-saytlarga joylashtiriladi:
▫️loyiha taraflarining nomi;
▫️loyihaning faoliyat yoʻnalishi;
▫️loyihaning joylashgan yeri;
▫️loyihani amalga oshirish muddati;
▫️isteʼmolchilarga realizatsiya qilinadigan tovarlarning;
▫️loyihaning umumiy qiymati;
▫️davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash hajmi va turlari.