Er-xotin bir biridan aliment undirishi mumkinmi? (Farzandiga emas)

Er-xotinning bir-biriga ta’minot berish majburiyatlari

Er-xotin bir-biriga moddiy yordam berishi shart. Bunday yordam berishdan bosh tortilgan taqdirda, yordamga muhtoj, mehnatga layoqatsiz er yoki xotin, shuningdek xotin homiladorlik davrida va o‘rtada bola tug‘ilgan kundan boshlab uch yil davomida, o‘rtadagi nogiron bola o‘n sakkiz yoshga to‘lguncha yoki bolalikdan I guruh nogironi bo‘lgan o‘rtadagi bolaga qaragan yordamga muhtoj er (xotin) yordam berishga qodir bo‘lgan xotin (er)dan sud tartibida ta’minot (aliment) olish huquqiga ega.

Nikohdan ajralganidan keyin sobiq er (xotin)ning ta’minot olish huquqi Etarli mablag‘ga ega bo‘lgan sobiq er (xotin)dan: sobiq xotin homiladorlik davrida va o‘rtada bola tug‘ilgan kundan boshlab uch yil davomida; o‘rtadagi nogiron bola o‘n sakkiz yoshga to‘lguncha yoki bolalikdan I guruh nogironi bo‘lgan bolaga qaragan yordamga muhtoj sobiq xotin (er); nikohdan ajralgunga qadar yoki nikohdan ajralgan paytdan boshlab bir yil davomida mehnatga layoqatsiz bo‘lib qolgan yordamga muhtoj sobiq xotin (er); nikohdan ajralgan paytdan boshlab besh yil ichida pensiya yoshiga yetgan yordamga muhtoj xotin (er), agar er-xotin uzoq vaqt nikohda turishgan bo‘lsa, sud tartibida aliment talab qilish huquqiga egadir. Nikohdan ajralgandan keyin sobiq er yoki xotinga to‘lanadigan aliment miqdori va uni to‘lash tartibi sobiq er-xotin o‘rtasidagi kelishuv bilan belgilanishi mumkin.   Er-xotin (sobiq er-xotin)dan sud tartibida undiriladigan aliment miqdori   Er-xotin (sobiq er-xotin) o‘rtasida aliment to‘lash to‘g‘risida kelishuv mavjud bo‘lmagan hollarda er yoki xotinga (sobiq er yoki xotinga) sud tartibida undirib beriladigan aliment miqdori sud tomonidan er yoki xotinning (sobiq er yoki xotinning) moddiy va oilaviy ahvolini hamda taraflarning e’tiborga loyiq boshqa manfaatlarini e’tiborga olib, har oyda pul bilan to‘lanadigan qat’iy summada belgilanadi, biroq bu summa qonun hujjatlarida belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 11,75 foizidan kam bo‘lmasligi lozim.   Er va xotinni bir-birlariga ta’minot berish majburiyatidan ozod qilish yoki bu majburiyatni muayyan muddat bilan cheklash   Sud quyidagi hollarda: agar er-xotin nikohda qisqa vaqt mobaynida bo‘lgan bo‘lsa; agar o‘z ta’minoti uchun mablag‘ to‘lanishini talab qilayotgan er yoki xotinning noloyiq xulq-atvori tufayli nikohdan ajratilgan bo‘lsa; agar yordamga muhtoj er yoki xotinning mehnatga layoqatsiz bo‘lib qolishi uning spirtli ichimliklarni, giyovandlik vositalarini, psixotrop moddalarni suiiste’mol qilishi yoki qasddan jinoyat sodir etishi oqibatida yuz bergan bo‘lsa, er (xotin)ni yordamga muhtoj mehnatga layoqatsiz xotin (er)ga ta’minot berish majburiyatidan ozod qilishi yoxud bu majburiyatni muayyan muddat bilan cheklab qo‘yishi mumkin.   Er (xotin)ning aliment olish huquqining tugashi   Er-xotinning bir-biridan ta’minot olish huquqi ushbu Kodeksning 117 va 118-moddalariga muvofiq ta’minot olish uchun asos bo‘lgan shartlar tugagan taqdirda, shuningdek nikohdan ajralgan yordamga muhtoj, mehnatga layoqatsiz er yoki xotin yangi nikohga kirganda tugaydi. Bunday hollarda, agar ta’minot uchun mablag‘ sudning hal qiluv qaroriga binoan undirilgan bo‘lsa, uni to‘lashi shart bo‘lgan er (xotin) bundan buyon aliment to‘lashdan ozod etish haqidagi talab bilan sudga murojaat qilishga haqlidir.    

Bizni telegramda kuzatib boring

@civil_uz

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications