ERKIN PUARO

Uni hamma Erkin Puaro deb chaqiradi. Mitti gavdasi-yu, burgutga o‘xshash qiyofasi o‘sha mashhur serialdagi izquvar Erkyul Puaroga quyib qo‘ygandek o‘xshash bo‘lgan Erkinvoy nafaqat o‘qiyotgan maktabida, balki mahallasi, qishlog‘ida ham izquvar bola sifatida tanilgan. Uning izquvarlikka qachondan boshlab qiziqib qolganini hech kim aniq bilmaydi, lekin yaqin bir do‘stining aytishicha, Erkinvoy televizorda «Puaro» seriali ko‘rsatila boshlagandan buyon izquvarlikka havasmand bo‘lib qolgan.

Qishloqda kimning echkisi yo‘qolib qolgan, yana birovning sigiri podadan qaytib kelmagan yoki qovun-tarvuz palaklarida hosilning cho‘g‘i o‘z-o‘zidan pasayib boshlasa, birinchi bo‘lib Erkin Puaroga murojaat qilishadi. Ayniqsa, maktabda birortasining papkasidan ruchka yoki chiroyli qalamlari, yappa-yangi daftari g‘oyib bo‘lib qolsa, bizning izquvar birinchilar qatorida o‘g‘irlik sodir etilgan joyda paydo bo‘ladi-da, astoydil ishga kirishib ketadi.

Mana u hozir darsda o‘tiribdi. Xayoli esa darsdan tashqarida. Nega desangiz, Erkinvoy shu kunlarda juda zerikib qolgan. Mayda-chuyda ishlarni aytmaganda deyarli sevimli mashg‘uloti bilan shug‘ullanmayapti. Qish mavsumida izquvarlikka yo‘l bo‘lsin. Mol-hol uchun poda bo‘lmasa, uyda esa hech kimning sigiri yo‘qolib qolmaydi, keyin bog‘-u polizlarga ham hech kim o‘g‘irlikka tushmaydi, nega desangiz ship-shiydam joyda olishga arzigulik narsa qayoqda deysiz. Qani edi, u katta-katta jinoyatlarni ochganida…

Shularni o‘ylab sinf derazasidan tashqarini kuzatib o‘tirgan Erkinvoy birdan maktab hovlisida direktor Hashamat aka va qishloq noziri Shokir melisaning suhbatlashib turganini ko‘rdi.
U hojatxona bahonasida sinfxonadan chiqib, direktor va qishloq nozirining o‘zaro suhbati mazmunini eshitishga shoshildi. Xuddi mushukdek maktab eshigidan lip etib chiqib, hovli etagidagi ariqqa tushib, suhbat bo‘layotgan joygacha emaklab bordi-da, quloqlarini ding qilib ularning gapini eshita boshladi. Ularning suhbatidan Erkinvoy shuni bildiki, bugun ertalab o‘qituvchilar xonasida yuqori sinflarga tegishli sinf jurnallari o‘z-o‘zidan g‘oyib bo‘lib qolganini na bironta o‘qituvchidan tortib qorovul-u farroshgacha qayoqqa gum bo‘lganini bilishmasmish. Ana jumbog‘u, mana jumboq. Erkin Puaroga xuddi mana shunday chigal ish kerak edi. U darhol ishga kirishib ketishga chog‘landi. Xo‘sh, birinchi navbatda direktor bilan bu ish haqida yaxshilab gaplashib olish kerak. Ariqda pusib yotgani esidan chiqib ketib Hashamat akaga qanday qilib savol berib yuborganini o‘zi bilmay qoldi:

– Gapingizni bo‘lganim uchun uzr ustoz, jurnallarning g‘oyib bo‘lganini kim birinchi bo‘lib bilib qoldi?

Ovoz yerdan keldimi, ko‘kdan keldimi, deya ikkovlon atrofga olazarak bo‘lib qarashayotganda ustidagi xazonlarni qoqishga ulgurgan Erkinvoy ularning yonida paydo bo‘lib, muloyimgina qilib salom berdi. Ortlariga o‘girilgan suhbatdoshlar ichlariga «tuf-tuf»lab qo‘yishib, norozi kayfiyatda unga o‘qrayib qarashdi. Vaziyat biroz noqulay bo‘lsa-da, jurnallarning o‘z-o‘zidan g‘oyib bo‘lib qolganiga azbaroyi qiziqqanidan, direktorning avzoyiga chirt ko‘z yumib, uni so‘roqqa tuta boshladi:

– Ayting-chi, o‘qituvchilar xonasini kim oxirgi bo‘lib qulflagan ekan? Kim birinchi bo‘lib eshikni ochibdi? Xonada boshqa narsalar ham yo‘qolmabdimi? Nega aynan yuqori sinf jurnallari g‘oyib bo‘lgan? Balki kichik sinflar jurnallari ham yo‘qolgan… – direktorning changak qo‘llari Erkinvoyning shalpang quloqlarini omburdek qisib olganidan og‘zidagi gapi chala qoldi. Hashamat aka esa Shokir melisaga uni tanishtira boshladi:

– Bizning Erkin Puaromizni juda yaxshi tanisangiz kerak, o‘tgan yili shu bolaning dastidan qishloqda ko‘p hangomalar bo‘lgan. – Shokir melisa xabarim bor, degandek boshini qimirlatib qo‘ydi. Direktor esa davom etdi, – anavi Xanifa xola bor-ku, jun paypoqlar to‘qiydigan, o‘shaning echkisi yo‘qolib qolsa, shu sizniki bo‘ladi, deb qo‘shnisining uloqchasini beso‘roq olib, xolaga tashlab kelibdi. Qishloq bog‘i etagida qolib ketgan xolaning echkisi esa ertasiga o‘zi darvozadan kirib kelgan. Shunga ham qancha to‘polon bo‘ldi…

Xullas, bu bola hamma narsaga burnini tiqishni yaxshi ko‘radi. Ertaga shu odati unga pand berib qolmasa bo‘lgani…

Shu voqeaga ham ikki, uch kun bo‘lib qoldi. Jurnallar esa hali topilgani yo‘q. Maktabda ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan hodisalar sodir bo‘lmoqda. Jurnallar yo‘qolganidan xabar topgan yuqori sinf shumtakalari o‘qishni yig‘ishtirib qo‘yishdi. A’lochilar esa shuncha olgan «besh»larimiz qayoqda qoladi deb, to‘polon ko‘tarishmoqda. Kelib chiqqan vaziyatdan direktorning boshi qotgan. Qishloq noziri Shokir melisa esa bir ish chiqara olmadi.

Xullas maktabda boshboshdoqlik avj olgan sayin, Erkin Puaroning arazi tarqay boshladi. Avvalo, qiziqish ustun kelib, keyin esa direktorga o‘zining kimligini isbotlab qo‘yish uchun bizning izquvar surishtiruv ishlariga kirishib ketdi. O‘qituvchilar xonasini tozalash bahonasida jurnallar turgan joyni o‘rgana boshladi.

Ikkinchi qavatda joylashgan o‘qituvchilar xonasi qadamlab o‘lchaganda eniga olti, bo‘yiga sakkiz qadam bo‘lib, maktabdagi ma’naviyat xonasidan keyin hashamatli va shinamligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi. Sinf jurnallari turadigan javon esa shundoq xonaga kirishda – o‘ng qo‘lda turadi. Erkin bunga jiddiy ye’tibor berar ekan, kalavaning uchini topgandek bo‘ldi. Stolning changini artish bahonasida xona navbatchiligi ro‘yxati yozilgan daftarni varaqlay boshladi. Demak, jurnallar bundan besh kun oldin, 15 noyabrda yo‘qolgan. Xo‘sh, shu kuni kim navbatchi bo‘lgan ekan? Topdim: Qulmatov Eshmat. O‘ziyam o‘sha kunda navbatchilikka qolgan Eshmat bobo yetmishlarga yaqinlashgan bo‘lsa ham, azbaroyi bolalarga «mehri» kuchliligidan, aslida nafaqada uyida zerikib qolganidan o‘tgan yili maktabga direktorimizdan ish so‘rab kelgan edi. Uning ko‘p yillik mehnatini hisobga olib, Hashamat aka unga geografiya fanidan besh-olti soatlik dars olib bergan. Shundan beri Eshmat bobo darsi bo‘lsa bo‘lmasa maktabga har kuni keladi. O‘qituvchilar xonasi esa uning deyarli shaxsiy kabinetiga aylangan. Xonadagi matbuot burchagi uning eng sevimli joyi. Maktabga uni bog‘lab qo‘ygan ham shu gazeta-yu jurnallar, erta-yu kech ularni varaqlab o‘tiradi. Ba’zan o‘qiyotgan narsasiga qiziqib ketib, darsi borligini ham esidan chiqarib qo‘yadi. O‘quvchilar esa bundan foydalanib maktab stadionida shataloq otib yurishadi…

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications