“Farengeyt bo‘yicha 451 daraja” romanidan parchalar (Rey Bredberi)

“Kitob yoqishdan ham og‘irroq jinoyat bor, masalan, uni o‘qimaslik”.

 

“Kitoblar haqida ularning muqovasiga qarab xulosa chiqarmang”.

***

Har bir yangi avlod bizga insoniyat xatolarini eslatib turadigan odamlarni qoldirib ketadi”.

***

“Biz shunchaki o‘zimiz hech narsani anglatmaymiz. Muhimi biz emas, biz miyamizda saqlayotgan narsalardir”.

***

“Ha. Bo‘sh vaqtimiz yetarli. Ammo o‘ylash uchun vaqtimiz bormi?”.

***

“Sen nima ish qilayotganing muhim emas, muhimi shundaki, har bir qilgan ishingga shunday yondoshginki, unda sening bir qisming qolib ketsin. Shunchaki dalada o‘t o‘rayotgan odam va haqiqiy bog‘bonning ham farqi aynan shunda”.

***

“Endi sizga tushunarli bo‘ldimi, nima uchun kitoblarni yomon ko‘rishadi va ulardan qo‘rqishadi? Chunki ular hayotimiz yuzidagi ajinlarni ko‘rsatib turadi”.

 

Asar haqida

“Farengeyt bo‘yicha 451 daraja” kitobi fantastik janrning daholaridan hisoblangan Rey Bredberi tomonidan 1953-yilda chop etilgan. Kitob sahifalari hozirda amalga oshgan va oshayotgan bashoratlarga boy. Rey Bredberi fantast yozuvchi bo’lishiga qaramasdan, uning asarlari, hikoyalari inson hayolida uni haqiqiy realistik va hayotiy mutafakkir sifatida shakllantiradi. Agar u kelajak haqida yozishini olib tashlasak, uning personajlari, ularning xarakterlari, u ochib bergan individlar yonimizda, atrofimizda yuribdi. Bredberi haqiqiy psixologizm ustasi, aynan shu jihati uning eng yorqin tarafi.

Bu kitob muqobil tarixning oltin jamg‘armasidan o‘rin olgan, Oruell va Xaksli kitoblari kabi klassik antiutopiya hisoblanadi. Romanni o‘qir ekansiz, sizni muallifning bashoratlari hozirgi kunimizga qanchalik yaqin ekanini anglash hayajonga soladi. Texnologiyalar rivojlanishi bilan odamlar bir-biri bilan juda kam jonli muloqot qiladigan bo‘lib qoldi. Juda ko‘p vaqtni televizor qarshisida o‘tkazishadi, qanaqadir virtual hayotda yashashadi. Hozir biz kitoblarni yoqmasak ham, kam o‘qiyapmiz, kitob o‘qiydigan odamlar rostan ham oz hozir. Televizor, kompyuter, telefon, internet bois vaqt hech narsaga yetmaydi. Telegram’da yuzlab bo‘lar-bo‘lmas kanallarga a’zomiz, har kuni tonnalab axborotni bilishimiz kerakday go‘yo. Qaysi mashhur odam kimga uylandi, qilichboz qizning Instagram’i, kim o‘ldi, kim ajrashdi, dollar kursi, benzin narxi, Tokio hayvonot bog‘ida panda bolasi tug‘ildi… Aslida biz shu axborotsiz ham tinch yashashimiz mumkin, lekin buni o‘ylab ko‘rishga ham vaqtimiz yo‘q. Pul ishlab topish kerak, iste’mol qilish kerak, yana ko‘proq topish kerak, ko‘proq iste’mol qilish kerak…

Oq-qora televideniye asrida, telefon apparatlari faqat boy xonadonlarda bo‘lgan, odamlar kinoteatrlarga bayram kabi borgan yillar, bizda Orol dengizi “eson-omon” quritilayotgan davrlarni tasavvur qiling. Aynan shu davrda dunyoqarashingizni o‘zgartirib tashlashga qodir, hozirgi kunimizga nisbatan ko‘zimizni kattaroq ochib qarashga majbur qiladigan ushbu durdona asar dunyo yuzini ko‘rgan.

Asar bosh qahramoni orqali biz texnologiyalarsiz bir soniya ham yashay olmaydigan insonlar olamiga tushamiz. Telefonlar insonlarning qulog‘ida joylashgan, odamlar har qanday transportda reklama orqali zombilashtiriladigan, teleekranlar oiladagi har qanday jonli muloqot o‘rnini bosadigan olam. Bularning bari bundan 66 yil avval tasvirlangan.

Syujet

Asar qahramoni – oddiy o‘t o‘chiruvchi ishchi Gay Monteg. O‘zi anglamagan holda jamiyatni qul qilishda bevosita ishtirok etadi. U o‘t o‘chiruvchi bo‘lib ishlasa-da, vazifasi… kitob yoqish…

Asar qahramonining kunlari bir xilda – uy–ish–uy shaklida o‘tadi. Uning ayoli – uy bekasi, kun bo‘yi televizorda odamlarning hayoti, ularning tanishuvi, sevishishi, urishishi aks etgan syujetni onlayn rejimda tomosha qilib o‘tiradi (hozir bunday reality-shoular judayam ko‘p va, eng achinarlisi, aksar insonlar qiziqib tomosha qiladi boshqalarning hayotini, shaxsiy hayotini unutgan holda).

Monteg har kuni ishxonasida olovda kitob yoqadi. Chunki hukumat kitob odamlarning baxtiga xalaqit qiladi deb hisoblaydi. Lekin kunlarning birida qo‘shni bo‘lib yashaydigan, chin insonga xos yorqin hissiyotlarni his qila oladigan qiz Klarissa bilan tanishgach, u qilayotgan ishi xatoligini anglay boshlaydi, kitob baxtga xalaqit bershi haqidagi gaplarga shubha bilan qaray boshlaydi. Gay bu beg‘ubor qiz bilan tanishgach, hozir u uchun umuman ma’nosini yo‘qotgan butun o‘tgan hayotini qaytadan o‘ylab chiqishga majbur bo‘ladi. Natijada u xotini va ishini tashlab ketadi, ishidagi boshlig‘i Bittini yoqib yuboradi, oldinlari kitob yoqqani kabi…

Monteg shahardan qochadi, jamiyat tomonidan ajratib qo‘yilgan, o‘zi kabi hammadan boshqacha o‘ylay boshlagan boshqa insonlarni uchratadi. Ular ichida olimlar ham bo‘ladi. Ularning maqsadi kelajak avlod uchun minglab yil davomida insoniyat tomonidan yig‘ilgan bilimlarni asrab qolish edi.

Iste’molchilar va “ura-ura”chilar jamiyatida olimlar va Monteg kabi tanqidiy fikrlovchi personajlar, oz bo‘lsa-da, borligidan xursand bo‘lasan. Monteg va uning sheriklari despotizm jamiyatida, his qilish, o‘ylash, erkin fikrlash huquqi va hayoti mazmuni uchun kurashga otlanadi…

 

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications