Skip to main content

Fikr, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqining mazmuni

Qudratillayev Jaxongir Zokirjon o‘g‘li

TDYU Konstitutsiyaviy huquq kafedrasi o‘qituvchisi

Konstitutsiyamizning 33-moddasida qayd etilganidek: “Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega. Axborotni izlash, olish va tarqatishga bo‘lgan huquqni cheklashga faqat qonunga muvofiq hamda faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash, shuningdek davlat sirlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir oshkor etilishining oldini olish maqsadida zarur bo‘lgan doirada yo‘l qo‘yiladi.”.

Insonning o‘z fikrini erkin ifoda etish huquqi o‘z ichiga nimalarni qamrab oladi?

Insonning o‘z fikrini erkin ifoda etish huquqi o‘z ichiga quyidagilarni qamrab oladi:

1),har qanday axborotni izlash;

2),har qanday axborotni olish;

3),har qanday axborotni tarqatish;

4),har qanday axborotni yozma yoki nashr shaklida yoxud badiiy shaklda ifodalash erkinligini amalga oshirish imkonini beradi (istisno holatlar ham mavjud).

Insonning so‘z va fikrlash erkinligiga nisbatan qonun hujjatlarida muayyan istisnoli holatlar belgilangan va birinchi navbatda bu holatlar xalq farovonligini va tinchligini ta’minlash, davlatning konstitutsiyaviy tuzumiga zid bo‘lmaslik, doimo taraqqiyotga xizmat qilish bilan belgilanadi. Ushbu erkinlikni suiiste’mol qilib sharm-hayosiz asarlar yaratish, fikrlash, so‘z va matbuot erkinligidan konstitutsiyaviy tuzumga qarshi maqsadda, boshqalarni badnom qilishni ko‘zlab, axborotlar izlash, olish va tarqatish huquqidan boshqalarni shaxsiy hayot sirlari yoki davlat, xizmat yoinki tijorat sirlarini oshkor etish uchun foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi faqat davlat siri va boshqa sirlarga taalluqli bo‘lgan taqdirdagina qonun bilan cheklanishi mumkin. Konstitutsiyamizning barcha moddalarida ham, garchi ularning matnida axborot va so‘z erkinligi, matbuot erkinligi, fikr erkinligi, e’tiqod erkinligi kabi tushunchalar ishlatilmagan bo‘lsa-da, inson va fuqarolarning ana shu huquq hamda erkinliklari ta’minlanishi, himoya etilishiga xizmat qiladi.

Insonning fikrlash erkinligi qanday amalga oshiriladi?

!,”Insonning fikrlash erkinligi deganda, so‘z orqali amalga oshiriladigan, fikrini ochiq so‘zlash va boshqa shaxslarning e’tiboriga yetkazish huquqi tushuniladi.”

Ko‘p holatlarda so‘z erkinligi har bir insonning o‘z fikrini ommaviy axborot vositalarida chiqish, o‘z fikr va e’tirozlarini ochiq so‘zlash erkinligi bilan bog‘liq bo‘ladi.

!,Bu erkinlik quyidagi normativ huquqiy hujjatlar bilan kafolatlangan.O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi;“Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”gi Qonun;“Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonun;“Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi Qonun.

Bir so‘z bilan aytganda, fikrlash, so‘zlash erkinligi, axborotlarni izlash, olish va tarqatish huquqi fuqarolarga davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda faol ishtirok etish imkonini beradi. Shu o‘rinda mustaqillik yillarida mamlakatimizda fuqarolarning so‘zlash erkinligi, axborotlarni izlash, olish va tarqatish huquqlarini ta’minlash borasida chuqur demokratik islohotlar amalga oshirilib kelinayotganligini qayd etib o‘tish joiz.

Ushbu qonunlarda so‘z erkinligi muayyan huquqlar bilan bir qatorda ma’lum burch va majburiyatlar mavjudligini ham taqozo etadi. Xususan, ular quyidagilarda namoyon bo‘ladi:

boshqa shaxslar huquqi va obro‘sini hurmat qilish;

davlat xavfsizligi, jamoat tartibi, aholi sog‘lig‘i va qadriyatlarini himoya qilish.

Fikr, so‘z va e’tiqod erkinligining huquqiy asoslari nimalarda o‘z

ifodasini topadi?

Insonning so‘z va fikrlash erkinligi huquqiga doir konstitutsiyaviy normalar joriy qonunlarda rivojlantirilgan.

Xususan, insonning gazeta, jurnal, televideniye va radio dasturlari va ommaviy axborot vositalari orqali ma’lumotlarni tarqatish va qabul qilish bilan bog‘liq bo‘lgan munosabatlar O‘zbekiston Respublikasining Qonuni bilan tartibga solinadi.

Milliy qonunchiligimizda barcha o‘tkazilayotgan islohot va jarayonlarda ommaviy axborot vositalari erkinligining suiiste’mol etilishiga yo‘l qo‘ymaslik bilan bog‘liq holatlar nazarda tutilgan. Ana shu muammo bilan bog‘liq qoidalar xalqaro hujjatlarda ham ko‘zda tutilgan va bu borada tegishli kafolatlar mustahkamlab qo‘yilgan Bunga Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 19-moddasi, “Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risida”gi Xalqaro Paktning 19-moddasi, “Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoyalash to‘g‘risida Yevropa konvensiyasi”ning 10-moddasi va boshqa xalqaro normativ-huquqiy hujjatlar misol bo‘la oladi.

Xalqaro va xorijiy amaliyotda siyosiy debatlar, shu jumladan o‘tkazilayotgan barcha islohot va jarayonlarda oshkora bildiriladigan axborot va g‘oyalarning himoya darajasi nisbatan ancha yuqori hisoblanadi. Bu tushunarli va adolatli mezondir, zotan kishilar har bir odamga taalluqli bo‘lgan narsalar va voqealardan imkon qadar to‘liq xabardor bo‘lmog‘i lozim.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 19- moddasiga muvofiq, “Har bir inson e’tiqod erkinligi va uni erkin ifoda qilish huquqiga ega; bu huquq hech bir to‘siqsiz o‘z e’tiqodiga amal qilish erkinligini hamda axborot va

g‘oyalarini har qanday vosita bilan, davlat chegaralaridan qat’i nazar, izlash, olish va tarqatish erkinligini

o‘z ichiga oladi”.

“Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risida”gi Xalqaro Paktning 19- moddasida axborot olish, tarqatish erkinligi va kafolatlari to‘g‘risida shunday deyilgan: “Har bir inson o‘z fikrini erkin bayon etish huquqiga ega; bu huquq davlat chegaralaridan mustaqil holda yozma ravishda yoki matbuot vositasida yoki ifodalashning badiiy yoki o‘z ixtiyoriga ko‘ra boshqacha usullarda turli axborot g‘oyalarini qidirish, olish va tarqatish erkinligini qamrab oladi, deyilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33-moddasida belgilangan insonning fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga tegishli konstitutsiyaviy me’yorlar inson huquqlari sohasidagi xalqaro-huquqiy andozalarga to‘la mos keladi.

Categories: Ilmiy maqolalar