Firma nomi
Firma nomi yuridik shaxs bo‘lgan tijorat tashkilotining individual nomi bo‘lib, unga doir mutlaq huquq yuridik shaxs davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan vaqtda yuzaga keladi.
Yuridik shaxs to‘liq firma nomi bilan birga qisqartirilgan firma nomiga ham ega bo‘lishi mumkin.
Yuridik shaxsning firma nomida uning tashkiliy-huquqiy shakli ko‘rsatilishi kerak. (Misol uchun “Firma nomi” MCHJ/ “Firma nomi” AJ/ “Firma nomi” XK)
Qonunda nazarda tutilgan hollarda firma nomida yuridik shaxs faoliyatining xususiyati ko‘rsatilishi kerak.

Firma nomida ko‘rsatilishi lozim bo‘lmagan belgilar
Firma nomida:
1) davlatning rasmiy nomi, xalqaro, hukumatlararo yoki nodavlat notijorat tashkilotining qisqartirilgan yoki to‘liq nomi;
2) tarixiy yoki O‘zbekiston Respublikasida mashhur bo‘lgan shaxsning to‘liq yoki qisqartirilgan ismi, belgilangan tartibda beriladigan ruxsatsiz;
3) firma nomining egasi, uning faoliyat turi yoki u kelib chiqqan mamlakat xususidagi soxta yoki iste’molchini chalg‘itishi mumkin bo‘lgan belgilar;
4) jamiyat manfaatlariga, insonparvarlik va axloq prinsiplariga zid bo‘lgan belgilar ko‘rsatilmasligi kerak.
Firma nomida:
ilgari O‘zbekiston Respublikasida boshqa yuridik shaxs nomiga ro‘yxatdan o‘tkazilgan yoki ro‘yxatdan o‘tkazish so‘rab talabnoma berilgan, ilgariroq ustuvorlikka ega bo‘lgan firma nomlari;
ilgari O‘zbekiston Respublikasida boshqa shaxs nomiga ro‘yxatdan o‘tkazilgan yoki ro‘yxatdan o‘tkazish so‘rab talabnoma berilgan, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq ro‘yxatdan o‘tkazilmay muhofaza qilinadigan tovar belgilari (xizmat ko‘rsatish belgilari);
belgilangan tartibda hammaga ma’lum deb e’tirof etilgan tovar belgilari (xizmat ko‘rsatish belgilari);
belgilangan tartibda qonun hujjatlari bilan muhofaza qilinadigan tovarlar kelib chiqqan joylarning nomlari bilan, shunday nomdan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan shaxs nomiga ro‘yxatdan o‘tkazish hollari bundan mustasno, adashtirib yuborish darajasida bir xil yoki ularga o‘xshash bo‘lgan belgilar ham ko‘rsatilmasligi kerak.
1-bandda ko‘rsatib o‘tilgan belgilar, agar bunga tegishli davlat organining yoki tashkilotning ruxsati bo‘lsa, firma nomiga kiritilishi mumkin.

Firma nomini huquqiy jihatdan muhofaza qilish
Firma nomi yuridik shaxs davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan vaqtdan e’tiboran, chet el yuridik shaxsining firma nomi esa, chet el yuridik shaxsi O‘zbekiston Respublikasi hududida fuqarolik muomalasi ishtirokchisi sifatida faoliyatni amalga oshirishni boshlagan sanadan e’tiboran huquqiy jihatdan muhofaza qilinadi.

Firma nomiga bo‘lgan huquq
Yuridik shaxs o‘z firma nomidan foydalanishda va boshqa yuridik shaxslarga ushbu firma nomidan foydalanish huquqini berishda mutlaq huquqga ega.
Chet el yuridik shaxsining firma nomiga bo‘lgan mutlaq huquqi shu yuridik shaxs ta’sis etilgan mamlakatning qonun hujjatlarida belgilangan hujjat bilan tasdiqlanadi.
Firma nomidan foydalanish
Quyidagilar:
firma nomini rasmiy blankalarda, muhrlarda, shtamplarda va yuridik shaxsning faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa hujjatlarda aks ettirish;
firma nomini tovarlarda, ularning idishi va o‘rovida, reklamada, peshlavhalarda, bosma ma’lumotnomalarda, hisobvaraqlarda, bosma nashrlarda, tovarlarni O‘zbekiston Respublikasida o‘tkaziladigan ko‘rgazmalar va yarmarkalarda namoyish etish vaqtida ishlatish firma nomidan foydalanishdir.
Firma nomidan tovar belgisining (xizmat ko‘rsatish belgisining) elementi sifatida foydalanilishi mumkin.

Firma nomidan foydalanish huquqini berish
Yuridik shaxs (litsenziar) o‘z firma nomidan foydalanish uchun boshqa yuridik shaxsga (litsenziatga) qonun hujjatlariga muvofiq ular o‘rtasida tuzilgan litsenziya shartnomasi yoki kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi asosida ruxsat berishi mumkin.
Litsenziya shartnomasida iste’molchini chalg‘itishni istisno etadigan chora-tadbirlar nazarda tutilishi kerak.

Firma nomiga bo‘lgan huquqning boshqa shaxsga o‘tishi
Firma nomiga bo‘lgan huquqning boshqa shaxsga o‘tishiga faqat yuridik shaxs qo‘shib yuborish, qo‘shib olish, bo‘lish va ajratib chiqarish yo‘li bilan qayta tashkil etilgan yoki butun korxona mulkiy majmua sifatida sotilgan hollardagina yo‘l qo‘yiladi.
Yuridik shaxslar qo‘shib yuborilganda va yuridik shaxs boshqa yuridik shaxsga qo‘shib olinganda firma nomiga bo‘lgan huquqning boshqa shaxsga o‘tishi topshirish hujjatiga muvofiq amalga oshiriladi.
Yuridik shaxs bo‘linganda yoki u yuridik shaxs tarkibidan ajralib chiqqanida firma nomiga bo‘lgan huquqning boshqa shaxsga o‘tishi taqsimlash balansiga muvofiq amalga oshiriladi.

Firma nomini huquqiy jihatdan muhofaza qilishni tugatish
Firma nomini huquqiy jihatdan muhofaza qilish yuridik shaxs tugatilgan yoki uning firma nomi o‘zgartirilgan taqdirda, tugatiladi.

Firma nomiga bo‘lgan huquqning buzilishi
Firma nomidan noqonuniy foydalanish firma nomiga bo‘lgan mutlaq huquqning buzilishi deb e’tirof etiladi.
Agar tovar belgisiga (xizmat ko‘rsatish belgisiga), domen nomiga bo‘lgan huquq firma nomiga bo‘lgan huquqdan ilgari olingan bo‘lsa, tovar belgisida (xizmat ko‘rsatish belgisida), domen nomida ushbu firmaning nomidan foydalanish firma nomiga bo‘lgan mutlaq huquqning buzilishi deb e’tirof etilmaydi.

Firma nomiga bo‘lgan huquqni himoya qilish usullari
Firma nomiga bo‘lgan mutlaq huquqni undan noqonuniy foydalanishdan himoya qilish:
yuridik shaxsning ishchanlik obro‘sini himoya qilish maqsadida sud qarori to‘g‘risida ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish;
noqonuniy foydalanilgan firma nomini kontrafakt tovarlar, yorliqlar, idishlar va o‘rovlardan huquqbuzar hisobidan olib tashlash;
noqonuniy foydalanilgan firma nomini kontrafakt tovarlar, yorliqlar, idishlar va o‘rovlardan olib tashlash mumkin bo‘lmagan taqdirda, ularni huquqbuzar hisobidan yo‘q qilib tashlash;
kontrafakt tovarlar, yorliqlar, idishlar va o‘rovlarni firma nomiga bo‘lgan huquqqa egalik qiluvchi yuridik shaxsga berish orqali amalga oshiriladi.
Firma nomiga bo‘lgan mutlaq huquqni undan noqonuniy foydalanishdan himoya qilish qonun hujjatlariga muvofiq boshqacha usullar bilan ham amalga oshirilishi mumkin.

Chet el yuridik shaxslarining huquqlari
Chet el yuridik shaxslari ushbu Qonunda nazarda tutilgan firma nomlariga bo‘lgan huquqlardan O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga binoan yoki o‘zaro kelishuv prinsipi asosida O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxslari bilan teng ravishda foydalanadilar.

Nizolarni hal etish
Firma nomlarini huquqiy jihatdan muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

Firma nomlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Firma nomlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.

Manba: FIRMA NOMLARI TO‘G‘RISIDA O‘zbekiston Respublikasining qonuni
18.09.2006 yildagi O‘RQ-51-son, Kuchga kirish sanasi 19.09.2006

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications