Fiskal institutda oʻquv jarayoni tartiblari belgilandi

“Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Fiskal institut va soliq texnikumlari faoliyatini tashkil etishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.

Qarorga koʻra, 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab quyidagi tartib joriy etiladi:

➖ Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Fiskal institutning bakalavriat taʼlim yoʻnalishi kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha oʻqish davomiyligi 4 yil, sirtqi taʼlim shakli boʻyicha 5 yil etib belgilanadi;

➖ Institutning magistratura mutaxassisliklari kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha oʻqish davomiyligi 1 yil hamda masofaviy, sirtqi va kechki taʼlim shakli oʻqish davomiyligi 2 yil etib belgilanadi;

➖ davlat organlarining markaziy apparatida soliqlar va soliqqa tortish, moliyaviy nazorat va audit hamda soliq, moliya va tijorat huquqi, shuningdek iqtisodiyotda axborot texnologiyalari sohalarida kamida 5 yil ish stajiga ega rahbar xodimlarni Institut magistraturasiga ishlab chiqarishdan ajralmagan holda masofaviy, sirtqi va kechki taʼlim oʻqitish dasturlari boʻyicha oʻqishi uchun qabul qilish tegishli davlat organining birinchi rahbari tavsiyasiga koʻra kirish test sinovlarisiz, toʻlov-shartnoma asosida qabul parametrlaridan tashqari amalga oshiriladi;

➖ Institutda bakalavriatni imtiyozli tugatgan bitiruvchilar, istisno tariqasida, Institut magistraturasiga test sinovlarisiz, toʻlov-shartnoma asosida, oʻqish qiymatining 50 foizini toʻlab, qabul parametrlaridan tashqari, oʻqishni tugatgandan soʻng davlat soliq xizmati organlarida kamida 3 yil uzluksiz ishlash majburiyatini yuklagan holda qabul qilinadi.

Shuningdek, “temir daftar”ga kiritilgan oilalarning farzandlari boʻlgan hamda Institutga talabalikka tavsiya etilgan yoshlar uchun toʻlov-shartnomasi yoki subsidiya ajratish orqali moliyalashtiriladigan alohida qabul parametrlari belgilanishi mumkin.

Qaror bilan Fiskal institutning Vasiylik kengashi faoliyatini tartibga soladigan nizom tasdiqlandi.

Kengashning asosiy vazifalaridan biri bakalavrlar va magistrlar tayyorlash sifatini hamda ilmiy-tadqiqotlar samaradorligini oshirishni tashkil etish hisoblanadi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications