Fuqarolar huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilish, qonun ustuvorligini taʼminlashga qaratilgan izchil islohotlar davom etmoqda

Maʼlumki, soʻnggi yillar davomida sud-huquq sohasini isloh qilish, sudlarni chin maʼnoda adolat maskaniga aylantirish, sohadagi huquqbuzarliklarni bartaraf etish hamda oldini olish, ayniqsa, sud hokimiyatini butun mamlakat iqtisodiyoti va rivoji uchun rahna soluvchi korrupsiya balosidan himoya etish yoʻlida mislsiz islohotlar olib borilmoqda. Ushbu islohotlarning tub negizi, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning asl mohiyati shundan iboratki, bunda salbiy illatlarga qarshi ayovsiz kurashayotgan va sohani takomillashtirish sari ildamlab ketayotgan yurtimizning oʻzi uchun dasturulamal boʻlib xizmat qiluvchi hujjatlari qogʻozdan real hayotimizga koʻchmoqda yaʼni biz chin maʼnoda fuqarolar huquq va erkinliklari kafolatli va ishonchli himoya qilinayotganligiga bevosita guvoh boʻlyapmiz.

Mamlakatimiz yuksalishi va rivoji uchun belgilangan reja va dasturlarni oʻzida mujassamlashtirgan Yurtboshimiz tomonidan butun Oʻzbekiston xalqiga yoʻllangan Murojaatnomada fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari, mamlakat tinchligi eng oliy qadriyat sifatida eʼzozlanishi hamda himoya qilinishiga katta urgʻu berildi. Bu esa Yurtboshimiz tomonidan adolatli haqiqat deya eʼtirof etildi. Mazkur oliy qadriyatni xalqimiz ongiga singdirish muhim vazifa ekanligi tilga olindi. Agar raqamlarga murojaat qilsak, chindan ham soʻnggi yillarda bu yoʻnalishdagi ustuvor masalalar yuzasidan 40 dan ortiq qonun, farmon va qarorlar qabul qilinganligiga guvoh boʻlamiz. Teran fikrlasak, bu islohotlar reallikka koʻchishining tub negizi davlatchilikning mustahkam poydevori sanalmish adolat sabablidir. Adolat va qonun ustuvorligini taʼminlashda esa sud hokimiyati hal qiluvchi oʻrinni egallaydi.

Sir emaski, shu kunga qadar viloyat sudlari chiqargan qaror ustidan berilgan shikoyatlar shu sudlarning oʻzida koʻrib chiqilar edi. Birgina 2019-yilda viloyat sudlari qabul qilgan 13 mingta shunday qaror Oliy sud tomonidan oʻzgartirilgan va bekor qilingan. Shu sababli joriy yildan boshlab “bir sud – bir instansiya” tamoyili joriy etiladi. Bunday tamoyil sud qarorlarining adolatli, qonuniy va barqarorligini taʼminlashda asosiy mezon boʻlib xizmat qilishini koʻzda tutgan. Kelgusi yildan boshlab bir-birini takrorlaydigan sud bosqichlari qisqartiriladi. Odil sudlovga xos boʻlmagan ishlarni nazorat tartibida koʻrish amaliyoti bekor qilinadi. Sud-huquq sohasidagi islohotlarning mantiqiy davomi sifatida fuqarolik, iqtisodiy va jinoyat ishlari boʻyicha viloyat darajasidagi 3 ta sudlar bitta sud sifatida birlashtirilishi alohida eʼtiborga molik. Sababi aynan bu yangilik shu kungacha eng qimmat resurs – koʻp vaqtini turli sud binolarini izlash bilan oʻtkazgan aholi va tadbirkorlarga katta qulayliklarni yaratadi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Shuningdek, kelgusi yildan sud muhokamasiga qadar sudda ishlarni dastlabki eshitish amaliyoti yangi tartib sifatida joriy etilishi ham shunday qulaylik va adolatlilikning yorqin dalilidir. Bunda ishni toʻxtatish yoki tugatishga asos yetarli boʻlsa, sud ishni avvalgiday tergov yoki prokurorga qaytarmasdan, oʻzining yakuniy qarorini qabul qiladi. Bu esa ortiqcha ovoragarchilik, sarson boʻlishlikning oldini olish bilan birgalikda sud hokimiyati chin maʼnoda yakuniy, adolatli, oqilona qaror chiqarishini taʼminlashga xizmat qiladi. Sohada raqamlashtirish yanada kengaytirilib, fuqarolarga sud binosiga kelib yurmasdan, “onlayn” tartibda murojaat qilish imkoniyati yaratiladi. Bunda fuqarolarga oʻz arizalarini koʻrib chiqish jarayonini masofadan turgan holda kuzatib borish imkoniyati ham beriladi. Albatta, bunday qatʼiy belgilangan maqsad va vazifalar sud hokimiyatining barcha davlat organlari va idoralaridan hamda ularning mansabdor shaxslaridan butkul mustaqil boʻlishida, fuqarolar oʻz qonuniy huquq va erkinliklarini hamda manfaatlarini roʻyobga chiqarishlarida muhim poydevor vazifasini oʻtaydi.

Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, ularning oʻz subyektiv manfaatlarini toʻliq amalga oshirishdagi har qanday toʻsiqlarni bartaraf etishdek buyuk va mashaqqatli yoʻlda sud hokimiyatining oʻrni ajralmas ekanligini, bu borada sudyalar tomonidan faqat va faqat adolatli va oqilona qarorlar chiqarilishi shart ekanligining yana bir bor isbotini koʻrdik. Yuqoridagi islohotlarning mevasini hayotimizda koʻrgan daqiqamizdan boshlab adolat tantana qilganligiga aslo shubhamiz qolmaydi.

Toshkent davlat yuridik universiteti Ixtisoslashtirilgan filiali oʻqituvchisi Poʻlat Qobilov rahbarligida Toshkent davlat yuridik universiteti Ixtisoslashtirilgan filiali 2- bosqich talabasi Sabina Baratovaning mualliflik maqolasi

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications