Gʼafur Gʼulomning “Shum bola” asari adabiyotshunoslar tomonidan keng oʼrganilgan. Mazkur ishlarda qissaning gʼoyaviy-badiiy tadqiqi, qahramonlar tasviri, yozuvchi mahorati juda ajoyib yoritilgan. Аsarda yana bir bosh masala mavjudki, buni oʼrganish orqali Gʼafur Gʼulomning huquqiy qarashlari, yozuvchining jamiyat aʼzolarining huquqiy madaniyatiga qoʼshgan hissasini bilish mumkin. Buni esa asarni huquqshunos nigohi ostida oʼqish ososida hal etish mumkin.
Yozuvchi “Shum bola”da ikkinchi jahon urushi arafasida nafaqat Oʼzbekiston balki, Markaziy Osiyoda joylashgan Shoʼro hokimiyati siyosiy boshqaruvida boʼlgan davlatlarning oʼsha davrdagi qiyofasi, mahallalardagi hayot tarzi, siyosiy jarayonlar, ish va ishsizlik, qashshoqlik va uning yuzaga kelish sabablarini oʼziga xos tarzda yoritishni maqsad qilgan.
Аsardagi yolgʼiz ona siymosida biz oʼsha davr ayoli va onalarning yolgʼiz bolalarni boqishi va ularning huquqlarini oʼzgalar tomonidan poymol boʼlganligining guvohi boʼlamiz. Buning asosiy sababi oʼsha davrdagi ona va bola huquqlarnig mavjud emasligidir.
Eng achinarlisi shuki, “Shum bola” asarini oʼqib tahlil qilar ekanmiz, qarovsiz qolgan asar bosh qahramoni obrazida oʼsha davrdagi voyaga yetmaganlarning salbiy xulq-atvorga ega boʼlgan shaxslar domiga tushib qolishi natijasida, ularga boʼladigan qaltis munosabatlar orqali adib bolalarning ogʼir turmush sharoitini mohirona koʼrsatib bergan.
Gʼafur Gʼulomga oʼsha davrning siyosiy-ijtimoiy holatini yoritib berishda ramziy obraz Shum bola zarur edi. Yozuvchi aynan Shum bola tili bilan yuragidagi xalq qaygʼusini chiqarib bera olgan, hamda Rossiyasining Turkistonni egallagandan soʼng ijtimoiy tuzum, jamiyat, huquq, siyosat, axloqdagi oʼzgarishlarni oʼquvchiga yetkazib bera olgan.
Аsarni huquqiy tahlil nuqtai nazaridan oʼrganadigan boʼlsak, avvalo, voyaga yetmagan bolalarning oʼsha davrda sayoq yurib koʼcha, bozor kezishlari, oʼz boshlaridan turli xil sarguzashtlarni oʼtkazishlari koʼrsatilgan. Bu esa oʼz navbatida, oʼsha vaqtda bolalarning mayda bezorilik, oʼgʼrilik, firibgarlikka aralashib qolishiga sabab boʼlgan. Inglizlarda quyidagi ibora mavjud: “Poverty is the mother of crime”, yaʼni jinoyatning asosiy kelib chiqish sabablaridan biri – bu yetishmovchilikdir.
Аsar davomida Shum bola otalarning kundalik yumushlarini sanab oʼtar ekan, “otalarimizning oʼziga ish topilmaganda, bizga ish qayoqda deysiz” iborasini qoʼllab oʼtadi. Bundan koʼrinib turibdiki, otalarning topayotgan kundalik ish haqlari ularning turmush kechirishiga bazoʼr yetgan. Xattoki, otalar oʼz farzandlariga pul orttirib ularni biror ustozga shogirdlikka ham bera olmagan. Natijada savodsiz, hunarsiz bolalarning soni ortgan.
Shuningdek, asarda Shum bola: “Sariboyning eshigida bir oyu oʼt toʼqqiz kun ishlagan ekanman. Haligacha bergan yigirma ikki tiyin choychaqasini bosib qolib, qayoqdagi sasigan, qurt tushgan olmalardan ikki pud olmani bitta chipta qopga solib berdi”-deydi. Аsardan keltirib oʼtilgan parchaga nazar tashlaydigan boʼlsak, birgina voyaga yetmagan bolaning ogʼir mehnatga jalb qilinishi, uning kunda kaltaklanishi bir tomondan yosh avlodning qadrsizlangani koʼrsatsa, ikkinchi tomondan voyaga yetmaganlar mehnatining himoyalanmaganligining yorqin dalilidir.
Bundan koʼrinib turibdiki, Shoʼro davrdagi voyaga yetmaganlar orasidagi huquqbuzarliklar yoki ularning turli guruhlarga qoʼshilib qolishi holati faqatgina yetishmovchilik bilan emas, balki jamiyatdagi voyaga yetmaganlarga boʼlgan eʼtiborning yetishmasligi, shu bilan birga, yetim bolalar muhofazasi va ularning kelajagi uchun qaygʼurilmaganligi sabab boʼlgan.
Bugungi kunda, davlatimiz tomonidan voyaga yetmaganlar siyosatiga katta eʼtibor qaratilmoqda. Ularning bilim olishlari uchun sharoitlar yaratilmoqda, voyaga yetmaganlar mehnatidan foydalanmaslik va kelajakda ularning yurt koriga yaraydigan inson boʼlib yetishishlari uchun koʼplab ishlar amalga oshirilmoqda.
Buning yorqin dalili sifatida, yoshlar taʼlimiga oid turli qonun va qonun osti hujjatlarining qabul qilinishi, huquqbuzarlik sodir etgan voyaga yetmaganlarning mahallalar, Yoshlar ishlar agentligi tomonidan kafilikka olinishi, qolaversa boquvchisiz, koʼmakka muhtoj, temir daftarga kirgan oila farzandlariga har tomonlama koʼmaklashish, ularning oʼsib-ulgʼayishi, taʼlim olishlari uchun davlat tomonidan koʼplab sharoitlar yaratilmoqda. Аlbatta, bu kabi islohotlarning amalga oshirilishi bugungi kunda asar qaxramoni kabi Shum bolalarning koʼpayishining oldini olishi shubhasizdir.
Umuman, biz yosh huquqshunoslar ulugʼ adiblarning asarlarini oʼqib, ular koʼrsatgan kamchiliklarga eʼtibor qilishimiz, jamiyat taraqqiyoti, ayniqsa, huquq sohasidagi kamchiliklarni toʼgʼri anglab, ularning oldini olishga intilmogʼimiz lozim. Zero, ulkan isteʼdodlar soʼzining ostida soʼz boʼladiki, uni ilgʼash vashu orqali muammolarga yechim izlash lozimdir.
Yoʼldoshbekov Аnvarjon Аlisher oʼgʼli
TDYU talabasi