Har bir xalq taʼlimi xodimining elektron portfoliosi shakllantiriladi

“Xalq taʼlimi sohasidagi ilmiy-tadqiqot faoliyatini qoʻllab quvvatlash hamda uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, 2021-yil 1-martdan:

➖ xalq taʼlimi xodimlarining malaka oshirish boʻyicha ehtiyojlari oʻrganiladi hamda ularning individual kasbiy rivojlanish trayektoriyasi tuziladi;

➖ har bir xalq taʼlimi xodimining elektron portfoliosi shakllantiriladi;

➖ kasbiy oʻqitishning uygʻunlashgan, ish jarayoni bilan birgalikda olib boriladigan, masofaviy va boshqa turlari joriy etiladi.

2021-yil 1-sentyabrdan boshlab:

➖ malaka toifasini berish va saqlab qolish boʻyicha maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish yil davomida amalga oshiriladi;

➖ uzrli sabablarga koʻra (mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik, tugʻish hamda bolani parvarish qilish taʼtili va boshqalar) attestatsiyadan oʻtmagan pedagog kadrlar ish faoliyatiga qaytganlariga bir yil toʻlgandan soʻng attestatsiyaga jalb etiladi va mazkur davr mobaynida ularning malaka toifasi saqlab qolinadi (oʻz tashabbusiga koʻra attestatsiyadan oʻtmoqchi boʻlgan pedagog kadrlar bundan mustasno).

Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan xalq taʼlimi xodimlari malakasini oshirish faoliyati bilan shugʻullanayotgan nodavlat taʼlim tashkilotlarining elektron reyestri yuritiladi.

Davlat byudjetidan mablagʻlar faqat Reyestrga kiritilgan nodavlat taʼlim tashkilotlariga ajratiladi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications