Hududlarning huquq ustuvorligi indeksi joriy etiladi

“Oʻzbekiston Respublikasida huquq ustuvorligini taʼminlash holatini aniqlashning samarali mexanizmini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Hududlarning huquq ustuvorligi indeksi quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha statistik koʻrsatkichlar va oʻtkaziladigan ijtimoiy soʻrovlar natijalari asosida aniqlanadi:

— qonun hujjatlariga rioya qilinishi;

— fuqarolar huquq va erkinliklarining taʼminlanishi;

— odil sudlov va sud qarorlarining ijro etilishi;

— huquq-tartibot oʻrnatilganligi va xavfsizlikning taʼminlanganligi;

— mahalliy ijro organlari faoliyatining samarali nazorat qilinishi;

— korrupsiyaga qarshi kurashishning samaradorligi;

— hokimiyat institutlarining shaffofligi.

Qaror bilan Hududlarning huquq ustuvorligi indeksini aks ettiruvchi 32 ta indikator ham tasdiqlandi.

Indeks “Huquq ustuvorligi” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali aniqlanadi.

Hududlarning huquq ustuvorligi indeksi 182 ta mezonga asoslanadi:

● statistik maʼlumotlarga asoslanuvchi 111 ta mezon boʻyicha maʼlumotlar Oliy sud, Bosh prokuratura, Adliya, Ichki ishlar vazirliklari kabi 24 ta tashkilot tomonidan yuritiladi;

● sotsiologik soʻrov natijalariga koʻra shakllantiriluvchi 71 ta mezonning 49 tasi boʻyicha soʻrovlar aholi oʻrtasida, 22 tasi soha mutaxassislari (sudyalar, tadbirkorlar, jurnalistlar, advokatlar, mahalliy deputatlar, jamoat tashkilotlari) oʻrtasida oʻtkaziladi.

Axborot tizimiga kiritilgan maʼlumotlar har yili 1-mayga qadar umumlashtirilib, Hududlarning huquq ustuvorligi indeksi tuziladi.

Adliya vazirligi tomonidan indeks boʻyicha maʼlumotlar har yili 15-mayga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oliy Majlis palatalari, Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boʻyicha respublika kengashiga kiritib boriladi hamda ommaviy axborot vositalari orqali eʼlon qilinadi.

2020-yil uchun Hududlarning huquq ustuvorligi indeksini aniqlash ishlari 2021-yil 1-iyulga qadar yakunlanadi va natijalari eʼlon qilinadi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications