“Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni”dan ko‘zlangan maqsad nima?

Mustaqillik yillarida respublikada huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida hozirgi kunga qadar sodir etilgan huquqbuzarliklarning sabablarini tushuntirish bo‘yicha olimlar o‘rtasida yagona fikr yo‘q. Sababi huquqbuzarlik ijtimoiy-huquqiy hodisadir, shu bois uni keltirib chiqaradigan, uning rivojlanishini belgilab beradigan, o‘sishiga ta’sir qiladigan sabablar ham ijtimoiyligidadir.

Bugungi kungacha ko‘plab jabhalarda jadal islohotlar amalga oshirilmoqda va mazkur islohotlar samarasini jinoyatchilikka qarshi kurashish, xususan, huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida ham ko‘rish mumkin. Bu borada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017 yil 14 mart kuni qabul qilingan «Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2833-sonli qarorini alohida ta’kidlash joiz bo‘ladi. Mazkur qarorda «Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi chora-tadbirlarning aniq manzilga yo‘naltirilmaganligi va ularga kompleks yondashilmayotganligi, shuningdek huquqbuzarliklarning tizimli ravishda sodir etilishiga doir sabab va shart-sharoitlarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish samaradorligi mavjud emasligi kutilayotgan natijalarni bermayapti» mazmunidagi tanqidiy fikr bildirib o‘tildi.

Bundan tashqari ushbu norma bilan huquqbuzarliklarning samarali profilaktikasini amalga oshirish davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa davlat tashkilotlari, shuningdek xo‘jalik boshqaruvi organlarining ustuvor vazifasi etib belgilandi va ushbu sohadagi faoliyatning asosiy yo‘nalishlari ko‘rsatib o‘tildi.

«Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi», «Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi», «Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi», «Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi»ning nizomlari tasdiqlandi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi mazkur komissiyalarning yagona muvofiqlashtiruvchi organi etib belgilandi.

Bundan tashqari haftaning har payshanba kuni «Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni» etib belgilandi va ushbu kunda quyidagi tadbirlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi:

1) huquqbuzarliklarga murosasizlik madaniyatini shakllantirish, huquqiy nigilizmga barham berish va fuqarolarning qonunga itoatkorlik xulq-atvorini ommalashtirishga qaratilgan, shu jumladan ichki ishlar organlari tayanch punktlari, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat idoralari va tashkilotlarida «ochiq eshiklar kuni»ni tashkil etish orqali tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish;

2) qonuniylik ahvolini va huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha chora-tadbirlarning samaradorligini atroflicha muhokama qilish uchun joylarda, birinchi navbatda kriminogen vaziyat nomaqbul bo‘lgan hududlarda fuqarolarning sayyor qabullarini hamda davlat idoralari va tashkilotlari vakillarining aholi bilan uchrashuvlarini tashkil etish;

3) ijtimoiy ahamiyati muhim bo‘lgan sud muhokamalari bo‘yicha sayyor sud majlislarini o‘tkazish;

4) aholi turmushining ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarini o‘rganish, huquqbuzarlik sodir etishga ko‘maklashuvchi shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish maqsadida uyma-uy yurishlarni tashkil etish;

5) huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida davlat idoralari va tashkilotlari rahbarlarining hisobotlarini eshitish;

6) maxsus teleko‘rsatuv va radioeshittirishlarda davlat idoralari va tashkilotlari vakillari, jamoatchilik ishtirokida joylarda jinoyatchilik ahvoli, huquqbuzarliklar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlari, jinoyatlarni fosh etish va aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish bo‘yicha ishlarning natijalarini muhokama qilish;

7) huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish masalalari bo‘yicha ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan Internet butunjahon axborot tarmog‘ida maqolalar, sharhlar va boshqa materiallar chop etilishini tashkil etish.

Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasi va hududiy idoralararo komissiyalari huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishni bevosita amalga oshiruvchi organlar va muassasalarning haftaning har payshanba kuni «Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni»da amalga oshiriladigan faoliyatini muvofiqlashtiruvchi organ hisoblanadi.

«Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni»da amalga oshirilgan profilaktik chora-tadbirlar respublika va hududiy ommaviy axborot vositalarida yoritib boriladi.

Qarorda belgilab qo‘yilganlardan ko‘rinib turibdiki, Huquqbuzarliklar profilaktikasi kunini o‘tkazishda, har bir mahallani profilaktika inspektori hamda mahalla raisi va uning o‘rinbosari, jamoatchilik vakillari xamda boshqa soxaviy xizmatlar bilan xamkorlikda sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklarni inson xuquqlarini poymol qilmagan xolda tanqidiy muxokama qilib, kelgusida boshqa fuqarolarga na’muna qilib ko‘rsatib, har bir sodir etilgan jinoyat va xuquqbuzarlik uchun jazo muqarrar ekanligini tushuntirib o‘tilsa, maxallada yashovchi fuqarolarga, atrofida sodir bo‘layotgan barcha xolatlarga ogox va e’tiborli bo‘lishlari kerakligi tug‘ri tushuntirilsa xududdagi kremenogen vaziyatni barqarorlashishiga, jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olgan bo‘lamiz.

Ulfat Shonazarov

Toshkent davlat yuridik universiteti Ixtisoslashtirilgan filiali o’qituvchisi
Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications