Huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida olib borilayotgan islohotlarga bir nazar

Bugungi kunda respublikamizda huquqbuzarliklar profilaktikasi bo’yicha ko’plab o’zgarishlar bo’layotgani barchamiz uchun sir emas. Huquqbuzarliklar profilaktikasi boyicha O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-martdagi PQ-2833-sonli qaroriga asosan haftaning har payshanba kuni-“Huquqbuzarliklar profilaktikasi”kuni deb e’lon qilinishi va “Mahalla posboni” tuzilmasi rahbari lavozimi oʻrniga profilaktika inspektorining jamoat tartibini saqlash boʻyicha yordamchisi lavozimi joriy etilishi huquqbuzarliklar profilaktikasiga qaratilgan e’tiborning yaqqol misoli bo’lishi mumkin. Huquqbuzarliklar profilaktikasi haqida so’z borar ekan har bir shaxsda huquqbuzarlik profilaktikasi o’zi nima degan savol tug‘ilishi tabiiy. Dastavval, huquqbuzarlik tushunchasiga ta’rif bersak, huquqbuzarlik bu – sodir etilganligi uchun ma’muriy yoki jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan aybli g’ayrihuquqiy qilmish. Huquqbuzarliklar profilaktikasi esa huquq tartibotni saqlash hamda mustahkamlash, huquqbuzarliklarni aniqlash, ularga barham berish shuningdek, huquqbuzarliklarning sodir etilish sabablarini va ularga imkon berayotgan shart- sharoitlarni aniqlash, bartaraf etish maqsadida qo‘llaniladigan huquqbuzarliklar umumiy, maxsus, yakka tartibdagi va viktimologik profilaktikasining huquqiy ijtimoiy tashkiliy va boshqa chora tadbirlar tizimi. O’zbekiston Respublikasi huquqbuzarliklar profilaktikasi to’g’risidagi qonuni qonunchilik palatasi tomonidan 2013-yil oktabrda qabul qilingan, senat tomonidan 2014-yil 10-aprelda ma’qullangan. Ushbu qonunning asosiy maqsadi huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Huquqbuzarliklar profilaktikasi to’g’risidagi qonunchilik ushbu qonun va boshqa normativ hujjatlardan iborat.

Qonunda huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablari, ularga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlash, ularni bartaraf etish yo’llari haqida aniq maqsadlar ko’zda tutilgan. Barchamiz yaxshi bilamizki, ichki ishlar, prokuratura organlari, Milliy xavfsizlik xizmati, adliya, davlat bojxona xizmati, davlat soliq xizmati, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish organlari, ta’lim muassasalari, sog’liqni saqlash muassasalari, huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi organlar va muassasalar hisoblanadi. Biroq, qonun targ’ibotidan ko’zlanayotgan maqsad — uning aholi, ayniqsa, yoshlar hayotiga keng kirib borishiga erishishdir! Sababi, aynan aholining yosh avlod vakillari hayotida huquqbuzarliklar sodir etilishi ko’p uchraydi. Shu boisdan ham, yoshlarga qonun mohiyati keng tushuntirilmoqda. Ushbu qonun mahallalar, nodavlat tijorat tashkilotlari, fuqarolarning ham profilaktik tadbirlarda ishtirok etishiga yo’l beradi. Qonunda birinchi navbatda huquqbuzarliklar sodir etishga moyil bo’lgan shaxslarni aniqlash muhim ekanligiga alohida urg’u berilgan. Avvalo, ularga tarbiyaviy ta’sir ko’rsatish yo’lidan borish samarali ekanligi ham inobatga olingan.

Ushbu narmativ hujjatlarning ijrosini ta’minlash maqsadida bizga yetuk malakali kadrlar zarur. Shuni inobatga olgan holda davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan 2019-yil 7-fevraldagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavsizligini ta’minlash sohasida kadrlar tizimini takomillashtirishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida” PQ-4166-son qaroriga asosan Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali hamda 2021-yil 15-apreldagi “Jamoat xavsizligini ta’minlash sohasida professional kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora – tadbirlari to’risida” PQ-5077-son qaroriga asosan Jamoat xavsizligini ta’minlash kabi Oliy ta’lim muassasalarining tashkil etilishi malakali kadrlar yetkazib berish bo’yicha ko’rilayotgan chora – tadbirlarning bir ko’rinishi sifatida namoyon bo’lishi mumkin.  

Yuqoridagi islohotlar samarasi o‘laroq, Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali Toshkent shahri va Toshkent viloyatining huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida yuridik kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlashga yoʻnaltirilgan. Filialda “huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini taʼminlash” soha mutaxassisligi boʻyicha yuridik kadrlarni tayyorlash bakalavriatning uch yillik dasturi boʻyicha diplom berilgan holda amalga oshiriladi. Filialda “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini taʼminlash” mutaxassisligi boʻyicha oliy yuridik maʼlumotga ega boʻlgan kadrlarni qayta tayyorlash ham amalga oshiriladi. Filial bakalavriatiga qabul kvotasi yiliga 255 kishini, 6 oylik qayta tayyorlash kurslariga esa 50 kishini tashkil etadi hamda oʻqitish davlat granti asosida amalga oshiriladi. 

Huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida shu va shunga o’xshash chora-tadbirlarning maqsadi aholi orasida huquqbuzarliklarning oldini olish va unga qarshi kurashish hisoblanadi. Bu kurashda nafaqat mutasaddilar, balki butun jamiyat faol ishtirok etmog‘i, huquqbuzarlikka, kerak bo‘lsa, tish-tirnog‘i bilan qarshi turmog‘i lozim. Zero, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev 2020 yil yakunida Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasida “Bugungi kunda xavfsizlik va barqarorlik yo‘lida paydo bo‘layotgan tahdidlarga tegishli munosabatda bo‘la olishning o‘zigina yetarli emas. Mavjud xavf-xatarlarning tabiatini to‘g‘ri tushunib yetishimiz kerak. Ularning manbaalari va o‘zaro aloqalarini vaqtida aniqlashimiz darkor. Jamiyatda barqarorlikni saqlash shart-sharoitlarini belgilab olishimiz va ulardan samarali foydalaanishimiz zarur. O‘zbekiston Respublikasining barqaror va sobitqadamlik bilan rivojlanishi shularga bog‘liqdir”, deya ta’kidlagan edilar. Bunday sa’y harakatlarning barchasi albatta yurtimizdagi fuqarolarning tinch, qo‘rquvlarsiz, farovon va osonyishta yashashlari uchun amalga oshirilmoqda. Shunday ekan, biz ham yurtimizni bizga yaratayotgan tinchlikni qadriga yetishimiz kerak.

Shonazarov Ulfat Ibrogim o‘g‘li 

Toshkent davlat yuridik universitetining 

Ixtisoslashtirilgan filiali Davlat-huquqiy 

fanlar kafedrasi o‘qituvchisi

 

Salaxitdinov Nizomiddin Sirojiddin o‘g‘li

Toshkent davlat yuridik universitetining 

Ixtisoslashtirilgan filiali 1-bosqich talabasi

Bizni telegramda kuzatib boring

@civil_uz

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications