Bugungi globallashuv sharoitida inson huquqlarini ta’minlash nafaqat rivojlangan davlatlarning, balki ushbu bosqichdagi davlatlarning ham oldiga qo‘ygan eng asosiy maqsadlaridan biri hisoblanadi. Zero, davlat o‘z ichki funksiyalarini amalga oshirar ekan, ushbu funksiyalar markazida turgan “huquqiy tartibotni saqlash” va “tinchlikni ta’minlash” kabi masalalarga alohida e’tibor qaratadi. Mazkur funksiyalar esa tegishli vakolatli davlat organlari, ya’ni Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya organlari tomonidan amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-4947-son farmoni bilan bu sohada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil
7-fevraldagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4166-son qarori esa ushbu sohani yangi bosqichga olib chiqish uchun chinakam tamal toshi bo‘ldi desak, mubolag‘a bo‘maydi.
Yuqorida keltirib o‘tilgan Prezident qarorining birinchi bandi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Milliy gvardiyasi va Ichki ishlar vazirligining Toshkent shahri va Toshkent viloyatining huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida yuridik kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filialini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullanishi lozimligi keltirib o‘tilgan.
Xo‘sh, ushbu taklifning ma’qullanishiga qanday omillar sabab bo‘ldi?
Avvalambor, huquqbuzarliklarning sodir qilinishi insonlarning huquqlari, erkinliklari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzish hamda davlat va jamoat manfaatlariga putur yetkazish orqali sodir etilar ekan, bu sohada faoliyat yuritayotgan xodimlarning yetarlicha bilim va ko‘nikmalarining yetarli emasligi ushbu sohadagi kadrlar zahirasini zamonaviy o‘qitish metodlari orqali shakllantirshni davrning o‘zi taqozo qilar edi.
Shuningdek, huquqbuzarliklar profilaktikasida asosiy figura bu barchamiz bilgan profilaktika inspektorlaridir. Shunday ekan, ularni yuridik bilimga ega bo‘lishi juda muhim hisoblanadi. Ushbu lavozimda faoliyat yuritayotgan xodimlarning mutaxassisligini tahlil qilish orqali shunday xulosaga kelish mumkinki, ularning aksariyati noyuridik oliy ma’lumotga ega xodimlar hisoblanadi. Bu esa tegishli masalalar yuzasidan murojaat qilgan fuqarolar huquqlarini himoya qilish, shuningdek qonunchilikni yetarlicha qo‘llay olish kabi masalalarda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilishiga olib kelishi mumkin.
Mazkur muammolarga barham berish uchun Prezidentning PQ-4947-son qaroriga muvofiq Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filialida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida yuridik kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bugungi kunda mazkur Filialda jami 866 nafar talaba tahsil olib kelmoqda. Shuningdek, bugungi kunga qadar ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya bo‘linmalarida profilaktika inspektorlari va jamoat xavfsizligini ta’minlash xodimlarining 200 nafardan ortig‘i qayta tayyorlandi.
2021-2022-o‘quv yili Filial jamoasi uchun juda muhim hisoblanadi, zero mazkur o‘quv yilida birinchi qaldirg‘ochlarimiz filialni bitirib, o‘z kasbiy faoliyatlarini boshlashadi.
O‘z-o‘zidan savol tug‘ilishi mukin. Filialga hujjat topshirish va o‘qitish qay tartibda amalga oshiriladi?
Ushbu savolga javob berish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-iyundagi “Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filialiga o‘qishga qabul qilish tartibi va o‘quv jarayonini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga murojaat qilamiz. Qarorning oltinchi bandida talabgorning bo‘yi haqida so‘z boradi va talabgor bo‘yining balandligi quyidagi maxsus antropometrik parametrlarga javob berishi talab etilishi belgilab o‘tilgan:
erkaklarga — 165 santimetrdan past bo‘lmasligi;
ayollarga — 160 santimetrdan past bo‘lmasligi.
Qabul kvotasi esa 255 nafarni tashkil qilib, 18-25 yosh oralig‘idagi Toshkent shahri va viloyatida doimiy ro‘yxatda turuvchi fuqarolar orasidan shakllantirladi. Bu ko‘rsatkich faqat tayyorlash kurslari uchun amal qiladi va o‘qitish davomiyligi uch yilni tashkil qiladi. Bundan tashqari 50 nafar oliy noyuridik ma’lumotga ega bo‘lgan ichki ishlar va Milliy gvardiya bo‘linmalarida faoliyat yuritayotgan kadrlarni maxsus olti oylik dastur asosida qayta tayyorlash nazarda tutilgan.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Filialning asosiy vazifasi yurisprudensiya sohasida bazaviy va amaliy kasbiy tayyorgarlikni ta’minlashga qaratilgan o‘quv rejalari va dasturlari asosida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash hisoblanadi. Filial tomonidan bakalavriatni tamomlagan bitiruvchilarga beriladigan diplom ichki ishlar organlariga Ichki ishlar vazirligi akademiyasida maxsus kasbiy tayyorgarlikni o‘tmasdan, leytenant maxsus unvoni berilgan holda xizmatga qabul qilish uchun asos bo‘ladi.
Shonazarov Ulfat Ibrogim o‘g‘li
Toshkent davlat yuridik universitetining
Ixtisoslashtirilgan filiali Davlat-huquqiy
fanlar kafedrasi mudiri v.v.b.