IIV Akademiyasida ikki bosqichli oliy taʼlim tizimi joriy etiladi

“Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga koʻra, 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab, Ichki ishlar vazirligining Akademiyasida kadrlarni tayyorlash jarayoniga bakalavriat va magistraturani oʻz ichiga oluvchi ikki bosqichli oliy taʼlim tizimi joriy etiladi.

Bakalavriat boʻyicha oʻqitish kunduzgi va sirtqi taʼlim shakllarida tashkil etiladi.

Magistratura boʻyicha oʻqitish rahbar kadrlarni tayyorlashga qaratiladi hamda ikkinchi darajadagi “tashkiliy-taktik boshqaruv” va birinchi darajadagi “tashkiliy-strategik boshqaruv” yoʻnalishlarida tashkil etiladi.

Magistraturaning har bir yoʻnalishi boʻyicha oʻqish muddati 1 yilni tashkil etadi.

Shuningdek, IIV akademik litseylarining huquqshunoslik fani boʻyicha idoraviy fan olimpiadasi gʻolibi boʻlgan bitiruvchilarining Akademiyaga oʻqishga qabul qilinishi uchun faqat maxsus kasbiy tanlovdan muvaffaqiyatli oʻtishlari yetarli hisoblanadi.

2021-yil 1-sentyabrdan ichki ishlar organlarining serjant tarkibidagi lavozimlarida xizmatni oʻtash uchun faqat oliy maʼlumotga ega boʻlgan shaxslar qabul qilinadi.

2021-yil 1-sentyabrdan ichki ishlar organlarining safdor tarkibidagi lavozimlariga nomzodlar faqat idoraviy akademik litseylar, harbiy-akademik litseylar bitiruvchilari, profilaktika inspektorining yordamchilari, shuningdek, oliy maʼlumotga ega yoki sirtqi taʼlim shakli boʻyicha tahsil olayotgan shaxslar orasidan qabul qilinadi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications