Mol-mulkini ijaraga berishdan to‘lov manbaida soliq solinmaydigan daromadlar olayotgan soliq to‘lovchilar dastlabki tarzdagi deklaratsiyani quyidagi muddatlarda taqdim etadi:
1) ijaradan daromadlar paydo bo‘lgan kundan e’tiboran birinchi oy tugaganidan keyin besh kun muddatda;
2) jami yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiya asosida soliqni to‘laydigan jismoniy shaxslar — joriy yilning 1 fevralidan kechiktirmay.
Yangi ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlik subyektlari — tadbirkorlik subyekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan oyning oxiriga qadar dastlabki deklaratsiyani taqdim etadi.
Ko‘chmas mulkning ijara shartnomasi soliq organlarida hisobga qo‘yilayotganda dastlabki deklaratsiya taqdim etilmaydi.
Mol-mulkni ijaraga berishdan daromad olish tugagan taqdirda soliq to‘lovchi doimiy yashash joyidagi soliq organini bu haqda yozma shaklda xabardor etadi.
Mol-mulkni ijaraga berishdan daromad oladigan jismoniy shaxslar soliqni taqdim etilgan dastlabki deklaratsiya yoki soliq organining xabarnomasi asosida, daromad olingan oydan keyingi oyning o‘n beshinchi kunigacha har oyda to‘laydi.
Yil tugagach, soliqning yillik summasi haqiqatda olingan daromad bo‘yicha hisoblab chiqariladi. Bu summa bilan yil mobaynida to‘langan summalar o‘rtasidagi farq kelgusi yilning 1-iyunidan kechiktirmay soliq to‘lovchidan undirilishi yoki unga qaytarilishi lozim.