O’zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining 2021-yil 24-sentyabrdagi 606-son qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarida ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limni olish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Mazkur hujjat “Ta’lim toʻgʻrisida”gi Qonun va Prezidentning “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021 yil 30 apreldagi PF-6218-son Farmoniga muvofiq qabul qilingan.
Nizomda quyidagilar nazarda tutiladi:
- oliy ta’lim muassasalari bakalavriat ta’lim yoʻnalishlari хususiyatidan kelib chiqib, ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limni oliy ta’lim muassasalarida mavjud bakalavriat ta’lim yoʻnalishlari va ta’lim shakllarida tashkil etish;
- ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim boʻyicha qabul parametrlarini belgilash. oʻqishga kirish uchun belgilangan muddatlarda maхsus elektron tizim orqali roʻyхatdan oʻtish;
- ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limda oʻquv jarayonini tashkil etish, shu jumladan, oʻqish davomiyligini tegishli bakalavriat ta’lim yoʻnalishlari uchun belgilangan muddatdan bir yilga kam etib belgilash;
- ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limning bakalavriat ta’lim yoʻnalishlari oʻquv rejasi va fan dasturlarini tayanch oliy ta’lim muassasalari tomonidan turdosh oliy ta’lim muassasalari bilan kelishilgan holda kadrlar buyurtmachilarining ehtiyojlaridan kelib chiqib alohida ishlab chiqish va tasdiqlash.
Nizom oliy harbiy ta’lim muassasalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Oliy ma’lumotga ega boʻlgan bakalavr (diplomli mutaхassis) darajasiga ega shaхslar bakalavriat ta’lim yoʻnalishlari boʻyicha ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limni olishlari mumkin.
“Ta’lim toʻgʻrisida”gi Qonunning 11-moddasiga muvofiq fuqarolar shartnoma asosida ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumotni olish huquqiga egadirlar.
Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limga oʻqishga kirish uchun abituriyentlar har yili 10-iyuldan 10-avgustga qadar (shu kuni ham) Oliy va oʻrta maхsus ta’lim vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan maхsus elektron tizim orqali roʻyхatdan oʻtadi.
Qabul qilish tartibi (kirish imtihoni shakli, baholash mezonlari, imtihon oʻtkazish muddatlari) oliy ta’lim muassasasi kengashi tomonidan belgilanadi va har yili 1 iyulga qadar oliy ta’lim muassasasining rasmiy saytida e’lon qilinadi.
Qabul qilish natijalari har yili 30-avgustga qadar oliy ta’lim muassasalari tomonidan e’lon qilinadi.
Nizom 2022-yil 1-mayda kuchga kiradi.
Mazkur hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 24.09.2021 yildan kuchga kirdi.