Ilya Ilf, Yevgeniy Petrov. O’n ikki stul. Ostiga chizilgan gaplar

Hayot oson ochiladigan sandiqqa o’xshaydi faqat uning kalitini topa bilish lozim.

***

«Bonjur» desa bilingki, Ippolit Matveevichning bugun kayfi chog’. Mabodo ko’zini ochishi bilan «Gut morgen» desa bormi, bugun jigari jinday bezovta qilayotgani, yoshi ham ellik ikkiga borib qolgani, bu bilan hazillashib bo’lmasligi, qolaversa, yana osmonga bulut chiqqani ma’lum bo’ladi.

***

Masalan, siz qaddi-qomati kelishgan odamsiz, novchalikka novchasizu, ammo cho’pdek ozg’insiz. Xudo ko’rsatmasin, o’lib-netib qolsangiz, sizni «qulog’i tagida qolibdi», deyishadi. Ilgari katta savdogar o’tgan birorta do’kondor qazo qilsa bormi, u bandalikni bajo keltirgan bo’ladi. Xo’sh, farrosh yoki dehqon olamdan o’tsa, «kuni bitdi» yoki «ajali yetdi», deyishadi. Ammo-lekin temir yo’ldagi konduktorlardan yoki bo’lmasa, katta to’ralardan birortasi qazo qilsa, u vafot qilgan bo’ladi.

***

Javohir jilosida hatto qaynonasining istarasi ancha issiq ko’rinib ketdi.

***

— Nega yosharmay, onasi? Nima, yoshlar odam emasmi?

— Nimaga odam bo’lmas ekan, ular ham odam, — piching qildi onaxon, — nimasini aytasan, kinoga yugurishadi, aliment to’lashadi…

***

Begona muhitga tushib qolish zap qiziq-da. Eng oddiy odam ham unga tushgudek bo’lsa negadir birdan tipirchilab qoladi-yu, darhol yo yo’lovchiga, yo yuk oluvchiga, yo bo’lmasa, gala-gala konduktorlaru perron nazoratchilarining boshiga bitgan balo — bebilet muttahamga aylanadi-qoladi.

***

Bir chol jon berayotgan ekan. Xotini, bola-chaqasi tepasida turgan ekan. «Monya shu yerdami?» — deb so’rabdi chol ming mashaqqat bilan. «Shu yerda». «Brana xola keldimi?» «Keldi». «Buvim qani? Ko’rinmayapti-ku». «U kishiyam shu yerdalar». «Isaak-chi?». «Shu yerda Isaak». «Bolalar qani?». «Hammasi shu yerda». «Iya, do’konda kim qoldi?!»

***

Hayot g’oyat murakkab narsa, janobi maslahatchi to’ralar, lekin murakkab bo’lgani bilan sandiq kabi osongina ochiladi. Faqat kalitini topa bilish kerak. Kimki kalitini topolmasa, nobud bo’ladi.

***

Xotin kishi qarisa, boshiga ancha-muncha ko’rguliklar tushishi mumkin: tishi tushib, sochi oqaradi, to’kila boshlaydi, nafasi siqadi, goh gumbazdek semirib, gohida cho’pday ozib ketadi. Lekin ovozi sira-sira o’zgarmaydi.

***

Ikkala sayyoh Ryazan` vokzalining tepasiga qarab, o’n ikki burj tasviri tushirilgan nafarmon soatni ko’rishsaki, vaqt besh minuti kam o’n.

— Qizlarga va’da beradigan joy ekan! — deb qo’ydi Ostap. — O’n minut siylovi bor, kechiksang gap tegmaydi.

***

…shundoqqina qo’lingni cho’zsang, muddaoga yetib olguday bo’lgandan keyin jimgina kutishning o’zi bo’ladimi.

***

Ulug’ odamlar hayotlarida ikki marta qiziq gap aytib qo’yishadi. Shu tufayli obro’lari oshib, hazil-muto-yibalari tildan-tilga ko’chib yuradi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications