Intellektual mulk huquqi qanday davlat ro’yxatidan o’tkaziladi?

Intellektual mulk huquqi – inson ijod qilish natijasida badiiy asar, pyesa, qo‘shiq, ixtiro va boshqalarni yaratish, ulardan foydalanish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soladi, shuningdek, ularga nisbatan huquqlarni muhofaza qilishni tartibga soluvchi normalar yig‘indisi hisoblanadi.

Intellektual mulkni huquqiy muhofaza qilish uchun nima qilish kerak?
Intellektual mulkni qonuniy himoya qilish tartibi qonun hujjatlarida belgilangan, lekin inson ijodi natijalari o‘z-o‘zidan huquqiy muhofazaga olinmaydi.

Birinchi navbatda, intellektual mulkka bo‘lgan huquqlarni belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan olish uchun berilgan talabnoma (ariza) kiritish lozim bo‘ladi, so‘ng barcha (rasmiy va tovar belgisi) ekspertizalari o‘tkazilgandan so‘ng intellektual mulkka guvohnoma (patent) beriladi.

Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish nima uchun kerak?
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va guvohnoma (patent) olish intellektual mulkdan noqonuniy foydalanish, ya’ni iste’molchilarni chalg‘itish, ixtirochi va muallif(lar)ning obro‘siga putur yetkazish, moddiy-ma’naviy zarar keltirish, shartnomasiz (lisenziya shartnomasiz) o‘zlashtirib olish kabi xatti-harakatlarni oldini olish uchun kerak.

Intellektual mulkka:
1) intellektual faoliyat natijalari (fan, adabiyot va san’at asarlari, ijrolar va kompyuter dasturlari);
2) tovarlar, ishlar va xizmatlarning xususiy alomatlarini aks ettiruvchi vositalar (firma nomlari, tovar (xizmat ko‘rsatish) belgilari, tovarlar chiqarilgan joy nomi);
3) intellektual faoliyatning boshqa natijalarini aks ettiruvchi vositalari kiradi.

Intellektual mulk turlari:
1) Ixtirolar;
2) Foydali modellar;
3) Sanoat namunalari;
4) Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlar va ma’lumotlar bazalari;
5) Seleksiya yutuqlari;
6) Tovar belgilari;
7) Xizmat ko‘rsatish belgilari;
8) Tovar kelib chiqqan joy nomlari;
9) Integral mikrosxemalar topologiyalari;
10) Mualliflik huquqi;
11) Turdosh huquqlar.

Rasmiy ekspertiza
Talabnomaning rasmiy ekspertizasi u Agentlikka kelib tushgan sanadan ikki oy o‘tgandan so‘ng o‘tkaziladi.

Rasmiy ekspertiza o‘tkazish davomida quyidagilar tekshiriladi:

a) Intellektual mulk O‘zbekiston Respublikasida muhofaza qilish talablariga muvofiqligi;
b) talabnoma tarkibida bo‘lishi yoki unga ilova qilinishi lozim bo‘lgan hujjatlarning mavjudligi;
v) taqdim etilgan hujjatlarga nisbatan qo‘yilgan talablarga rioya qilinganlik;
g) patent vakilining vakolatlarini tasdiqlaydigan ishonchnomaning mavjudligi va to‘g‘ri rasmiylashtirilishiga rioya qilinganlik;
d) talabnomada uning Agentlikka kelib tushgan sanasidan ilgariroq ustuvorlik so‘ralayotganining asoslanganligi.

Patent va mualliflik huquqi amal qilish muddatlari:

ixtiro patenti 20 (yigirma) yil;
sanoat namunasi patenti 10 (o‘n) yil;
foydali model patenti 5 (besh) yil;
seleksiya yutug‘i patenti 20 (yigirma) yil;
mualliflik huquqi butun hayoti davomida va uning vafotidan keyin
50 (ellik) yil;
Turdosh huquq birinchi marta ijro etilgandan keyin 50 (ellik) yil;
Tovar belgisiga doir guvohnoma 10 (o‘n) yil.

Tovar belgisini ekspertizadan o‘tkazish turlari:

1) Rasmiy ekspertiza – rasmiy ekspertizadan o‘tkazish talabnoma Intellektual mulk agentligiga berilgan keyin o‘ttiz kunda amalga oshiriladi.
2) Tovar belgisini ekspertizadan o‘tkazish – tovar belgisini ekspertizadan o‘tkazish Intellektual mulk agentligi tomonidan talabnoma berilgan sanadan e’tiboran yetti oy ichida amalga oshiriladi.

Tovar belgisiga bo‘lgan huquqni buzganlik uchun javobgarlik:
O‘zganing tovar belgisidan, xizmat ko‘rsatish belgisidan, tovar kelib chiqqan joy nomidan yoki adashtirib yuborish darajasida ular bilan o‘xshash bo‘lgan belgilardan shu turdagi tovarlarga (xizmatlarga) nisbatan qonunga xilof ravishda (shartnoma va lisenziyasiz) foydalanish ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications