Internet hamda axborot resurslari orqali targ‘ib etilayotgan axborot asri tahlikalaridan yosh avlodni himoya qilish

Bugungi kunda keng rivojlanib borayotgan axborot to‘lqinlarini, shubhasiz, internetsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Hozirgi “Axborot asri”da ma’lumotlar olish va axborotlar almashishning qulay vositasi internetdir.

Ammo bizga ma’lumki, global tarmoqlarning jilovi yo’q!

Shuning uchun, ma’lumot va axborotlar almashinuvidan ba’zi bir doiralar o‘zining g’arazli maqsadi yo‘lida foydalanayotgani also sir emas.

Dolzarb bir davrda yashayapmiz! Har soniyada bunday qora kuchlar bizning hayotimizga kirib, buzg’unchi g’oyalari bilan ongimizni zaharlashga intilishi hamda qorong’u tubsizlikka tortib ketishi hech gap emas.

Xususan, “o‘rgimchak to‘ri”da terrorga chaqiriqlar juda ko‘plab uchraydi. “Iroq va Shom islom davlati”ning juda ko‘plab targ’ibotlari, xunrezliklari aks etgan lavhalar ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, internet tarmoqlarida nihoyatda ko‘p namoyish etilmoqda.

Bunday targ‘ibot-tashviqot harakatlarining aldamchi, yovuzlikni ko‘zlagan buzg’inchi g’oyalari qalbi ilm suvidan bahra olmagan g’o‘r kimsalarni o‘z domiga tortmoqda. Shu o‘rinda ta’kidlashimiz joizki, ISHID tarqatayotgan videolavhalar takrorlanmas, yuqori sifatda, mohirona tayyorlangani bilan ham juda ko‘plarning e’tiborini tortmoqda. Bunday video yozuvlarni faqatgina eng ilg’or yevropa mutaxassislari qila olishi mumkin.

Diniy idoralar tomonidan chop etilgan A.Tulepov muallifligidagi “ISHID fitnasi” jurnalida, ISHID tomonidan tasvirga olingan johilona lavhalar ushbu tashkilotning “Al-hayot” media studiyasida tayyorlanishi hamda ushbu studiyada yuqori sifatli, bir birini takrorlamas videolavhalar tayyorlash uchun malakali, professional yevropa mutaxassislari jalb etilganligi haqidagi ma’lumot keltirilgan. Albatta, biz ushbu harakatning insonlar ongiga nechog’lik ta’sir etishini amalda ko‘rib kelmoqdamiz. Ushbu tashkilot o‘z targ’ibot yo‘lida o‘zgacha burilishlar qilgani ham bizga ma’lum. Xususan, tashkilot tomonidan begunoh odamlarni vahshiyona qatl etish sahnalari hozirda kuzatilmayapti. Nega degan savol tug‘ilishi mumkin, albatta. Chunki ushbu tasvirlar tashkilotning rejalariga zid ravishda keng jamoatchilik, jahon hamjamiyati hamda ommaviy axborot vositalari tomonidan ularning zarariga ishlatilmoqda. Ular o‘zlarini endi zulmkor, johil shaxs qilib emas, go‘yoki Islom yo‘lida “shahid” ketayotgan shaxs kabi aks etirilgan fotosuratlar va videolavhalardan foydalanish yo‘liga o‘tdi.

Qabohat qay ko‘rinishda bo‘lmasin barbir o‘z ifodasini yo‘qotmaydi! Yoshlarimizni ­­– yurtimiz ertasi bo‘lgan navqiron avlodni biz mana shunday yod g‘oyalardan himoya qilmog‘imiz, zalolat botqog‘iga botmasligini ta’minlamog‘omiz lozim. Oldimizdagi katta maqsad shuki, o‘zining vayronkor g‘oyalari bilan internet olamiga chuqur o‘rnashib olgan pastkash, insoniy ne’matlardan bebahra qolgan, zulmkor shaxslarning asl basharasini yoshlarmizga ko‘rsatib berishdir. Zero Alloh taollo Shuaro surasining 214-oyatida: “Yaqin qarindoshlaringizni (Alloh azobidan) ogohlantiring!” deb ta’kidlagan.

Sog’lom fikrli insonlar bugungi kunda o‘z maqsadlari yo‘lida internet tarmoqlaridan unumli foydalanib kelmoqda. Ilm uchun izlanishda, bu borada yangiliklar yaratishda, albatta, internet juda katta yordam beradi. Lekin bugungi kunga kelib virtual olamdan turli terrorizm tarafdorlari ma’naviyatga zarar berivchi eng kuchli qurol sifatida foydalanib, ba’zi shaxslarning tanazulliga, insonlarning ongi zaharlanishiga sabab bo‘lmoqda.

Kun sayin bunday buzg’unchi g’oyalar “odnoklassniki”, “Facebook”, “Instagram” hamda “Twitter” va shu kabi boshqa internet tarmoqlarida nihoyatda keng avj olib borayotgani, shubhasiz ko‘ngilni xira qiladi. Biz yoshlarimizga bee’tibor bo‘lmasligimiz bugungi kunda katta ahamiyatga ega masala. Shunday ekan biz bu masalani chuqur anglagan holda yoshlarimizga ma’lumotlar olish hamda xabarlarni izlash ko‘nikmasini shakllantirish lozim.

Zero, biz uchun foydali va haq ko‘ringan har bir ma’lumot xolis bo‘lavermaydi. Alloh taollo bu borada shunday deydi: “Ey mo‘minlar! Agar sizlarga biror fosiq kimsa xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biror qavmga aziyat yetkazib qo‘yib, (keyin) qilgan ishlaringizga pushaymon bo‘lmasligingiz uchun (u xabarni) aniqlab (tekshirib) ko‘ringiz!” (Xujurot surasi,
6-oyat). Ommaviy axborot vositalarida “Iroq va Shom islom davlati hujumi”, “Islom davlati janglari”, “islomchilar” kabi iboralar juda ko‘p qo‘llanadi. Buning natijasida muqaddas dinimizning nomi yomonotliq bo‘lmoqda. Ulamolarimiz qancha ularning bu ishi xatoligini tushuntirmasin ba’zi bir shaxslar o‘z bilganidan qolmayaptilar. Ekstremizm tarafdorlari Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v)ga tuhmat qilishmoqda. Ular bilmayaptiki, Quroni Karimga hamda Payg‘ambarimiz (s.a.v)ning sunnatiga zid amalda ekanliklarini. Jangarilar, Muhammad (alayhissalom)ning “Albatta, menga yolg‘on to‘qish boshqa birovga yolg‘on to‘qishdek emas. Kim mening nomimdan qasddan yolg‘on to‘qisa, do‘zaxdan joyini tayyorlab qo‘ysin” (Imom Buxoriy), degan qat’iy xitoblaridan qo‘rqmaydi. Ular o‘ylamasdan “Men Qiyomat oldidan qilich bilan yuborildim” mazmunidagi sanadi bo‘lmagan hadisni hujjat qilib, Rasulullohga tuhmat qilishmoqda. Zero, Alloh taollo: “(Ey, Muhammad) Biz sizni (butun) olamlarga ayni rahmat qilib yuborganmiz” (Anbiyo surasi, 107-oyat) deb ta’kidlagandir! Shunday ekan, bunday munofiq kimsalarning yot g‘oyalaridan yoshlarimizni himoya qilmog‘imiz lozim.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, yoshlarga internet savodxonligini o‘rgatish kerak. Qanday ma’lumotlarni olish kerak, qaysi birini qabul qilmaslik kerakligini tushuntirish lozim. Internetdagi fotosuratlar, videolavhalarni ko‘rishda ularga zarur tavsiyalar berish, yoshlarning internet tarmog‘idagi qiziqishlarini o‘rganish va kerakli yo‘l-yo‘riqlarni ko‘rsatish maqsadga muvofiqdir. Agar yoshlarimizni salbiy illatlardan, vayronkor g‘oyalardan, hozirgi davrning jaholatidan himoya qilsak, internet hurujlariga qarshi kuchli targ‘ibot olib borsak, shubhasiz, maqsadga erisha olamiz. So’zimiz oxirida yana Alloh taolloning kalomini keltirmoqchimiz: “Va agar ularga, yer yuzida fasod qilmang deyilsa, biz faqat isloh qiluvchilarmiz, derlar. Ogoh bo‘ling, ular, faqat ular fasodchilardir, lekin sezmaslar!” (Baqara surasi, 11-12 oyatlar).

 

Shavkat XAMRAQULOV
Toshkent davlat yuridik universitetining
Ixtisoslashtirilgan filialining
Davlat-huquqiy fanlar kafedrasi o‘qituvchisi

O‘g‘iloy BOZOROVA
Toshkent davlat yuridik universitetining
Ixtisoslashtirilgan filialining 2- kurs talabasi

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications