Iqbol Mirzo – Bonu asariga sharh

Uyimizda uncha katta bo’lmagan, ammo o’ziga yarasha salmoqli, nodir adabiyotlar jamlangan mo’jazgina kutubxonamiz bor. Tog’amning ijodkor ekanligi va kitoblarini nonday ko’ziga surtib avaylashi bu mening baxtim. Har kuni tog’am uyda yo’qligida kitoblarni yashirincha ko’rib chiqaman va keyingi o’qiydigan kitobimni o’zim uchun tanlab olaman. (Nega yashirincha, chunki tog’am kitoblarini mubolag’a o’rnida aytishim mumkinki, farzandlaridan ham ortiq yaxshi ko’radi. Kitob o’qigan odamni juda yaxshi ko’rib, hurmat qiladiku-ya, ammo kitobiga zarar yetkazgan odamdan juda qattiq ranjiydilar).

Bir kuni qo’limga “Bonu” romani tushib qoldi. Oldin ko’rmagandim, menimcha tog’am endi olib kelgan edilar. (Ochig’ini aytaman, bu kitobni “Zukko kitobxon” tanlovi uchun o’qimadim). Va shunchaki varaqlab chiqmoqchi bo’ldim, o’qiy boshladim. Asarning yozilish uslubi umuman boshqacha, men avvaliga biroz tushunmadim. Boshida kimdir bu asar haqida bergan taqrizi bo’lsa kerak deb o’yladim. Lekin bilsam, bu asar shunaqa yozilgan ekan. Iqbol Mirzo o’sha Bonu bilan telegramda yozishganlarini o’zining yozganlarini tashlab ketib, o’quvchiga faqat Bonu tili bilan aytilgan, Bonu tomonidan yozilgan qisminigina qoldiribdi. Men kitobni besh-o’n betlar o’qib, qanaqadir asar o’qiyotganimni unutdim. Xayolimda eng yaqin dugonam bilan suhbat qurayotganday, Iqbol Mirzo emas, balki o’zim u qiz bilan telegramda yozishayotganday his qildim. Biz chin dildan suhbat qura boshladik.

Bir vaqt, Bonu dadasi va uning qazosi haqida gapira ketdi. Men endi Bonuning o’rnida o’zimni tasavvur qila boshladim, yo’q tasavvur qilmadim, men bolaligimga, o’sha mash’um kunga qayta tushib qoldim. Yetti yoshga ham kirmagan jajji qiz Bonu dadasining, mayitning boshida qanday o’tirib chiqqan bo’lsa, shunday o’tirib chiqqanini, Bonuning ichi yig’lab turgan bo’lsa ham, ko’zidagi yoshlar qanday qotgan bo’lsa, mening ham, yetti yoshli qizning ham ko’zidagi yoshlari shunday qotib qolganini ko’rdim. Bonu aytayotgan odamlar o’rnida o’z yaqinlarimning atrofdagilarning shunchaki odamlar gapirmasliklari uchun yig’laganlarini ko’rdim. Naqadar dahshat, men ham Bonu bilan birga dadamni so’nggi manziliga kuzatdim. Va unsiz yig’lay boshladim. O’zimni yig’idan tiyib turolmadim.

Qarang, men kitobni shunchaki varaqlab chiqaman deb, butun olamni unutib, shu kitob ichiga sho’ng’ib ketibman. Ba’zan o’zimni Bonuning oldida turganday his qilsam, ba’zan dadamning so’nggi daqiqalarida dadam bilan birga bo’lib, yig’lab o’tirsam, jiyanim kelib, qo’ng’iroqdek ovozi bilan meni o’zimga keltirdi:

– Opajon, nima bo’ldi, nega yig’layapsiz? Kim sizni urishdi?

Qarasam kitobim jiqqa ho’l. “Hech kim” deya javob berib, sal o’zimga keldim. “Bo’ldi, o’qimayman, boshqa ishimni qilaman”, deb kitobni javonga, o’z joyiga qo’ydim. Yo’q bo’lmadi, besh minutdan ortiq kutib turolmadim, yana borib kitobni qo’limga oldim. Men allaqachon ushbu kitobning asiriga aylangandim.

Kitobni olib yana o’qiy boshladim. Bonuning bir g’ami ustiga – dunyodagi suyangan tog’idan ayrilgani ustiga – yana bir dard qo’shildi. Ha aytmoqchi, Bonuning boshiga mana shu kunlar tushishiga sababchi bo’lgan Yusuf haqida, u sababli Bonuning nomi yomon otliqqa chiqib qolgani-yu, dadasining buni ko’tara olmay ichkilikka o’zini urib, oxiri narigi dunyoga rixlat qilgani haqida aytishni unutibman. Aslida fojealarning boshlanish nuqtasi ham shu edi-ku. Musulmon olamida har bir erkak zotining or-nomusi uning ahli ayoli: onasi, ayoli, singlisi, qizi ekanligi barchaga ayon. Har qanday manaman degan erkakning ham boshini uning ahli ayoliga otilgan zarra tosh ham egib qo’ya oladi. Bonu ham garchi yomon ish qilmagan bo’lsa ham, uning nomiga otilgan toshlar, etagiga yopishgan loylar dadasining boshini egib qo’ydi…

Xullas, men yana chalg’idim. Bonuning boshiga shuncha g’am ustiga yana bir g’am tushdi. U tuzalmas dardga chalindi. O’zidan ham nomi sovuq bo’lgan bu dard (“Pes”) uni hammadan ajratib qo’ydi. (Asarni kelinoyimga aytib berib, uning oxirida bu darddan qanday tuzalganiga tushuna olmayotganimni, aqlim yetmayotganini aytsam, qattiq qo’rquv va stressga tushgan odamlarda ko’pincha shu holat kuzatilishini aytdi.Bu qanchalik to’g’riligini bilmadim-u, lekin nazarimda bu Bonuga berilgan bir sinov edi va u bu sinovdan o’ta oldi). Eng achinarlisi bu dard uni hayotining butun mazmuniga aylangan “Olmos”idan ayirdi. Yo’q bu kasallik Olmosdan ayirmadi, Olmos o’zi ayrilishni istadi. Chunki Bonuda avvalgi go’zalligi ham, Olmos o’ylaganchalik boylik ham yo’q edi-da. Olmosning tashlab ketganini o’qiy turib, rosa xafa bo’ldim: “nega unaqa qildi, oxirigacha borsa bo’lardi-ku” – deb, chunki men ham Bonu kabi fikrlab, uning Bonuni chindan sevishiga ishongandim axir.

Meni bir holat biroz o’ylantirdi. Nega Bonu Olmosdan ayrilgach xuddi bu dunyoda hamma suyangan, ishongan insonlarini yo’qotganday his qildi o’zini, yashashdan ma’no qolmaganday dunyo ko’ziga qorong’u ko’rindi. Axir uning onasi hali tirik edi-ku. Uning kasalini davolash uchun jon-jahdi bilan kurashgan inson onasimasmidi? Ha, u buni tushundi, bu dunyoda faqat onasi uchungina kerakligini tushundi. Tabiat onalarni shunday yaratgan: farzandi uchun jonini ham ayamaydi ular. Bonuning onasini onajonimga o’xshatdim, men ham biror joyim og’rib, betob bo’lib qolsam o’zini qo’yarga joy topolmay qoladi. Hatto dunyoning narigi chekkasiga bo’lsa ham men uchun shifo izlab borishga tayyor turadi. O’qishda o’qib yurganimda ozgina mazam bo’lmay, tez yordamga tushib qoldim. Onam kechasi soat 2da qishloqdan viloyat shifoxonasiga yetib kelgandi. Xuddi “Gilam paypoq”dagi kabi qishning kuni yalangoyoq edi. Agar men kasal bo’lsam, onaginam baxshiga qoqtirish-u, mullaga o’qitishdan ham tap tortmaydi. Onalarni shunday yaratgan. Bonu uchun ham onasi hech narsasini ayamadi, o’zi holdan toyib borsa ham, qayerdadir shu dardga davo bor ekan deb qulog’iga chalingudek bo’lsa bas, darhol o’sha yerga yetib bordi. Baxshiga qoqtirish, Mullaga o’qitish, qo’y terisiga solib o’qish, qanqadir quduqning shifobaxsh ekanligiga ishonib, o’sha joyda davolanishigacha, qo’lidan kelgan hammasini qildi. Xatto jigarlari bo’la turib, opalari va akasi uning bu dardini ko’tara olmadi. Lekin afsus, bu dardning da’vosi hali topilmagan edi.

Nimagadir Bonuning oilasi va fe’l-atvorida qandaydir o’zimning allaqaysi o’xshashlik tomonlarimni ko’rdim. Menimcha, hamma kitobda ham odamga qaysidir jihati juda yaqin, o’xshash tuyuladi. Xullas, biz ham oilada 5ta qizmiz, lekin o’g’il yo’q. Bilasizmi nima, men ushbu asarni o’qib turib, umrimda birinchi bora akam yoki ukam yo’qligidan xursand bo’ldim, Ollohga shukur qildim. Mirxondga o’xshagan akam bo’lganidan bo’lmagani afzal dedim. Balki, Bonu va mening qarashimiz noto’g’ridir, balki faqat qizlar orasida o’sgani uchun Mirxondda yigitlik g’ururi va yigitlarga xos mardlik, jasurlik yo’qdir. Keyin o’ylab qoldim, bugungi kunda bunaqangi erkaklar ozmi? Har qadamda uchrab turibdi-ku. Bunaqalar qatoriga men Bonuning tog’asi, Jontemir, Olmos va boshqalarni kiritgan bo’lardim.

Insonga sinovlar uning bardoshiga qarab beriladi deyishadi. Bonu shunchalik sabr-bardoshli qiz ekanki, uni Ollohim shuncha sinovlar bilan sinadi. U shuncha tortgan azoblari kamlik qilganday musofirlik azobini ham totib ko’rdi. Lekin har qanday holda ham, ishsiz, uysiz ko’chada qolib ketganida ham, Dilbar uni buzuq yo’lga boshqarganida ham, hatto qahraton qishda, sovuqda muzlab o’lishiga oz qolganda ham u insoniyligini, or-nomusini yo’qotmadi.

Albatta, bu dunyo faqat yomon odamlar bilan to’lgan emas. Yaxshiyamki, Bonuning hayotida Shoira opa, Ikromiddin aka, Bobur, Alisher kabi yaxshi insonlar bor ekan. Shoira opa va Ikromiddin akalarning Bonuga qilgan yaxshiliklarini hech narsa bilan o’lchab bo’lmaydi, lekin men Alisherning yaxshiligi haqida aytib o’tishni joiz deb topdim. Hayhotday katta, begona shaharda bir musulmon odamning boshqa bir muslima ayolga qiladigan yaxshiligi mana shunday bo’lar deb o’ylab qoldim. Alisherning yaxshiligi tufayli Bonu axlat titib yurishdek ishdan qutulib, yaxshi ish topdi. Garchi lo’lilar qo’lida xizmatkorlik qilgan bo’lsa ham, avvalgi hayotidan ming marta afzalroq hayot edi. Lo’lilarnig xizmatini qilib yurishni xohlamasa ham oldingi hayotidan yaxshi ekanligini o’ylab, shukur qila boshladi. Shu yerda men o’zimga bir xulosa chiqardim. Demak, inson hayotda faqat nolib, hammadan xafa bo’lib yashayvermasdan, shukur qilib yashashimiz kerak ekan.

Asarni bir kunda o’qib tugatibman, bu rekord, albatta. Sababi hech qachon bitta kitobni bir kunda o’qib tugatmaganman. Lekin shuni aytishim kerakki, garchi kitobni bir kunda o’qib tugatgan bo’lsam ham uning ta’siridan bir oy chiqolmay yurdim. Yana shuni ham aytib o’tishim kerakki, hayotda hech qachon Olmosdan nafratlanganchalik hech kimdan nafratlanmaganman. U qallob, o’ta ketgan lo’ttivoz… Unga bo’lgan nafratimni ifodalash uchun lug’atimda aynan mos keladigan so’z ham topolmadim, tilim ham ojiz.

Olmos aslida Bonuni hech qachon sevmagan, aksincha, uning soddaligidan, oz bo’lsa-da uning chiroyiga uchgani va boy oilaning qizi deb o’ylaganidan o’zini go’yo Bonuni sevadiganday qilib ko’rsatgan. “Xo’p, uni sevmas ekansan, nega uning sevgisining ustidan kulasan, undan foydalanasan” – deb bo’ynidan olgim kelayapti. Aslida, Yormuhammad ham, Sulton-u Abdusattor ham, Qamariddin ham, “olim”, “fermer”, “tabib”, “advokat”, “bemor” ham mana shu Olmosning o’zi edi. Uning soxta “tabib”ligi ortida Bonu va Bonu kabi ko’plab bemorlarning azob chekishi, terisi yara bo’lib, kunning jaziramasida haddan ortiq qiynalganlari, Bonuning sevgisidan foydalanib, o’zini “bemor” qilib ko’rsatib, uning pullarini rosa shilganlarini, bular ham mayli, Ikromiddinni qamoqdan chiqarib beraman deb, soxta advokatlik qilib, bechora norasida bolalarning pullarini ham shilganlarini shuncha o’ylasam ham hazm qila olmayapman.

Olmos kasal ekan degan joyini o’qiganimda ich-ichimdan xursand edim, bu birovga yomonlik sog’inganimdan emas, “Olloh hech bir yomonlikni javobsiz qoldirmaydi”, deb o’ylaganimdan edi. Afsuski, bu soxta bemorimizda unaqa rak kasalligidan asar ham yo’q, soppa-sog’lom edi. Asar oxirida Bonu Olmosdan aslida kasal emasligini eshitib, Ollohga shukur aytganini o’qib, hayratda qoldim. Nega unaqa ekan, sevgining ko’zi ko’r bo’ladi degani shu bo’lsa kerak-da.

Agar Bonu hali hayot bo’ladigan bo’lsa, unga endigi hayotida omad tilayman, jamiyatdagi mana shunday ahvolni ko’rsatib bergani uchun Iqbol Mirzoga rahmat aytaman. Kitobini ko’z yoshlarim bilan ho’l qilib tashlaganim uchun va o’qib turganim uchun tog’ajonimga ham rahmat. Agar siz bu yozganlarimni erinmay o’qib chiqgan bo’lsangiz, sizga ham alohida rahmat.

Norboyeva Guljahon
Toshkent davlat yuridik universiteti
Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik fakulteti 2-kurs talabasi 

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications