Ish qidirayotgan shaxslarni roʻyxatga olish tartibi qanday?

Oʻzbekiston Respublikasi “Aholi bandligi toʻgʻrisida” 2020-yil 20-oktyabrdagi OʻRQ-642-sonli Qonunning 29-moddasiga asosan, ish qidirayotgan shaxs sifatida roʻyxatga olish:

qishloq joylarda — mahalliy mehnat organining kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektor hududiga, ish qidirayotgan shaxsning yashash joyidagi fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organi hududiga biriktirilgan xodimi tomonidan;

agar ish qidirayotgan shaxs mahalliy mehnat organi joylashgan aholi punkti hududida yashayotgan boʻlsa — ishsiz shaxslarni hisobga olish, ishga joylashtirish va ijtimoiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash sektori xodimi tomonidan amalga oshiriladi.

Ish qidirayotgan shaxslar mahalliy mehnat organi xodimiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

pasportini yoki uning oʻrnini bosuvchi va shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatni;

mehnat daftarchasini yoki mehnat stajini tasdiqlovchi boshqa hujjatni, bundan birinchi marta ish qidirayotgan shaxslar mustasno;

maʼlumoti toʻgʻrisidagi hujjatning aslini yoki uning koʻchirma nusxasini (maʼlumot mavjud boʻlgan taqdirda);

kasbi yoki kasbiy malakasi mavjudligini tasdiqlovchi hujjatni yoki uning koʻchirma nusxasini (kasbi yoki kasbiy malakasi mavjud boʻlgan taqdirda);

ish joyidan oxirgi oʻn ikki oy uchun ish haqi (mehnat daromadi, pul taʼminoti) toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani — ilgari ishlagan shaxslar, shu jumladan jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslar uchun.

Zarur boʻlganda, mahalliy mehnat organi ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan hujjatlarga qoʻshimcha ravishda soʻrovnoma yuborishi, shu jumladan elektron hujjat aylanishidan foydalangan holda yuborishi mumkin:

tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalariga — tavsiya etilayotgan mehnatning xususiyati va sharoitlari toʻgʻrisida xulosa olish uchun (nogironligi boʻlgan shaxslarga nisbatan);

sogʻliqni saqlash muassasalariga — tibbiy xulosalar va boshqa tasdiqlovchi hujjatlarni olish uchun (sogʻligʻining holatiga koʻra mehnat faoliyatida cheklovlar mavjud boʻlgan shaxslarga nisbatan);

jazoni ijro etish muassasalariga — shaxsning jazoni ijro etish muassasasidan ozod etilganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma olish uchun (jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarga nisbatan);

fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlariga — bolalarining tugʻilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomalarning koʻchirma nusxalarini olish uchun (qaramogʻida bolalari boʻlgan shaxslarga nisbatan);

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimlariga — boqimandalar mavjudligi hamda qonun hujjatlarida belgilangan nafaqa va pensiyalarni olmayotganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma olish uchun (bolalaridan tashqari boshqa boqimandalari boʻlgan shaxslarga nisbatan).

Zarur boʻlganda, mahalliy mehnat organi murojaat etgan shaxs haqiqatan fermer (dehqon) xoʻjaligi aʼzosi ekanligi toʻgʻrisida Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashidan axborot soʻrab olishi mumkin.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications