Jayron – Muhammad Yusuf

Qon yig’latdi qaysi bag’ritosh,
Jayron, nega ko’zing to’la yosh?
Oyog’ingga qo’yib yotay bosh,
Jayron, nega ko’zing to’la yosh?..

Yurak qoning to’kilgan so’qmoq
Bag’ri alvon lolaqizg’aldoq,
Senga toshlar otdi qay gumroh,
Jayron, nega ko’zing to’la yosh?..

Zor yig’lading buncha ham hayhot,
Menda ham bor sendagi sayyod…
Ey beozor, ey mo’min jonzot,
Jayron, nega ko’zing to’la yosh?..

Bu dunyoning nokaslari bor,
Ezgulikni ko’rolmaydilar.
Meni ham qon qildilar ular,
Jayron, nega ko’zing to’la yosh?..

Labim bilan yarang silayman,
Senga dardi shifo tilayman,
Kel, tug’ishgan og’ang bo’lay man,
Jayron, nega ko’zing to’la yosh?..

Bizni telegramda kuzatib boring

@civil_uz

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications